Zelenskiy maslahatchisi: AQSh razvedka ma’lumotlarini cheklagani tufayli ukrainaliklar halok bo‘lmoqda

Surat manbasi, t.me/dsns_telegram
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning yaqin maslahatchilaridan biri AQSh razvedka ma’lumotlarini yetkazishdagi uzilishlar tufayli Rossiyaning ballistik raketa hujumlari haqida aholini o‘z vaqtida ogohlantirish qiyinlashayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ogohlantirish uchun vaqt yetishmagani oqibatida odamlar halok bo‘lgan.
Prezident maslahatchisi, Ukrainada "Flesh" laqabi bilan tanilgan Sergiy Beskrestnov BBCga AQShdan kelayotgan ma’lumotlar hali ham to‘liq va izchil emasligini aytdi. Vashington esa Kiev bilan razvedka ma’lumotlarini almashish tartibida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini bildirmoqda.
Bu masala Ukraina va AQSh o‘rtasida Rossiya bilan bog‘liq neftь kelishuvi yuzasidan kelishmovchiliklar kuchaygan bir paytda ko‘tarildi. Kievda ayrimlar razvedka ma’lumotlari va Starlink aloqasiga doir muammolar bir vaqtda yuzaga kelganini tasodif deb hisoblamayapti.
"Hujumdan bir daqiqa oldin ma’lumot oldik"
Beskrestnovning aytishicha, Ukraina Rossiyaning ballistik raketa hujumlari haqida aholini ogohlantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni AQShdan har doim ham o‘z vaqtida olmayapti.
"Bu xavfli. Menimcha, bu juda yomon holat. Odamlar allaqachon halok bo‘ldi", — dedi u Bi-bi-siga.
Uning ta’kidlashicha, ba’zan hujum haqidagi ma’lumotlar oldindan keladi, boshqa paytlarda esa ogohlantirish kechikadi.
"Masalan, o‘tgan kecha ma’lumotni oldik, ammo hujumdan atigi bir daqiqa oldin", — dedi Beskrestnov.
U AQSh bilan boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik davom etayotganini qayd etdi. Muammo, uning so‘zlariga ko‘ra, asosan havo hujumlari haqidagi ogohlantirishlarga tegishli ma’lumotlar bilan bog‘liq.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ukraina o‘z radarlari orqali ham Rossiya hujumlari haqida ayrim ma’lumotlarni olishi mumkin. Biroq Beskrestnov bu imkoniyat cheklanganini ta’kidladi.
Zelenskiy va Vashington bayonotlari o‘rtasidagi tafovut
Dushanba kuni ertalab Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Kievga tungi hujumlari haqida yozdi.
"Tunda poytaxtga ikkita ballistik raketa hujumi qayd etildi. Ularning biri haqida umuman ogohlantirish bo‘lmadi, ikkinchisida esa boshpanalarga yashirinish uchun juda kam vaqt qoldi", — dedi u.
Biroq bundan bir necha soat oldin e’lon qilingan NBC telekanaliga intervyusida Zelenskiy AQSh bilan razvedka ma’lumotlarini almashish uch kunlik tanaffusdan keyin tiklanganini aytgan edi.
"Buning uchun juda minnatdormiz. Rossiya ballistik raketalardan foydalanganda bizni ogohlantirish uchun bunday noyob razvedka ma’lumotlari faqat AQShda bor", — degan edi Ukraina prezidenti.
Vashington esa ma’lumot almashish to‘xtatilganini rad etmoqda.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio dushanba kuni jurnalistlarga razvedka ma’lumotlarini yetkazishda "tanaffus" bo‘lmaganini aytdi.
"Zelenskiy bu gaplarni qayerdan olayotganini yoki nima uchun matbuotga shunday bayonotlar berayotganini bilmayman", — dedi Rubio.
U Kievning erta ogohlantirish tizimida bir necha kecha oldin dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganini eshitganini aytdi, ammo muayyan hodisa yuzasidan izoh bera olmasligini qo‘shimcha qildi.
Oq uy vakili ham AQSh bilan Ukraina o‘rtasida razvedka ma’lumotlarini almashish amaliyotida o‘zgarish bo‘lmaganini bildirdi. Uning aytishicha, prezident Donald Tramp urushni tugatishga e’tibor qaratmoqda va AQSh Ukrainaga boshqa har qanday davlatdan ko‘proq yordam bergan.
Starlink cheklovlari Ukraina armiyasiga qanday ta’sir qilmoqda?
Beskrestnov AQShning Ukrainadagi Starlink internet tarmog‘idan foydalanishga doir cheklovlari ham davom etayotganini aytdi. Kiev harbiy dronlar, vertolyotlar va armiya bo‘linmalari o‘rtasidagi aloqani ta’minlashda ushbu tizimdan foydalanadi.
Starlink egasi Ilon Maskning aytishicha, harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan Starshield tizimiga kirish imkoniyatini oxir-oqibat AQSh hukumati nazorat qiladi. Ushbu tizim Pentagon uchun ishlab chiqilgan. Bu esa cheklovlar ortida Vashington turgan bo‘lishi mumkinligi haqida savollarni keltirib chiqardi. Donald Tramp esa bu ishga aloqadorligini rad etgan.
O‘tgan hafta Starshield tizimiga ulangan harakatlanuvchi qurilmalarning internet aloqasini saqlab qolgan holda harakatlanish tezligi soatiga 160 kilometr bilan cheklangani xabar qilindi.
Bu Ukraina armiyasining Rossiya dronlarini urib tushirish va Rossiya bosib olgan hududlarga o‘rta masofali dronlar bilan zarba berish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Beskrestnov razvedka ma’lumotlari bilan bog‘liq muammolar va Starlink cheklovlari bir vaqtda yuzaga kelganini Ukrainaga bosim o‘tkazishga qaratilgan ehtimoliy qadam deb baholadi.
"Ehtimol, AQSh bizga: 'Kelinglar, Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazaylik, murosaga kelishingiz kerak', demoqchi", — dedi u Bi-bi-siga.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina kelajakda Starlink tizimi bilan bog‘liq yana qanday muammolar paydo bo‘lishini bilmaydi. Shu sababli Kiev nafaqat havo mudofaasi, balki harbiy qismlar va shtablar o‘rtasidagi aloqa, shuningdek, tinch aholi uchun ham muqobil aloqa tizimlarini izlamoqda.
Zelenskiy Rubio bilan nimalarni muhokama qildi?
Zelenskiy AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatlashganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muloqot aniq masalalarga bag‘ishlangan va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Tomonlar Ukrainaga raketalarni havoda urib tushirish uchun mo‘ljallangan perexvatorlarni yetkazib berish, Rossiya hujumlari haqida oldindan ogohlantirish va Starlink hamda uning harbiy analogi Starshield ishini tiklash zaruratini muhokama qilgan.
"Yordam berishga tayyorlik va aniq pozitsiya uchun minnatdorman", — deb yozdi Zelenskiy.
Bu muloqot Trampning Rossiya Ukraina masalasida "o‘zini yaxshi tutayotgani" haqidagi bayonoti va Zelenskiyga nisbatan tanqidlari fonida o‘tdi.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari Pentagon hozircha Ukrainaga, jumladan, boshqa davlatlardan yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan Patriot havo mudofaasi tizimi raketalarini berishni ma’qullamagani haqida xabar tarqatdi.
Rossiya hujumlarida yana odamlar halok bo‘ldi
Ukrainada Rossiya hujumlari davom etmoqda. Dushanba kuni mamlakatning shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatida dron zarbasi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgani haqida xabar berildi.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, qurbonlar orasida bolalar aravachasidagi go‘dak va 11 yoshli qiz ham bor. Hujum park yaqinidagi kafe atrofida sodir bo‘lgan. Yana 14 kishi jarohatlangan.
Zelenskiy bu hujumni "mutlaqo vahshiylik" deb atadi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Kiev — Odessa avtomobil yo‘lidagi hujum oqibatida ikki yengil mashina yonib ketgan. Uch kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jarohatlangan. Hodisa Kiev viloyatidagi Chabani qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
Kievning Holoseevskiy tumanida esa dronning tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, jarohatlanganlarning besh nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Donald Tramp dushanba kuni AQShning Ukrainaga yordami haqidagi savolga javob berar ekan, "Biz Ukrainaga juda ko‘p narsa berdik. Ular esa bizga hech narsa berishmadi", — dedi.
BBC Starlink kompaniyasidan ham izoh so‘ragan.
19 oktyabr: Zelenskiy: Rossiya ballistik raketalari uchib kelayotgani haqida yana bizga xabar berishmadi

