Qirg‘izistonda yana bir ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani aytilmoqda

Surat manbasi, Şaxsiy
Qirg‘izistonning birinchi xonimi oilaviy zo‘ravonlik jiddiy muammoga aylangani haqida bayonot berganidan bir kun o‘tib, mamlakat janubida 24 yoshli ayolning jasadi topildi.
O‘zbekiston bilan chegaradagi Botken viloyatida uch nafar farzandning onasi Dilfuza Saynazarova vafot etgan. Uning jasadi daladan topilgan.
Yaqinlari bu holatni oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘lamoqda. Militsiya marhumaning turmush o‘rtog‘ini gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olgan.
Yaqinlarining aytishicha, Dilfuza 18 yoshida turmush qurgan va keyingi yillarda turmush o‘rtog‘i hamda uning qarindoshlari tomonidan bosim ostida yashagan. Ular kuyovning rashk sababli Dilfuza hamshiralik ishini tashlashga majbur bo‘lganini ham da’vo qilmoqda.
Oila a’zolariga ko‘ra, voqeadan ikki kun oldin Dilfuza ota-onasining uyiga qaytib kelib, ajrashish istagini bildirgan. Ammo qaynotasi kelishmovchiliklar hal qilinishiga va’da bergach, u yana turmush o‘rtog‘ining oldiga qaytgan.
Marhumaning onasi qizining qaynonasidan qo‘rqqani va telefonda ham erkin gaplasha olmaganini BBC jurnalistiga aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oradan bir kun o‘tib, oila a’zolariga Dilfuzaning jasadi daladan topilgani haqida xabar berilgan.
"O‘g‘lim singlisini olib ketish uchun borib, qizimning jasadini daladan topibdi. Yuz-ko‘zi shishib ketgan, tanasida kaltaklangan izlar bor edi, og‘zi yorilgan, peshonasi jarohatlangan edi. Bo‘ynida bo‘g‘ish izlari ham bor ekan. Biz uni darhol shifoxonaga olib bordik. Shifokorlar qizimiz vafot etganini aytishdi", dedi marhumaning onasi Sharofat Saynazarova.
Biroq bu da’volarni hozircha mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi. BBC ikkinchi tomonning fikrini eshitishga tayyor.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
Oilaviy zo‘ravonlik muammosi
Bu voqea Qirg‘izistonda oilaviy zo‘ravonlik mavzusini yana kun tartibiga olib chiqdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 2026 yilning yanvar-avgust oylarida 18 ming 862 ta oilaviy zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga ko‘p.
Dilfuzaning o‘limidan bir kun oldin Qirg‘izistonning birinchi xonimi Aygul Japarova jamiyatni oilaviy zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaslikka va jabrlangan ayollar hamda bolalarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishga chaqirgandi.
U 30 oktyabrda Anqarada o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha Oliy kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, oilaviy zo‘ravonlik ko‘p hollarda oshkor qilinmay, yashirin qolib ketishini jiddiy muammo sifatida baholagan.

Surat manbasi, Şaxsiy
Japarovaning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayol va qizlarga huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek davlat idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish muhim.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda joriy yilning sakkiz oyida oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda 26 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.






























