Xitoyda rekord ko‘lamdagi siyosiy tozalashlar: Si Szinpin "partiya intizomi"ga urg‘u bermoqda

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Kelli Ng
- Author, Ien Tang
- Role, BBC Yangiliklar bo‘limi
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Xitoy Kommunistik partiyasining yillik muhim siyosiy yig‘ini yakunida rekord sondagi - 33 nafar a’zo partiya safidan chiqarildi. Yig‘inda bo‘sh qolgan o‘rinlar soni ham har qachongidan ko‘p bo‘ldi.
Markaziy qo‘mitaning beshinchi plenumida 279 nafar a’zo ishtirok etdi. 2025 yil oktyabrdagi to‘rtinchi plenumda 315 nafar, 2024 yil iyuldagi uchinchi plenumda esa 364 nafar a’zo qatnashgandi.
So‘nggi plenumlarda asosiy e’tibor iqtisodiy islohotlar yoki ijtimoiy soha va rivojlanish masalalariga qaratilgan bo‘lsa, bu haftagi yig‘inda partiya intizomi asosiy mavzu bo‘ldi.
Si Szinpin 2012 yilda hokimiyatga kelganidan beri korruptsiyaga qarshi kurashni o‘z boshqaruvining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. U korruptsiyani partiya uchun "eng katta tahdid" deb atagan.
Partiyaning intizom komissiyasi vakili Chjan Fuxay juma kuni matbuot brifingida aytishicha, o‘shandan beri ikki milliondan ortiq kishi "behuda rasmiyatchilik, byurokratiyabozlik, maishatparastlik va isrofgarchilik" bilan bog‘liq holatlar uchun intizomiy jazoga tortilgan.
U, shuningdek, amaldorlar "korruptsiyaga qo‘l urishga jur’at etmasligi, bunga imkoni bo‘lmasligi va o‘zlari ham buni istamasligi" uchun partiya sa’y-harakatlarini kuchaytirishini aytdi.
Korruptsiyaga qarshi kurash doirasidagi tozalashlar davom etmoqda
Pekindagi mehmonxonada to‘rt kun davomida yopiq eshiklar ortida o‘tgan yig‘in payshanba kuni yakunlandi. Shu kuni e’lon qilingan yakuniy bayonotga ko‘ra, partiyadan chiqarilgan 33 nafar a’zoning 16 nafari harbiylardir.
Ularga "intizom va qonunni jiddiy buzish"dan tashqari qanday aniq ayblovlar qo‘yilgani noma’lum. Si Szinpinning korruptsiyaga qarshi kampaniyasida bunday umumiy ayblovlar odatiy holga aylangan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Carnegie China tahlil markazi bilan hamkorlik qiluvchi tadqiqotchi Chong Ja Ianning aytishicha, bu kampaniya endi "hokimiyatni mustahkamlash va saqlab qolishga qaratilgan harakat"ga aylangan.
"Bunday sharoitda kampaniya korruptsiya bilan bog‘liq real muammolarga emas, Si o‘z hokimiyatini qanchalik mustahkam deb bilishiga qarab davom etadi va kengayadi".
Partiya o‘z bayonotida ayrim hollarda uning rahbarlik roli zaiflashgani yoki faqat nomiga saqlanib qolganini ochiq tan olganini bildirdi.
Shuningdek, tartibsizlikni jilovlash uchun o‘z saflaridagi muammolarga qarshi keskin choralar ko‘rib, ichki intizom va nazoratni kuchaytirishda davom etishini aytdi.
So‘nggi qarorlar bilan Si Szinpinning uchinchi rahbarlik muddatida partiyadan chiqarilgan Markaziy qo‘mita a’zolarining umumiy soni rekord darajaga - 51 nafarga yetdi. Uning birinchi muddatida 35 nafar, ikkinchi muddatida esa besh nafar a’zo partiyadan chiqarilgandi.
Butun partiya tizimida esa joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 680 ming kishi intizomiy jazoga tortilgan. Bu haqda Xitoyning korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bosh nazorat idorasi ma’lum qildi.
Si Szinpinning 14 yillik rahbarligi davrida ilk bor plenumda qatnashganlar soni 300 nafardan kam bo‘ldi. Markaziy qo‘mitaning hozirgi tarkibi 2022 yilda ish boshlaganida 370 nafardan ortiq a’zoga ega edi.
Kuzatuvchilarning fikricha, Si korruptsiya deganda faqat poraxo‘rlikni emas, partiya mafkurasidan og‘ishni va, eng muhimi, sadoqatsizlikni ham tushunadi.
Yanvar oyida u siyosiy sadoqatini tilda bildirib, amalda buyruqlarga bo‘ysunmaydigan va shaxsiy manfaatini ko‘zlab ish tutadigan "ikkiyuzlamachi kadrlar"dan ogohlantirgandi.

Surat manbasi, Getty Images
Qaysi yuqori martabali amaldorlar chetlatildi?
