Demokratlar AQSh siyosiy xaritasini o‘zgartirdi: Abdul Al-Sayid Senatga yo‘l oldi.

Surat manbasi, Getty Images
CBS Michigan shtatidan Senat o‘rni demokrat Abdul Al-Sayidga nasib etganini oldinroq ma’lum qilgan edi. Bundan avval g‘alabasini e’lon qilar ekan, El-Sayid tarafdorlariga shunday dedi, - "Siz eng kutilmagan nomzodlardan biriga ishonch bildirdingiz... Michigan, sizga xizmat qilishni intizorlik bilan kutyapman".
Al-Sayid AQSh Senatida xizmat qiladigan birinchi musulmon senatorga aylandi.
Demokratlar Trampning siyosiy xaritasini parchalab tashlagan tarixiy tun

Surat manbasi, Reuters
BBC Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri Entoni Zurcher yozishicha, Demokratlar Donald Trampning siyosiy xaritasini parchalab tashlagan va Amerika siyosatiga kelgusi yillar davomida ta’sir ko‘rsatadigan tunni yaratdi.
O‘nlab yillar davomida ishonchli tarzda respublikachilarga ovoz berib kelgan shtatlarda, Kanzas holatida esa qariyb bir asrdan buyon, Senat saylovlarida qator yirik g‘alabalarga erishilgani natijasida mamlakat bo‘ylab ko‘k rangli siyosiy to‘lqin yoyildi va respublikachilarni hokimiyatdan surib chiqardi.
Prezident Donald Trampning ikkinchi muddati yarmiga yetganda, demokratlar endi Vakolatchilar palatasi ustidan hal qiluvchi nazoratga ega bo‘ldi va Senatdagi ko‘pchilikni ham qaytarib oldi.
Bu ularga Trampning kun tartibini to‘sib qo‘yish va uning ma’muriyati faoliyati yuzasidan tergovlar boshlash imkonini beradi. Shuningdek, tarixdagi uchinchi impichment urinishi ham ehtimoldan xoli emas.
2025 yil yanvarda Tramp Oq uyga qaytib, Kongress ustidan yagona respublikachi nazoratni tiklaganidan keyingi oylarda bunday natijani kamchilik tasavvur qila olgan edi.
Biroq demokratlar Texas, Men, Kanzas, Ogayo hamda Shimoliy va Janubiy Karolinadagi g‘alabalari bilan siyosiy tenglamalarni o‘zgartirib yubordi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Senatda demokratlar kamida oltita o‘rinni respublikachilardan tortib oldi va qulay tarzda ko‘pchilikni ta’minladi.
Adam Hemilton Kanzasda g‘alaba qozondi. Bu shtatda so‘nggi marta demokrat senator qariyb 100 yil avval, Buyuk depressiya davrida saylangan edi.
Jeyms Talariko Texas Senati saylovida respublikachi Ken Pekstonni mag‘lub etdi va demokratlarning shtat miqyosidagi saylovlardagi 38 yillik mag‘lubiyatlar seriyasiga nuqta qo‘ydi.
Janubiy Karolinada Enni Endryus senator Lindsi Gremning vafotidan keyin lavozimga tayinlangan uning singlisi Darlin Gremni mag‘lub etdi. Bir necha oy avvalgacha tahlilchilarning deyarli hech biri bu o‘rinni bahsli deb hisoblamagan edi.
Besh muddat xizmat qilgan respublikachi Syuzan Kollinz Men Senati saylovida demokrat Troy Jeksonga yutqazganini tan oldi.
Paralimpiyachi Josh Turek nafaqaga chiqayotgan respublikachi senator Joni Ernst egallab turgan Ayova Senati o‘rnini demokratlar foydasiga burdi. Shuningdek, demokratlar Ogayodagi Senat o‘rnini ham respublikachilardan tortib oldi. Bu Sherrod Braunning Jon Hyusted ustidan qaytish g‘alabasi bilan ta’minlandi.
Shu bilan bir paytda, demokrat Abdul Al-Sayid Michigandagi keskin kurash kechgan Senat saylovida respublikachi Mayk Rodjersni mag‘lub etish arafasida edi.
