AQSh saylovi: Endi O‘zbekiston, mintaqa ham yutqazadimi – Tramp bilan munosabatlarga nima bo‘ladi?

Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi oraliq saylov natijalari mintaqada ham yangi savollarni paydo qildi.

Allaqachon turli tahlil va talqinlarga sabab bo‘ldi.

Mintaqadagi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan asosiy savol esa - buyog‘i endi nima bo‘ladi?

Saylovda Trampning Respublikachilar partiyasi "halokatli" mag‘lubiyatga uchragan.

Hatto g‘azabnok Respublikachilarning o‘zi buni "falokat", deb atagan.

AQSh Kongressi nazorati endi to‘liq Demokratlar qo‘liga o‘tgan.

Bu kabi yutuqlari Demokratlarga Trampga yana impichment e’lon qilish imkoniyatini ham bergan.

AQSh aynan prezident Tramp boshqaruvi ostida mintaqa davlatlari o‘zlarining strategik sherikliklarini kengaytirish harakatiga tushgan davlat bo‘ladi.

Shunday ekan, endi o‘zaro munosabatlarda nimani kutsa bo‘ladi?

Tramp va Markaziy Osiyo

O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Qozog‘iston, mintaqaning yirik davlatlari bugungi AQSh ma’muriyati bilan o‘zaro munosabatlarini allaqachon sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Respublikachi Donald Tramp qudratga qaytgan qisqa vaqtning o‘zida Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan milliardlab dollarlik savdo bitimlarini imzolashgan.

Tinchlik Kengashi yoki "Tramp yo‘li" misolida amaldagi AQSh prezidentining ayrim ambitsioz tashabbus va loyihalariga ham bosh qo‘shishgan.

Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining barchasi birdek AQSh bilan ham + sammitlarida bo‘lib qaytishgan.

Tomonlar diplomatik aloqalarga zo‘r berishgan, Trampni o‘zlariga kelishga qayta-qayta taklif etishgan.

So‘nggi AQSh saylovidagi g‘alabasi bilan ham birdek qutlashgan, orada tavallud kunini ham nazardan qochirishmagan, aksariyati Trampni tabriklashgan.

Ikki o‘rtada tashriflar faollashgan, hay’atlari tarkibi kengaygan, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi kengashlargacha ish boshlagan.

Tramp ma’muriyati AQSh o‘zlari bilan biznes va savdo-sotiq qilishni istayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun kuchli sherik bo‘lish istagini bayon qilgan.

Mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarini muhim, deb hisoblashini aytgan.

Bu aloqalarni rivojlantirishni xohlashini ham bildirgandi.

Xuddi shunday bayonot yaqinda O‘zbekistonning Samarqandida, AQSh Davlat kotibining o‘z og‘zidan ham yangragan.

AQSh va Tramp omili

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning eng yirik iqtisodiy va harbiy qudrati.

Jahondagi yadroviy qurolga ega sanoqli davlatlardan ham biri.

U yerda istiqomat qiluvchi o‘zbeklar, o‘zbekistonliklar ham ko‘p – sonlari o‘n minglab.

Dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p kirib borgan sanoqli davlatlaridan bittasi.

Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan hozirgidek bir manzarada AQSh bilan bu kabi aloqalar mintaqa uchun muhim va hatto geosiyosiy ahamiyatga ega.

Ular fikricha, AQSh bilan yangi biznes aloqalari Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘p vektorli tashqi siyosatlarini mustahkamlash imkoniyatini beradi.

Vashingtonsiz bu siyosat ma’nisiz bo‘lib qoladi, ya’ni aynan AQSh Rossiya va Xitoyga qarshi muvozanat posangisida tosh bosa oladigan yagona davlat bo‘la oladi.

Mintaqa davlatlariga manevr qilishning noyob imkoniyatini beradi - bu ikki qudrat orasida qolib ketishlarining oldini oladi.

Hozirgi AQSh ma’muriyati yana Markaziy Osiyo davtlaridan demokratik islohotlarga sodiqliklarini namoyish etishlarini ham talab qilmaydi, ya’ni bu jihatdan ham qulay hamkor, deyishadi ular.

