O‘zbekistonda shakar importiga kvota kiritish bo‘yicha yopiq qaror tanqid qilinmoqda. Undan kim zarar va kim foyda ko‘radi?

Chorsu bozori
Surat tagso‘zi, Qaror xaridorlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekistondagi qator saytlar xabar qilishicha, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan mamlakatda shakar importiga kvota joriy etish va mahalliy zavodlarga soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda. Bu hujjat Lex.uz'da yo‘q, lekin Spot.uz va Gazeta.uz nashrlari qarorning nusxasi ularning ixtiyorida bor ekanini aytgan.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 iyuldagi «Mahalliy shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va shakar bozorini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 417-son qarori «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) grifi ostida jamoatchilik uchun yopiq ekanligi aytilmoqda.

Ushbu qaror tahlilchilarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumat u haqida jamoatchilikka xabar yo izoh bermadi.

Qarorga binoan, 2027 yildan oq shakar importining yillik kvotasi 300 ming tonna qilib belgilanadi. Shundan ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun 100 ming tonnadan ajratiladi.

Shuningdek, nashrlar xabar qilishicha, davlat tashkilotlari va korxonalari oq shakar xarid qilishda o‘z ehtiyojlarini birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisobidan qondirishi kerak bo‘ladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berilishi ham nazarda tutilgan. Xususan, qarorda mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning O‘zsanoatqurilishbank oldidagi mavjud kredit qarzlarini to‘lash muddatini besh yilgacha uzaytirish, imtiyozli davrni esa ikki yilgacha belgilash aytilgani xabar qilindi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Kreditlarni qaytarish jadvallari shartlari va foiz stavkalari ham bankning amaldagi tarif stavkalari asosida qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Hamda, kelgusi besh yilda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi xomashyo importi bilan bog‘liq xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizini, biroq 5 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorini qoplab berishi nazarda tutilgan.

Qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingani aytildi.
Surat tagso‘zi, Qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingani aytildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga esa bir oy muddatda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini tayyorlash topshirilgan. Mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarni foyda solig‘idan ozod qilish va mol-mulk solig‘i stavkasini 2031 yil 1 yanvargacha 50 foiz miqdorida belgilash taklif etilayotgani xabar qilindi.

"Qaror bekor qilinishi kerak" - tanqidchilar fikri

Qator sharhlovchilar hukumatning bu qarori ma’lum doiralarni boyitish maqsadida qilinayotganiga ishora qildilar. Bi-bi-sida bu qarordan aynan kim foyda ko‘rishi mumkinligi bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning yozishicha, hukumat bu qarori bilan

- raqobatni yo‘q qilmoqda;

- monopoliyalar va korruptsiya orqali boyish manbalarini yaratmoqda;

- soliq to‘lovchilar va xaridorlar cho‘ntagidan amaldorlarning korruptsion daromadlari hamda ularga yaqin tadbirkorlarning foydasini moliyalashtirmoqda;

- iqtisodiyot va biznes zimmasidagi soliq, qarz va ma’muriy yukni kamaytirish o‘rniga uni saqlab qolmoqda, hatto oshirmoqda. Bu esa ularning raqobatbardoshligini yo‘q qilmoqda.

Yuliy Yusupov korruptsion sxemalarga ishora qiladi.
Surat tagso‘zi, Yuliy Yusupov korruptsion sxemalarga ishora qiladi.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Nega hujjatga XDFU grifi qo‘yilgan? Aftidan, uning mualliflari «unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan ish» qilayotganlarini tushunishadi va jamoatchilik bundan xabar topishini istashmaydi", - deb yozadi Yusupov.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijdan keltiriladigan tovarlarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mahalliy korxonalarni xorijiy raqobatdan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy siyosat, ya’ni 1996 yildan beri amalga oshirilayotgan "import o‘rnini bosish" siyosati o‘zini shu qadar obro‘sizlantirdiki, endi uni amalga oshirishni yashirishga to‘g‘ri kelmoqda.

Yuliy Yusupov bu siyosat quyidagicha ishlashini da’vo qiladi:

"- Amaldorlar o‘zlariga yaqin, imtiyozlardan foydalanuvchi biznesmenlar bilan birgalikda (ular ko‘pincha o‘sha amaldorlarning nomidan ish yurituvchi soxta egalar bo‘ladi) biror narsani ishlab chiqarish bo‘yicha «biznes loyiha» o‘ylab topishadi. Nima ishlab chiqarishning ahamiyati yo‘q: avtomobil, changyutkich, ip-kalava, saqich, shakar...

- Keyin bu loyiha «milliy taraqqiyot», «mahalliylashtirish» (import o‘rnini bosish), «eksportga yo‘naltirish» (garchi hamma hech qanday eksport bo‘lmasligini tushunsa ham) kabi davlat dasturlaridan biriga kiritiladi. Loyiha uchun turli imtiyozlar — soliq, bojxona, kredit, konvertatsiya (1996–2017 yillarda) imtiyozlari va boshqalar undirib olinadi. Shuningdek, davlat va yarim davlat jamg‘armalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dotatsiyalar va subsidiyalar ajratiladi.

Bundan tashqari, import mahsulotlariga turli bojxona to‘lovlari (bojlar, import aktsizlari, avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi va boshqalar) solinadi. Import uchun boshqa to‘siqlar ham joriy etiladi: sertifikatlash, turli ruxsatnomalar, ekologik talablar va hokazo. Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga majburiy ustuvorlik beriladi.