Partiyadan chiqarilgan yuqori martabali amaldorlar orasida Shinjondagi partiya tashkilotining sobiq rahbari Ma Sinjuy hamda armiyaning sobiq yuqori martabali qo‘mondonlari Chjan Yusya va Lyu Chjenli bor. Ularning chetlatilgani haqida bu yil e’lon qilingan rasmiy bayonotlarda ular "partiya intizomi va qoidalarini jiddiy buzgani" aytilgan. Bu ibora keng talqinga ko‘ra korruptsiyani pardalab ifodalash uchun ishlatiladi.
Ayniqsa, armiyaning oliy qo‘mondonlik tarkibidagi tozalashlar ko‘lami bilan ajralib turadi. Asia Society Policy Institute tahlil markazi tadqiqotchilari Nil Tomas, Lobsang Sering va Shenyuy Vang bu tozalashlarni "boshqalari bilan qiyoslab bo‘lmaydigan" darajada deb ta’riflagan.
"Xitoy yangi va qudratli harbiy texnikasini namoyish etishda davom etayotgan bo‘lsa-da, bu holat armiya boshqaruvi va jangovar tayyorgarligi borasida jiddiy savollar tug‘dirmoqda", deb yozgan ular.
Chjan Yusya qurolli kuchlarni boshqaruvchi Markaziy harbiy kengash raisining o‘rinbosari ham bo‘lgan. Bir vaqtlar yetti a’zodan iborat bo‘lgan bu kengashda endi faqat ikki kishi - rais Si Szinpin va uning o‘rinbosari Chjan Shenmin qolgan.
Ma Sinjuy va Chjan Yusya Siyosiy byuro a’zolari ham bo‘lgan. Ularning chetlatilishi, shuningdek, general Xe Veydunning 2025 yilda bu organdan chiqarilishi natijasida katta vakolatlarga ega 24 kishilik Siyosiy byuroda bir payt 21 nafar a’zo qolgandi.
Beshinchi plenumda Chjan Shenmin Siyosiy byuro a’zoligiga ko‘tarilgach, uning a’zolari soni 22 nafarga yetdi.
O‘tgan yil iyulida omma oldida ko‘rinmay qo‘ygan taniqli sobiq diplomat Lyu Szyanchao ham chetlatilganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
"Si o‘zi yuqori lavozimlarga ko‘targan odamlarni chetlatishdan ham deyarli tortinmaydi", deydi Chong. "Uning bu ishni o‘z xohishiga ko‘ra, deyarli qarshilikka uchramay amalga oshirishi hozir hokimiyati qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatadi".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Si Szinpinning kelgusi rejalari
Tahlilchilarning fikricha, intizomga urg‘u kuchayganining sabablaridan biri - kelasi yili o‘tadigan partiya s’ezdi. Ko‘pchilik bu yerda intizom deganda sadoqat nazarda tutilayotganini aytmoqda. S’ezdda Kommunistik partiya rahbarini saylash uchun yana ovoz beriladi.
2027 yilda rahbariyat tarkibi yangilanishi kutilmoqda. Ko‘plab tahlilchilar Si to‘rtinchi muddatga ham oliy rahbarlik lavozimida qolishini va undan keyin ham hokimiyatni saqlab turishini taxmin qilmoqda. Kommunistik Xitoy asoschisi Mao Szedundan boshqa hech bir rahbar hokimiyatda bunchalik uzoq qolmagan.
Nil Tomasning aytishicha, hozirgi Markaziy qo‘mitaning ko‘plab a’zolari chetlatilgani Sini "keyingi tarkibga kiruvchilarni sinchiklab tekshirishga" undaydi.
"Bugun yuqori lavozimlarga ko‘tarilayotganlar odatda nisbatan yosh, texnik yoki iqtisodiy sohalarda mutaxassislik va boshqaruv tajribasiga ega hamda Sining siyosiy doiralari bilan bog‘langan kishilardir", deydi u. Tomasning qo‘shimcha qilishicha, kelajakda yuqori rahbarlikka ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan bunday amaldorlarni viloyat rahbarlari orasidan izlash mumkin.
Kuzatuvchilarning fikricha, partiyaning 21-s’ezdida kimlar rahbarlikka kelishi asosan Siga bog‘liq bo‘ladi. Bu uning partiya va mamlakat ustidan nazoratini yanada mustahkamlaydi.
"Si hokimiyatni o‘z qo‘lida yanada ko‘proq jamlashga e’tibor qaratmoqda... Plenumning yakuniy bayonoti uning yaqin kelajakda ham Xitoy va Kommunistik partiyada asosiy o‘rinni egallab turish niyatida ekanini ko‘rsatadi", deydi Chong.
"Biroq kelgusida, Si keksayib, faolligi susayganida, hokimiyatning bir qo‘lda bunchalik jamlanishi rahbarlikda yanada jiddiy bo‘shliq paydo bo‘lishiga zamin yaratishi mumkin".


