Rossiya va Xitoy, yillarki, mintaqani o‘zining siyosiy va iqtisodiy ta’siri ostida tutish ilinjida bo‘lgan ikki yadroviy qudrat.

Mintaqada ta’sir uchun hapm aynan AQSh bilan geosiyosiy raqobatda bo‘lgan kuch.

Ikkovlon ham Markaziy Osiyoga chegaradosh.

Mintaqada urushlar ko‘payib, dunyoda qutblashish kuchayarkan, ikki an’anaviy ittifoqchi bugun har qachongidan ham yaqin.

Kuni-kecha Rossiya tomoni Xitoy bilan bugungi aloqalarini "misli ko‘rilmagan", deb ta’riflashgacha borgan.

Shunday ekan, Respublikachilarning oraliq saylovlardagi "kutilmagan", "halokatli" va o‘zlari tomonidan "falokat"ga ham qiyos berilgan mag‘lubiyati mintaqa davlatlarining Tramp ma’muriyati bilan hozirgi aloqalari uchun nimani anglatadi?

BBC O‘zbek xizmati voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida xuddi ana shunday savol bilan hozir Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi asli o‘zbekistonlik sotsiolog va bankir Bahodir Fayzga murojaat qildi.

"Amerikada Demokratlarning Kongressning har ikki palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritishi Donald Tramp ma’muriyati uchun jiddiy siyosiy zarba bo‘ldi.

Ammo Demokratlarning bu katta g‘alabasi AQShning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini hozircha o‘zgartirmaydi.

Amerika bilan munosabatlarimiz Tramp prezidentligi davrida boshlanmagan va uning prezidentligi bilan tugamaydi ham.

Qolaversa, Tramp hali hozirda prezident va uning prezidentligi yana ikki yil davom etadi.

O‘zbekiston–AQSh munosabatlari yaqin tarixiga nazar tashlasak, bu aloqalar bir necha bor jiddiy sinovlardan o‘tganini ko‘ramiz.

2001 yil 1 sentyabr voqealaridan keyin ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik hamkorligi keskin kuchaydi.

Amerika Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun Qarshi-Xonobod aviabazasidan foydalandi.

2002 yilda tomonlar o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya ham imzolandi.

Ammo 2005 yil Andijon voqealaridan keyin munosabatlar sovuqlashdi.

Amerika harbiylari O‘zbekistondagi bazani tark etdi.

Shunga qaramay, diplomatik aloqalar uzilmadi.

Keyingi yillarda munosabatlar asta-sekin tiklana boshladi.

2016 yildan keyin esa O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochilishi Amerika bilan hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar yaratdi.

Bugungi vaziyatni ham shu tarixiy manzarada baholashimiz kerak.

Donald Trampning ikkinchi prezidentlik davrida O‘zbekiston bilan munosabatlar sezilarli faollashdi.

Davlat rahbarlari o‘rtasidagi bevosita muloqot kuchaydi, yirik iqtisodiy kelishuvlar e’lon qilindi.

Bu iliqlashuvni faqat Tramp yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqishining ortgani bilan bog‘laydigan bo‘lsak, bu munosabatlar manzarasini to‘liq tasvirlay olmaymiz.

Menimcha, bu munosabatlar iliqlashuvida mintaqa mamlakatlari va eng muhimi, O‘zbekistonning oxirgi 10 yillik ichki va tashqi siyosatidagi o‘zgarishlarning ahamiyati katta, deb o‘ylayman.

Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekiston siyosiy sahnasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi.

Bu o‘zgarishlarni prezident Shavkat Mirziyoyev va adminstratsiyasi, O‘zbekiston jamoatchiligi "Yangi O‘zbekiston" , "islohotlar davri" kabi siyosiy atamalar bilan tilga olishmoqda.

Albatta, Karimov davriga xos bo‘lmagan bu yangi atamalar amalda isbotini ham topayapti.

Karimov davrida suverenitet ko‘proq yirik davlatlardan masofa saqlash orqali himoya qilingan bo‘lsa, Mirziyoyev davrida turli davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish va hamkorlikni turfalashtirishga intilish kuchaydi.

Eng ko‘zga tashlanadigani, O‘zbekiston tashqi siyosatidagi strategik qadamlar.