Bu respublikachilar uchun saylov kechasidagi yagona yo‘qotish emasdi.
Qat’iy respublikachi deb hisoblangan Texas gubernatorlik saylovida ham yana bir ulkan natija kuzatildi.
Demokrat nomzod Jina Inoxosa amaldagi respublikachi gubernator Greg Ebbottni mag‘lub etdi. Joriy yil boshida Ebbott aniq favorit sifatida ko‘rilgan edi.
Demokratlar Ayova, Ogayo va Jorjiya shtatlaridagi gubernatorlik saylovlarida ham g‘alaba qozondi. Jorjiya esa ilk qora tanli ayol gubernatorni saylagan holda tarix yaratdi.
Shu bilan birga, partiya 2022 yildan buyon ilk marta Vakolatchilar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritdi.
Taxminlarga ko‘ra, demokratlar palatada 245 o‘ringa, respublikachilar esa 166 o‘ringa ega bo‘ladi.
Demokratlar Texas, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya, Ayova, Kentukki va Kolorado kabi shtatlarda Vakolatchilar palatasi o‘rinlarini respublikachilardan tortib oldi. Shuningdek, Virjiniya va Indianada ham yutuqlarga erishish arafasida edi.
Janubiy shtatlardagi qora tanli demokrat saylovchilar rekord darajada faol qatnashdi va bu partiyaning g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, 2024 yilda Trampning prezidentlik g‘alabasini ta’minlashga yordam bergan ispan tilida so‘zlashuvchi saylovchilar yana demokratlar tomonga qaytdi.
Demokratlar Texas va Meksika chegarasi bo‘ylab joylashgan, aholisining aksariyati ispan tilida so‘zlashuvchilardan iborat bo‘lgan barcha uchta kongress okrugida g‘alaba qozondi.
Ispan tilida so‘zlashuvchi saylovchilar Floridadagi ayrim Vakolatchilar palatasi o‘rinlarini ham demokratlar qo‘lida saqlab qolishga yordam berdi. Respublikachilar bu o‘rinlarni okrug chegaralarini qayta chizish orqali qo‘lga kiritishga uringan edi.
Aslida, o‘tgan yili oylar davomida sarlavhalarda bo‘lgan kongress okruglarini qayta belgilash bo‘yicha siyosiy kurashlar respublikachilar uchun kutilgan natijani bermadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Texasda ular yangi chegaralar orqali o‘z partiyasi uchun beshta qo‘shimcha o‘rin olishga umid qilgan edi. Ammo seshanba kuni ular hatto bir o‘rinni boy berishi mumkin bo‘ldi.
Konservatorlar uchun yagona tasalli shundaki, Florida shtati umumiy hisobda hali ham o‘ng qanotga moyilligini saqlab qolgan ko‘rinadi.
Respublikachi senator Eshli Mudi qisqa farq bilan qayta saylandi. Shuningdek, kongressmen Bayron Donalds Florida tarixidagi birinchi qora tanli gubernator etib saylandi.
Respublikachilar Vermont va Nyu-Hempshirdagi gubernatorlik lavozimlarini ham saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo ijobiy natijalar juda kam edi.
Faqat ikki yil avval Tramp ovozlarning 48 foizini olib prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan va bunga saylovchilar mandati sifatida qaragan edi.
Shundan keyin u savdo va migratsiya sohasidagi ko‘pchilikka ma’qul kelmagan siyosatlarni ilgari surdi, shuningdek, Amerika jamoatchiligining aksar qismi qarshi bo‘lgan Eron urushiga qo‘l urdi.
Seshanba kuni saylovchilar unga uzoq vaqt esdan chiqmaydigan darajada qattiq siyosiy zarba berdi.
Bu natijalar AQSh-Rossiya munosabatlari uchun nimani anglatadi?

