"Bizni o‘limga yuborishyapti": Rossiya mahbuslardan urushda qanday foydalanmoqda?

Sankt-Peterburgda migrantlar hujjatlarini tekshirish reydi paytida huquq-tartibot xodimlari bozordan chiqish yo‘lini to‘sib turibdi. 16 oktyabr, 2026 yil.
Surat tagso‘zi, Sankt-Peterburgda migrantlar hujjatlarini tekshirish reydi. 16 oktyabr, 2026 yil. Surat maqolada tilga olingan koloniyadagi voqealarga aloqador emas.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiyaning Volgograd shahridagi koloniyalardan birida jazo o‘tayotgan ikki mahbus qariyb 60 tojikistonlik Ukrainadagi urushga jo‘natish uchun Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majburlanayotganini aytgan.

Ular Tojikiston rasmiylaridan jazoning qolgan qismini vatanlarida o‘tash uchun yordam so‘ramoqda.

Asia-Plus nashrining "Ozodi" radiosiga tayanib xabar berishicha, 29 oktyabr kuni tahririyat bilan bog‘langan mahbuslar koloniyada markaziy osiyolik qariyb 150 kishi bosim ostida ekanini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, shulardan 60 ga yaqini Tojikiston fuqarolari.

Radio suhbatdoshlarining xavfsizligini ko‘zlab, ularning ismlarini oshkor qilmagan.

Mahbuslarning aytishicha, ular katta qiyinchilik bilan mobil telefon topib, Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan ham bog‘langan.

"Bizni uyga qaytarishlarini istaymiz. Jazoni Tojikistonda o‘tashga rozimiz. Hatto Rog‘un GESi qurilishida bepul ishlashga ham tayyormiz. Bu yerda hammamizni o‘limga yuborishyapti", degan ulardan biri.

Suhbatdoshlarning da’vosicha, so‘nggi bir yilda shu koloniyadan markaziy osiyolik 100 dan ortiq mahbus, jumladan, qariyb 40 tojikistonlik Ukrainadagi urushga jo‘natilgan.

"Bilishimizcha, ulardan hech kim tirik qolmagan", degan mahbuslar.

Ularning bosim o‘tkazilayotgani, urushga jo‘natilganlar soni va taqdiri haqidagi gaplarini mustaqil tasdiqlovchi ma’lumotlar xabarda keltirilmagan.

"Ozodi" jurnalistlari 30 oktyabr kuni Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi bilan bog‘lanishga uringan, ammo qo‘ng‘iroqlariga javob ololmagan.

Asia-Plus xabarida koloniya ma’muriyatining munosabati ham keltirilmagan.

Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Donetsk viloyati Avdeyevka şahrida uruşda vayron bölgan köp qavatli turarjoy binolari. 19 aprel, 2025 yil.
REUTERS/Alexander Ermochenko
Ular oylab piyodalarning qolganini Ukraina istehkomlariga qarşi hujumga yuborib, qirib bitirişmoqda.
Andrey Morozov
Rossiyalik harbiy va bloger ("Murz").

Sobiq mahbuslardan janglarda qanday foydalanilgani BBC Rus xizmatining 30 oktyabrda e’lon qilingan tahlilida yoritilgan. Unda "Vagner" asosan sobiq mahbuslardan tuzilgan kichik piyoda guruhlarni Ukraina kuchlarining mustahkamlangan pozitsiyalariga yuborgani bayon qilinadi.

Ukraina harbiylari o‘t ochgach, ularning o‘q otish nuqtalari aniqlangan va artilleriya bilan nishonga olingan. Tahlilga ko‘ra, katta yo‘qotishlarga olib kelgan bu usul keyinchalik Rossiya armiyasining piyoda bo‘linmalarida ham qo‘llana boshlagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yo‘qotishlar qanday to‘ldirilmoqda?

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

BBC Rus xizmati tahliliga ko‘ra, Baxmut uchun oylab davom etgan janglarda "Vagner" asosan sobiq mahbuslardan tuzilgan kichik piyoda guruhlarni hujumga yuborish taktikasini sinab ko‘rgan.

Bu guruhlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina kuchlarining mustahkamlangan pozitsiyalariga yuborilgan. Maqsad Ukraina harbiylarini o‘t ochishga majbur qilib, ularning o‘q otish nuqtalarini aniqlash bo‘lgan. Keyin aniqlangan nuqtalarga artilleriyadan zarba berilgan.

Bu taktika ko‘plab jangchilarning halok bo‘lishiga olib kelgan. Ayni paytda u Rossiya kuchlarining oldinga siljishi va Ukraina armiyasini holdan toydirishida samarali bo‘lgan.

Keyinchalik Rossiya armiyasining piyoda bo‘linmalari ham shu usulni qo‘llay boshlagan. Safdagi yo‘qotishlar o‘rni esa shartnoma asosida xizmatga jalb qilingan yangi ko‘ngillilar bilan to‘ldirilgan.

Avdeevka uchun qonli va uzoq davom etgan janglarda piyodalardan foydalanish usullarini hatto Rossiyaning Ukrainaga bosqini tarafdorlari ham tanqid qilgan.

"Murz" nomi bilan tanilgan rossiyalik harbiy va bloger Andrey Morozov qo‘mondonlikni keskin tanqid qilgan. Uning yozishicha, snaryadlar tugagach, qo‘mondonlar mudofaaga o‘tish, askarlarni tayyorlash va texnikani raqamli aloqa vositalari bilan jihozlash o‘rniga, qolgan piyodalarni oylab Ukraina istehkomlariga qarshi hujumga yuborishda davom etgan.

BBC Rus xizmati, "Mediazona" va ko‘ngillilar ochiq manbalar asosida halok bo‘lgan Rossiya harbiylarining ismlarini aniqlab kelmoqda. Ular tuzgan ro‘yxatda tasdiqlangan o‘limlar soni bo‘yicha dastlabki besh o‘rinda motoo‘qchi brigadalar turadi. Ularning barchasi Avdeevka janglarida qatnashgan.

Ushbu besh brigadada jami 15 312 harbiyning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Bu faqat Avdeevkadagi emas, butun urush davomidagi ko‘rsatkichdir. Har bir o‘lim ham ochiq manbalarda qayd etilmagani sababli, haqiqiy raqam bundan yuqori bo‘lishi mumkin.