Qo‘shnilarimiz bilan aloqalarimiz yaxshilandi.

O‘zbekistonning G‘arb davlatlariga bo‘lgan munosabati ijobiy tarafga o‘zgardi.

Rosssiya va Xitoy kabi yirik kuch markazlari orasida muvozanat saqlash uchun dunyoning globad qudratlari bilan ham iqtisodiy, ham siyosiy ma’noda xalqaro hamkorliklarni diversifikatsiya qilishga ulgurdi.

Natijada, O‘zbekiston mintaqada muhim ahamiyatga ega kuch markaziga aylandi.

Albatta, bu omillar O‘zbekiston atrofidagi qo‘shni davlatlar siyosatiga, iqtisodiga va ijtimoiy hayotiga ham sezilarli ta’sir o‘tkazdi.

Xullas, aytmoqchi bo‘lganim, nafaqat Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistonga bir taraflama munosabati , balki bizning Markaziy Osiyo davlatlari va hozirgi kunda eng ohanrabodek kuch markaziga aylanib borayotgan O‘zbekistondagi tizimli siyosiy o‘zgarishlar Vashington va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni tamali bo‘ldi.

C5+1 muloqoti ham Tramp davrida paydo bo‘lmadi.

Bu format Demokratchi prezident Barak Obama ma’muriyati davrida shakllanib, keyingi ma’muriyatlar davrida davom etib keldi.

Albatta, Demokratlar nazoratidagi Kongress Tramp ma’muriyatining tashqi siyosatini ham jiddiyroq tekshirishi mumkin.

Inson huquqlari, qonun ustuvorligi, korruptsiyaga qarshi kurash va davlat boshqaruvidagi ochiqlik masalalari ko‘proq ko‘tarilishi ehtimoli bor.

Ammo buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston bilan bog‘liq siyosat, deb tushunish ham noto‘g‘ri bo‘ladi.

O‘zbekistonning o‘zi ham sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidan borayotganini ta’kidlab kelmoqda.

Amerika bilan munosabatlarda bu yo‘nalishlarning muhokama qilinishi hamkorlikning yanada kengroq mazmun kasb etishiga xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston uchun uzoq yillardan beri dolzarb bo‘lib kelayotgan Jekson–Venik tuzatishi masalasini faqat Amerika prezidenti hal qila olmaydi.

Bu qonunchilik bilan bog‘liq masala va Kongressning ishtirokini talab qiladi.

Bu yondashuvning mohiyati biror yirik davlatga yaqinlashib, boshqasidan uzoqlashish emas.

Aksincha, hech bir tashqi kuchga haddan tashqari qaram bo‘lib qolmaslik uchun hamkorlar doirasini kengaytirishdir.

Shu ma’noda AQShdagi saylov natijalari O‘zbekistonning tashqi siyosiy yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladigan voqea emas.

Aksincha, Amerika bilan munosabatlarni yanada kengroq va mustahkamroq asosga qo‘yish zarurligini eslatadi.

Bizning mintaqamizda davlatlararo munosabatlarni ko‘pincha rahbarlarning shaxsiy yaqinligi bilan o‘lchash odati bor.

Ikki prezident yaxshi munosabatda bo‘lsa, davlatlar o‘rtasidagi aloqalar ham yaxshi, deb hisoblaymiz.

Lekin zamonaviy davlatlararo munosabatlar bundan murakkabroq.

Prezidentlarning shaxsiy aloqalari muhim, albatta.

Ular siyosiy eshiklarni ochishi, muzokaralarni tezlashtirishi mumkin.

Ammo o‘sha eshiklardan keyin kimlar kiradi, qanday loyihalar amalga oshadi va hamkorlik qanchalik davomli bo‘ladi — bu endi davlat muassasalari, biznes, qonunchilik va jamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarga bog‘liq.

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi saylovlar bizga aynan shu farqni eslatmoqda.

Respublikachi Donald Tramp prezidentlikda qoladi.

Ammo Kongressdagi yangi ko‘pchilik uning siyosiy tashabbuslarini nazorat qilish va ayrimlarini cheklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu Amerika konstitutsiyaviy tizimida hokimiyatning bir shaxs qo‘lida to‘planishiga qarshi yaratilgan muvozanat mexanizmlaridan biridir.

