Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
O‘zbekiston: ekstremizm uchun javobgarlik o‘zgardi, bu huquqiy aniqlikmi yoki siyosiy plyuralizm uchun xavf?
Yangi qonun nimalarni nazarda tutadi?
O‘zbekistonda "ekstremizm" tushunchasiga aniqlik kiritilib, bu bo‘yicha javobgarlik qayta ko‘rib chiqildi. Kiritilgan yangi normalar bilan birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlikka ma’muriy jazo joriy etildi. Shuningdek, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning ochiq elektron reestri yuritiladi.
2 noyabr kuni prezident "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni, shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlarni qamrab oladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 28 aprelda qabul qilingan, 8 avgustda Senat tomonidan ma’qullangan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Gazeta.uz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashishga oid qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar bilan "ekstremizm" tushunchasiga ilk bor aniq va keng qamrovli ta’rif berildi. Yangi normaga muvofiq, endilikda ekstremizm (ekstremistik faoliyat) deganda quyidagilar bilan bog‘liq faoliyat tushuniladi::
- O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish, qonuniy saylangan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan zo‘rlik ishlatib chetlatish. Shuningdek, bunday harakatlarni rejalashtirish, tayyorlash, rag‘batlantirish yoki ularni amalga oshirishga oshkora da’vat qilish;
- hokimiyat vakolatlarini egallash yoki o‘zlashtirish hamda bunga oshkora da’vat qilish;
- qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tuzish yoki ularda ishtirok etish, bu harakatlarni rejalashtirish yoki oshkora da’vat qilish;
- terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga oshkora da’vat qilish;
- zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatishga oshkora da’vat qilish bilan bog‘liq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish;
- jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni, shuningdek, ekstremistik tashkilotlarning atributlari yoki ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
- biror-bir ijtimoiy guruhga nisbatan siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy, etnik yoki diniy adovat yoxud dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirish, shunday harakatlarni rag‘batlantirish yoki oshkora da’vat qilish;
- adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilish.
Yangi tahrirda qator huquqiy atamalarga ham aniqlik kiritildi. Jumladan, "ekstremistik guruh" ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan yoki shunday harakatni sodir etishga uringan ikki yoki undan ortiq shaxslar birlashmasi sifatida ta’riflandi. "Ekstremistik material" esa ekstremistik faoliyatga da’vat qiluvchi yoki uni oqlovchi axborot sifatida belgilandi.
Qonunga ko‘ra, "ekstremistik tashkilot" deganda ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangani uchun sud qarori bilan taqiqlangan yoki faoliyati tugatilgan tashkilot yoxud norasmiy tuzilma tushuniladi.
Bu o‘zgarishlar mazkur tushunchalarning huquqiy talqinini bir xillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni kamaytirish maqsadida kiritilgan.
Mazkur o‘zgartishlar doirasida qonunchilikdan "diniy ekstremizm" atamasi ham chiqarib tashlandi. Endi bir qator qonunlarda faqat "ekstremizm" atamasi qo‘llanadi. Tegishli o‘zgartishlar "Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida", "Axborotlashtirish to‘g‘risida" va "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunlarga kiritildi. "Aholi bandligi to‘g‘risida"gi hamda "Noshirlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlardan esa "diniy" so‘zi butunlay chiqarib tashlandi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yangiliklar ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bazani aniqlashtirishga qaratilgan bo‘lsa-da, "ekstremizm" tushunchasining kengayishi uning amalda qanday qo‘llanishi haqida savollarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.
Shu bois, aytilishicha, yangi normalarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan qanday talqin qilinishi kelgusida muhim ahamiyat kasb etadi.
"Plyuralizmga ta’sir qilishi mumkin"
Asosiy o‘zgarishlardan biri - Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 184−5-modda bilan to‘ldirilib, birinchi qoidabuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikning joriy etilishi bo‘ldi.
Inson huquqlari faoli, "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov fikricha, qonunchilikka kiritilgan ayrim o‘zgarishlar ijobiy jihatlarga ham ega.
Uning aytishicha, avval qonunchilikda qo‘llangan "diniy ekstremizm" atamasining "ekstremizm" tushunchasi bilan almashtirilishi ma’lum ma’noda to‘g‘ri qadam hisoblanadi.