Surat manbasi, Getty Images
BBCning Rossiya bo‘yicha muharriri Stiv Rozenberg ta’kidlashicha, Kreml oraliq saylovlar natijalariga qaramay, Vashingtonning Rossiya siyosatida keskin o‘zgarish bo‘lishini kutmayotganga o‘xshaydi. Uning yozishicha, Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni "Prezident Tramp o‘z muddati oxirigacha prezident bo‘lib qoladi va tashqi siyosatini amalga oshirishda davom etadi", degan.
Rozenberg fikricha, Tramp Moskva istagan barcha maqsadlarni amalga oshirmagan bo‘lsa-da, uning tashqi siyosati Kreml uchun bir qator ijobiy natijalar berdi. Xususan, AQSh prezidenti Rossiyaga qarshi ayrim sanksiyalarni muzlatdi, Rossiya dizelini sotib olishga rozilik bildirdi hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiya rahbari Vladimir Putinga nisbatan ko‘proq tanqid qildi.
Biroq, Rozenberg qayd etganidek, Rossiyaning "Nezavisimaya gazeta" nashri agar respublikachilar Kongress ustidan nazoratni yo‘qotsa, Donald Tramp "demokratlar boshlagan ko‘plab tergovlar botqog‘iga botib qolishi" va shu sababli o‘zi muhim deb hisoblaydigan siyosatni, jumladan Rossiyaga doir tashabbuslarni ham ilgari surishi qiyinlashishini taxmin qilgan.
Abdul Al-Sayid kim va u qanday qilib Senat poygasining markaziga chiqdi?

Surat manbasi, Getty Images
BBC News Jahon xizmatidan Fernando Duarte yozishicha, hech qachon saylanadigan lavozimda ishlamagan shifokor Al-Sayid mamlakatdagi eng keskin raqobatli saylov poygalaridan birining markazida turgan. Saylovoldi kampaniyasi so‘nggi kunlarida vaziyat yanada qizgandi: u Demokratik partiya nomzodligi uchun kurashda oz farq bilan mag‘lub etgan hamkasbi Heyli Stivens respublikalik nomzod Mayk Rojersni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Al-Sayid 1 noyabr, yakshanba kuni jurnalistlarga shunday dedi, - "Bu 10 million aholi yashaydigan shtat va ular hukumatidan ancha yaxshirog‘iga loyiq. Men sizlar gapirayotgan ikki kishi emas, qolgan 9 million 999 ming 998 nafar odamga ko‘proq e’tibor qaratyapman".
1984 yili Detroyt shahri atrofidagi Rochester-Hillzda tug‘ilgan Al-Sayid ota-onasi uch yoshida ajrashganidan keyin otasi va o‘gay onasi Jaklin Jonson qo‘lida voyaga yetgan. U Michigan universiteti va Kolumbiya universitetida tibbiyot sohasini o‘qib, epidemiologiya bo‘yicha ixtisoslashgan.
Uning 2015 yili Detroyt sog‘liqni saqlash departamenti ijrochi direktori etib tayinlanishi mamlakat miqyosida keng yoritilgan edi. Uch yil o‘tib, Al-Sayid Michigan gubernatorligi uchun saylovda ishtirok etdi. U Demokratik partiya praymerizida ikkinchi o‘rinni egalladi, ammo keyinchalik ikki muddat gubernator bo‘lgan Gretchen Uitmerga 20 foizdan ortiq farq bilan mag‘lub bo‘ldi.

Surat manbasi, Getty Images
Uitmer 2026 yilgi Senat saylovi uchun Demokratik partiya praymerizida Stivensni qo‘llab-quvvatlagan edi, ammo Al-Sayid nomzodlikni qo‘lga kiritganidan buyon uning saylov kampaniyasini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi.
Al-Sayid senator Berni Sanders va kongress a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes kabi ilg‘or siyosatchilarning qo‘llovidan bahramand bo‘ldi. Biroq AQShning sobiq prezidenti Barak Obama kabi nisbatan mo‘’tadil demokratlar ham uning kampaniyasini qo‘llab-quvvatlagan, chunki Michigandagi saylovda g‘alaba qozonish partiyaning AQSh Senati ustidan nazoratni qo‘lga kiritish rejalari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi.
Al-Sayid chap qanot siyosiy platformasi asosida kampaniya olib bordi. Unda Isroilga berilayotgan AQSh harbiy yordamini tanqid qilish milliardlar egalarini umumiy tibbiy xizmatni moliyalashtirish uchun ko‘proq soliq to‘lashga majbur qilish kabi masalalar bilan bir qatorda muhim o‘rin egallaydi.
Bu pullar boshqa birov va uning farzandlariga bomba tashlash uchun emas, siz uchun ishlatilishi lozim.
"Soliq to‘lash va bu mablag‘lar siz va farzandlaringiz uchun sarflanishiga ishonish shunchalik qiyin bo‘lmasligi kerak. Bu pullar boshqa birov va uning farzandlariga bomba tashlash uchun emas, siz uchun ishlatilishi lozim", dedi Al-Sayid 29 oktyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingida tarafdorlariga murojaat qilib.
Shuningdek, u 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS boshchiligidagi hujumlardan keyin Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotini genotsid deb atagan. Isroil bu ayblovni keskin rad etadi. Al-Sayid yana Isroil bosib olgan G‘arbiy sohil hududida aparteid siyosati yuritayotganini ham ta’kidlagan.