O‘zbekiston uchun esa eng muhim xulosa shuki, AQSh bilan aloqalar faqat Tramp yoki uning ma’muriyati bilan munosabatlar bo‘lib qolmasligi kerak.

Kongressning har ikki partiyasi, Amerika biznesi, universitetlari, moliyaviy institutlari va fuqarolik jamiyati bilan aloqalar qanchalik keng bo‘lsa, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ham shunchalik barqaror bo‘ladi.

Shu bois men Demokratlarning g‘alabasini O‘zbekiston–AQSh munosabatlari uchun xavf sifatida ko‘rmayman.

Ayrim kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilishi, ba’zi tashabbuslar sekinlashishi mumkin.

Ammo ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlari bir saylov natijasiga bog‘liq bo‘lmaydi.

Muhimi, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni ana shu siyosiy o‘zgarishlardan uzoqroq yashaydigan darajaga olib chiqishdir."

Markaziy Osiyo mintaqasi va qudratlar

Aholisi sakson milliondan ortuvchi Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, jiddiy ekologik muammolarga yuz tutgan, kuzatuvchilar nazdlarida, diniy radikalizm, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori, orada jangarilik muammosidan ham ziyon chekkan mintaqa.

Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi aksaran qishloq xo‘jaligiga asoslangan, millionlab fuqarosi chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.

Rossiya ularning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan bittasi, eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori.

Ammo geostrategik jihatdan muhim, Rossiya, Xitoy, Eron, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan, O‘zbeklari ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan, jon saqlab kelayotgan va besh yildirki hukumatini Rossiyadan boshqa hech kim tan olmagan, ammo Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash imkoniyatiga ega Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.

Aholisining aksarisi musulmon, tabiiy energiya zaxiralari, uran bo‘ladimi yoki boshqa, strategik ahamiyatga ega turli noyob ma’danlarga boy, Ukraina urushi fonida uch global qudrat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan, Yevropa Ittifoqining ham qiziqishi ortgan, xuddi shu manzarada dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati va NATOning yagona musulmon a’zosi bo‘lgan Turkiya ham yangi o‘yinchi sifatida sahnaga kirib kelgan hudud.

Munosabatlarda "yangi davr"

AQShdagi so‘nggi prezident saylovining ertasigayoq Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining barchasi birdek Trampni g‘alabasi bilan rasman qutlashgani ham, ayniqsa, Ukraina urushi manzarasida chetda ham e’tibor tortgan, turli talqin va tahlillarga sabab voqe’likka aylangan.

Ularning hammasi o‘z tabriklarida "o‘zaro hurmatga asoslangan", "manfaatli", "teng", "do‘stona" sifatlarida bo‘ladimi yoki "ko‘pqutbli" "yangi darajaga ko‘tariluvchi" – Donald Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikka umid bildirib qolishgan.

Tabriklarning ichida eng mufassali va ko‘p qirralisi esa, O‘zbekiston prezidenti ekani ko‘rilgan.

Shavkat Mirziyoyev Trampni tabriklash barobarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi saylangan Respublikachi prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga ham da’vat qilgan.

U O‘zbekiston AQShning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy pozitsiyasini ham yuksak qadrlashini ta’kidlagan.

Bu ham Markaziy Osiyo prezidentlarining Trampga yo‘llagan tabriklari manzarasida aynan Shavkat Mirziyoyevnikida ko‘pchilik o‘zining diqqatini qaratgan eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan.

Xuddi shu mazmundagi bayonot buning ortidan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik sheriklik muloqoti haqidagi qo‘shma bayonotda ham aytilgan.

Tomonlar forum maqomini kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarishga ham kelishib olishgani ma’lum bo‘lgandi.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyev bilan bir vaqtda qudratga kelgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan.

Trampning taklifi bilan O‘zbekiston prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan.

Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan.

Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston prezidentining bu tashrifini "tarixiy", deb atashgacha borgan.

Shavkat Mirziyoyevning Tramp prezidentligining ikkinchi - hozirgi davrida Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan safarlari ham xuddi ana shunday baho topgan.