- Imtiyozlar va dotatsiyalar tufayli loyiha ishga tushadi va ma’lum vaqt ishlaydi.

- Imtiyozlar muddati tugagach, «mahalliy ishlab chiqaruvchilar» raqobatga bardosh bera olmasligi, «mahalliy ishlab chiqarish» esa ko‘pincha import qilingan butlovchi qismlarni yig‘ishdan iborat ekani ma’lum bo‘ladi.

Shunda zudlik bilan «mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash» bo‘yicha navbatdagi choralar qabul qilinadi. Eski imtiyozlar uzaytiriladi va/yoki yangilari beriladi, import yo‘lidagi to‘siqlar kuchaytiriladi va hokazo.

Shakar sanoati bunday byurokratik aylanma jarayonlarning yaqqol misolidir.

Aynan mana shu illatli siyosat qashshoqligimiz, iqtisodiy samarasizlik va ulkan korruptsiyaning asosiy sababidir."

Kusherbaev iste’molchilarga ortadigan yukdan xavotir bildirdi.
Surat tagso‘zi, Kusherbaev iste’molchilarga ortadigan yukdan xavotir bildirdi.

Tahlilchi Rasul Kusherbaev esa: "mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari kimning zimmasiga tushadi", - deya savol qo‘ydi.

«Shakar oziq-ovqat sanoatining asosiy xomashyolaridan biri. Import cheklansa, mahalliy zavodlar esa ichki talabni raqobatbardosh narxlarda to‘liq qondira olmasa, ichimliklar, shirinliklar va boshqa mahsulotlar tannarxi oshishi mumkin. Bu esa oxir-oqibat iste’molchi cho‘ntagiga ta’sir qilishi ehtimolini yuzaga keltiradi», - deb yozdi u o‘z Telegram kanalida.

Unga ko‘ra, agar maqsad mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘lsa, natija faqat zavodlarning moliyaviy ahvoli bilan emas, balki shakar narxi, mahsulot sifati, bozordagi raqobat va iste’molchilar manfaati bilan ham o‘lchanishi kerak.

«Ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish muhim. Ammo bu jarayonda boshqa korxonalar va oddiy xaridorlar manfaatlari ham chetda qolmasligi lozim. Bir vaqtlar "Angren shakar" zavodini monopoliyaga aylantirishga urinishlar bo‘lgandi. Ishqilib yana shunday stsenariya bo‘lmasin-da" – deydi Kusherbaev.

Otabek Bakirov qaror davlat byudjetiga qancha zarar keltirishi bo‘yicha o‘z hisob-kitoblarini taqdim qildi.
Surat tagso‘zi, Otabek Bakirov qaror davlat byudjetiga qancha zarar keltirishi bo‘yicha o‘z hisob-kitoblarini taqdim qildi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirovga ko‘ra esa, "normal davlatda bunaqa zararkunanda yopiq qarorlar oshkor bo‘lib qolgach", Qonunchilik palatasi va Senat, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi jim turmasdi.

«Aytishlaricha, shakar importini kvotalashga ayrim sog‘ minoralar oxirigacha qarshi turishgan, lekin tor cho‘ntaklarning manfaatlari yakunda baribir ustun kelgan. Eng achinarlisi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat manfaatlariga ziyon yetkazilishini bila turib ham bu yopiq qarorni qabul qilishdan tiyilishmagan", - deb yozadi u.

Bakirov bu qaror tufayli davlat g‘aznasi qanday zarar ko‘rishi bo‘yicha o‘z hisob-kitoblarini taqdim qildi.

«Masalan, kvotalash cheklovidan keyin import yillik hisobda o‘rtacha 500 ming tonnaga ma’muriy qisqartiriladi va shakarning tonnasi 650 dollardan hisob qilinsa ham, davlat byudjeti import bojidan 65 mln.dollar yoki o‘rtacha 770 mlrd.so‘m yo‘qotadi.

Bu yo‘qotish hammasi emas. Suvchilar, qandolatchilar va boshqa ishlab chiqaruvchilarga narx oshishi tufayli yetkaziladigan zarardan (tabiiyki, soliq tushumlarining qisqarishi ham) tashqari, davlat yana:

Zararkunanda "mahalliylashtiruvchi" shakarchilarning kreditlari muddatini uzaytirib ziyon ko‘radi (O‘zsanoatqurilishbank timsolida), buning hisobini hech kim olgani yo‘q.

Zararkunanda "mahalliylashtiruvchi" shakarchilarning kreditlari uchun foiz to‘lovlarini yarmini qoplab ziyon ko‘radi (Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi timsolida), buning hisobini hech kim olganiyo‘q.

Zararkunanda "mahalliylashtiruvchi" shakarchilar uchun foyda solig‘ini bekor qilib, mulk solig‘ini ikki karra kamaytirib, byudjet yo‘qotishlarga uchraydi, buning hisobiniyam hech kim olgani yo‘q.

"Mahalliylashtiruvchi" shakarchi to‘daning cho‘ntagiga qanaqadir pul oqimlarini burib yuborish uchun, davlatga, iqtisodiyotga — biznesga, iste’molchilarga trillionlab (dollarda yuzmillionlab) ziyon keltirish va uyatli yopiq qarorni qabul qilish zaruriyatini izohlay olishmasa, asoslay olishmasa, demak bu qaror bekor qilinishi kerak.»