Surat manbasi, Getty Images
Al-Sayidning harbiy yordamga qarshi pozitsiyasi faqat Tel-Aviv bilan cheklanmaydi. 42 yoshli siyosatchi tez-tez AQSh soliq tushumlari «maktablar qurish va imkoniyatlar yaratish uchun sarflanishi, odamlarga bomba tashlash uchun xorijga yuborilmasligi kerak», deb ta’kidlab keladi.
"Men umuman olganda xorijiy armiyalarni moliyalashtirishimiz kerak, deb o‘ylamayman", - dedi Al-Sayid 28 oktyabr, chorshanba kuni. "Bu nafaqat Isroilga, balki Misrga, Saudiya Arabistoniga, Qatarga va Birlashgan Arab Amirliklariga ham tegishli".
Shunga qaramay, AQSh prezidenti Donald Tramp misrlik muhojirlar farzandi bo‘lgan Al-Sayidni "terrorchilar tarafida turishda" aybladi.
Vitse-prezident Jey Di Vens esa 15 oktyabr kuni Mayk Rojersning saylovoldi yig‘ilishida shunday dedi, - "Siz og‘zini yumib, unga hamma narsani bergan mamlakatga biroz minnatdorlik bildirishi kerak bo‘lgan ayyorchadan ko‘ra yaxshiroq vakilga loyiqsiz".
Mayk Rojers esa Trampning izohlaridan ma’lum darajada uzoqlashgan holda, Al-Sayid kampaniyasini radikal va ekstremistik tashkilotlar bilan bog‘liq donorlardan moliyaviy yordam olishda aybladi.

Surat manbasi, Getty Images
Respublikachilar Al-Sayidni Misrdagi eng yirik va eng qadimiy islomiy tashkilot hisoblangan, 2011 yildagi "Arab bahori" qo‘zg‘olonidan keyin bir muddat hokimiyat tepasiga kelgan "Musulmon birodarlar" harakati bilan aloqadorlikda ham ayblamoqda. Al-Sayid bunday aloqalarni rad etsa-da, raqiblari uning 2012 yilda Islomchi prezident Muhammad Mursini "ommaviy axborot vositalari va politsiya tizimini imkon qadar tezroq tozalashga" chaqirgan ochiq maktubni imzolaganini eslatdi.
Al-Sayid so‘l qarashdagi sharhlovchi Hasan Payker bilan aloqalari uchun ham tanqid qilingan. Payker bir vaqtlar AQSh "11 sentyabr hujumlariga loyiq edi" degan fikrni bildirgan. Shuningdek, o‘tgan avgust oyida Al-Sayid Detroytdagi sinagogaga qilingan zo‘ravon hujum sabablari haqida arab amerikalik shaxs xususida aytgan fikrlari uchun Michigandagi yahudiy jamoasidan uzr so‘radi.
Jewish Insider nashrining baholashicha, Al-Sayidning nomzodligi Michigandagi yahudiy saylovchilar ovozini ikkiga bo‘lib yuborgan. Tarixan demokratlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan mazkur saylovchilarning bir qismi respublikachi nomzod tomonga og‘ishi mumkinligi haqida jamoat yetakchilariga tayanib nashr xabar bergan.
Shu bilan birga, saylov kampaniyasi davomida Al-Sayid o‘z sadoqati AQSh Konstitutsiyasiga qaratilganini ta’kidlab keldi va saylovchilarni uni kelib chiqishiga qarab emas, balki taklif etayotgan siyosatlari va dasturi asosida baholashga chaqirdi.
"Mening ismim yoki e’tiqodim odamlar benzin yoki oziq-ovqat xarid qila olmayotganining, shifokor qabuliga yozila olmayotganining yoki nafas olayotgan havosi hamda ichayotgan suvidan xavotirda ekanining sababi emas", - dedi u.
"Men oddiy amerikalikdan biroz boshqacharoq ibodat qilishim mumkin, ammo biz bir xil narsalar uchun duo qilamiz".
































