Boylar ko‘proq soliq to‘lasinmi? To‘qaev nima dedi, O‘zbekistonda-chi?

Qosim-Jo‘mart To‘qaev katta boylik egalari uchun soliq stavkasini oshirishni muhokama qilishga chaqirdi. Surat 2026 yil 29 sentyabrda Berlinda olingan.
Surat tagso‘zi, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev katta boylik egalari uchun soliq stavkasini oshirishni muhokama qilishga chaqirdi
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev katta boylik egalari uchun soliq stavkasini oshirishni muhokama qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, har bir fuqaro mamlakat rivojiga o‘z imkoniyatiga mutanosib hissa qo‘shishi kerak.

Xususiy Kursiv.media nashrining xabar berishicha, To‘qaev bu taklifni 28 oktyabrda parlamentda xalqqa yo‘llagan murojaatida bildirgan.

"Menimcha, katta boylik egalari uchun yuqoriroq soliq stavkasini joriy etishni muhokama qilish vaqti keldi", degan u.

Prezident bu taklif qonuniy orttirilgan mol-mulkka cheklov qo‘yishni anglatmasligini ta’kidlagan.

"Bunday cheklov Konstitutsiyaning o‘ziga zid bo‘lardi. Gap har bir fuqaroning mamlakatimiz rivojiga adolatli va o‘z imkoniyatiga mutanosib hissa qo‘shishi haqida ketmoqda. Bu - adolat masalasi", degan To‘qaev.

U hukumat va parlament - Qurultoy bu masalani o‘rganib, takliflar taqdim etishi kerakligini aytgan. Kursiv.media xabarida taklif etilayotgan stavkaning miqdori va boylikni hisoblash tartibi keltirilmagan.

Qosim-Jömart Töqayev
Qozoğiston prezidenti
EPA/Shutterstock
Menimça, katta boylik egalari uçun yuqoriroq soliq stavkasini joriy etişni muhokama qiliş vaqti keldi...
Qosim-Jömart Töqayev
Qozoğiston prezidenti (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da)

Qozog‘istonda hozir qanday tartib bor?

Qozog‘istonda hozircha boylik uchun alohida soliq yo‘q. Ammo 2026 yildan ayrim qimmatbaho mol-mulk turlari uchun yuqoriroq soliqlar va aktsiz to‘lovlari joriy etilgan, deb yozadi Kursiv.media.

Bir kishiga tegishli ko‘chmas mulkning soliq uchun belgilangan jami qiymati 450 million tengedan oshsa, soliq ikki qismdan hisoblanadi: 2 million 946 ming 600 tengega qo‘shimcha ravishda, 450 milliondan oshgan qismning 2 foizi olinadi. Hisobda bozor narxi emas, soliq uchun belgilangan baho qo‘llanadi.

Qiymati kamida 77,85 million tenge bo‘lgan yengil avtomobillar, shuningdek, kamida 103,8 million tengelik yaxta va havo kemalari uchun xarid qiymatining 10 foizi miqdorida aktsiz belgilangan.

Bu yildan jismoniy shaxslarning daromadiga soliq solishda progressiv shkala ham joriy etilgan. Asosiy tartibga ko‘ra, yillik soliq solinadigan daromadning qariyb 36,8 million tengegacha bo‘lgan qismiga 10 foiz, shu chegaradan oshgan qismiga esa 15 foizlik stavka qo‘llanadi. Ya’ni yuqori stavka butun daromadga tatbiq etilmaydi. Ayrim daromad turlari uchun alohida qoidalar bor.

Daromad solig‘i bilan boylikka soliq bir xil emas. Birinchisi odamning topgan daromadidan olinadi. Ikkinchisi esa unga tegishli mol-mulk va boshqa aktivlar qiymatiga bog‘liq.

Forbes.kz nashrining 2026 yil mayda e’lon qilgan reytingidagi 75 ishtirokchining jami boyligi 60,84 milliard dollar deb baholangan. Ro‘yxatda tadbirkorlar bilan birga ayrim oilalar ham bor.

O‘zbekistonda boylar qanday soliq to‘laydi?

Shahrisabzda gilam to‘qiyotgan ayollar
Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda ko‘p va kam maosh oluvchilarning ish haqiga bir xil asosiy soliq stavkasi qo‘llanadi.

O‘zbekistonda ish haqiga qo‘llanadigan asosiy daromad solig‘i stavkasi 12 foizni tashkil etadi. Maosh oshishi bilan stavka oshmaydi. Ayrim toifadagi soliq to‘lovchilar uchun imtiyozlar belgilangan.

Masalan, imtiyoz va chegirmalar qo‘llanmasa, oyligi 3 million so‘m bo‘lgan kishi 360 ming so‘m, 30 million so‘m bo‘lgan kishi esa 3,6 million so‘m daromad solig‘i to‘laydi. Summa farq qilsa-da, har ikkisidan maoshining bir xil ulushi olinadi.

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulova BBC O‘zbek bilan suhbatida yuqori va kam daromadli aholiga bir xil soliq stavkasi qo‘llanishini tanqid qilgandi. Uning fikricha, bunday tartibdan eng kam ta’minlangan qatlam yutqizgan.

Ish haqiga qo‘llanadigan asosiy 12 foizlik stavka hozir ham saqlanib qolgan.

Shahrisabz ko‘chalaridan biri
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘zbekistondagi ismini oshkor qilishni istamagan yana bir iqtisodchi Qozog‘iston prezidentining tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini va O‘zbekistonda ham shunday tartib joriy etilishini istashini bildirdi. U, ayniqsa, katta mol-mulk va yer maydonlari uchun soliqni oshirish tarafdori ekanini aytdi.

Iqtisodchining fikricha, ayrim mulk egalari ijaradan oladigan daromadiga nisbatan juda kam mol-mulk va yer solig‘i to‘laydi. U ayrim binolarning hujjatlardagi qiymati haqiqiy qiymatidan ancha pastligini aytib, mulkni baholash va soliqni hisoblashda shaffoflikni oshirish zarurligini ta’kidladi.

Biroq u soliq oshishi bilan bog‘liq xarajatlar oddiy odamlar zimmasiga ham tushishi mumkinligidan ogohlantirdi. Masalan, bino egasi qo‘shimcha soliqni qoplash uchun ijara haqini ko‘tarsa, unda ishlayotgan klinika ham xizmatlarini qimmatlashtirishi mumkin. Natijada xarajatning bir qismi bemorlar zimmasiga tushishi ehtimol bor.

Shuning uchun, iqtisodchining fikricha, bunday tartibni joriy etishda kam ta’minlangan aholiga ehtimoliy ta’sirini ham hisobga olish zarur.