"Diniy ekstremizm deganda ayrim hollarda Islom dini yoki muayyan e’tiqod vakillarini tamg‘alash holatlari kuzatilardi. Shu nuqtai nazardan ekstremizm tushunchasiga aniqlik kiritilishi ijobiy baholanishi mumkin", deydi inson huquqlari faoli.
Shu bilan birga, Abdurahmon Tashanov qonunning barcha jihatlarini ijobiy baholamasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, ekstremizm tushunchasining qonunchilikda kengaytirilishi ayrim holatlarda uning qo‘llanish doirasi haddan tashqari kengayishi haqida savollarni ham o‘rtaga qo‘ymoqda.
"Bizni tashvishlantirayotgan jihat shundaki, ekstremizm tushunchasining doirasi kengaytirildi. Natijada ayrim holatlarda siyosiy qarashlar yoki siyosiy faollik ham ekstremizm sifatida talqin qilinishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun bu qonun hatto plyuralizm, ya’ni siyosiy xilma-xillikka ham ta’sir qilishi mumkin", - dedi Abdurahmon Tashanov.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Tashanovning fikricha, "diniy ekstremizm" atamasining qonunchilikdan chiqarilishi uzoq yillar davomida bildirib kelingan e’tirozlardan biriga javob bo‘lgan.
"Ekstremizm umumiy jinoyat hisoblanadi va u diniy qarashlar bilan bog‘lanmasligi kerak, degan fikrlar ham bor edi. Chunki diniy e’tiqod bilan bog‘liq masalalarni ham "diniy ekstremizm" deb atash tendentsiyasi O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham uchrab turardi", dedi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov.
Uning fikricha, siyosiy ekstremizm tushunchasi oddiy siyosiy qarashlar yoki tanqidiy fikrlar bilan aralashtirib yuborilmasligi kerak.
"Siyosiy ekstremizm nihoyatda kamyob hollarda uchraydigan, o‘ta keskin va o‘ziga xos tushuncha. Shuning uchun har qanday siyosiy qarashga ekstremizm deb ta’rif berib bo‘lmaydi. Bizda xavotir uyg‘otayotgan jihat shundaki, qonunlarni qo‘llash amaliyotida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘zlariga yoqmagan ayrim siyosiy qarashlarni ham siyosiy ekstremizm sifatida talqin qilib yuborishi ehtimoli paydo bo‘ladi", - dedi Abdurahmon Tashanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati siyosatida keyingi paytlarda ko‘plab sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
"Lekin ayrim hollarda baribir huquqni muhofaza qilish idoralari ularni noto‘g‘ri qo‘llashi mumkin. Shuning uchun demoqchimanki, qonunlar xuddi temir yo‘lga o‘xshab aniq bo‘lishi kerakki, unda relslardan chiqib ketish mumkin bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun unaqayam, bunaqayam qo‘llanishi mumkin bo‘lgan me’yorlar olib tashlanishi kerak. Albatta hammasini vaqt ko‘rsatadi", deydi huquq faoli.
Abdurahmon Tashanov suhbatini shunday yakunlaydi, - "Hozirgi qonunchilikdan huquqni muhofaza qilish idoralari inson huquqiga qarshi qo‘llanadigan bo‘lsa, bu repressiyani kengaytirish bo‘ladi. Yoki mana shu qonuniy islohotlar natijasida ko‘p hollarda qo‘llaniladigan diniy ekstremizm masalasida javobgarlik pasayadigan bo‘lsa, bu albatta judayam yaxshi".
Yana nimalar nazarda tutilgan?
Qonunchilikka Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan Ekstremistik tashkilotlar va materiallar (manbalar) elektron reestri tushunchasi kiritildi. Reestr vazirlikning rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi. Sud tomonidan ekstremistik deb topilgan tashkilot yoki material 10 kun ichida mazkur reestrga kiritiladi va bu haqda bir kun ichida ommaviy axborot vositalari orqali xabar beriladi.
Shuningdek, qonun ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ayrim cheklovlarni ham nazarda tutadi. Xususan, «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Qonunda ekstremizmga oid jinoyatlar uchun jazo olgan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish hamda ekstremistik faoliyat haqida xabar beruvchilarni himoya qilish choralari ham belgilangan. Reabilitatsiya markazlari bunday shaxslar bilan individual dastur asosida ko‘pi bilan bir yil ishlaydi.
Ekstremistik faoliyat to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga ma’lumot bergan fuqarolar davlat himoyasiga olinadi, ularni rag‘batlantirish tartibi esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.