Surat manbasi, Telegram/Zelensky Official
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, 18 oktyabrdan 19 oktyabrga o‘tar kechasi AQSh yana Ukrainani Rossiya ballistik raketalar otgani haqida xabardor qilmagan.
Shu kecha Ukraina rasmiylari xabar qilishlaricha, poytaxti Kiev shahri, Kiev viloyati va boshqa viloyatlarga ko‘p sondagi ballistik va qanotli raketalar va dronlar hujumlariga tutilgan.
Oqibatda Kiev shahrining uch tumanidagi portlashlar bir inson umriga zomin bo‘lgan, sakkiz kishi jarohatlangan.
Kiev metrosining bir stantsiyasi, muz arenasi, savdo markazi shikastlangan.
Kiev viloyatining Irpen shahrida 17 inson yaralangan, 84 inshoot, shu jumladan, 70 ta ko‘p qavatli uyga zarar yetgan.
Dnepropetrovsk viloyati Krivoy Rog shahrida ikki inson halok bo‘lgan, sakkiz kishi jarohatlangan.
Prezident Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida xabar qilishicha, 16 ballistik raketa Kiev shahri va viloyatini nishonga olgan.
Asosan energetika infratuzilmalariga zarba berilgan, kamida yarim million odam elektr quvvatisiz qolgan.

Surat manbasi, Telegram/Zelensky Official
"Yana tun davomida Rossiya ballistika hujumlari va yana sheriklarimizdan ogohlantirish bo‘lmadi", deb yozdi Prezident Zelenskiy.
Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya yakshanba tunida kechki soat 23 larda va tungi soat 3 larda yalpi zarbalar bergan.
Shu vaqtgacha AQSh harbiylari Rossiya hududidan Ukrainaga qarata raketa otilganini Ukraina harbiylariga berar, butun mamlakat bo‘ylab havo hujumidan ogohlantirish tizimi ishlab ketib, odamlar ogohlantiriladi.

13 oktyabrdan Ukraina harbiylari Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i tezligi cheklanishi bilan bir vaqtda Rossiyadan bo‘lgan raketa hujumlari haqida Amerika tomonidan ogohlantirish bo‘lmaganini xabar qildilar.
AQSh rasmiylari Starlink tezligini cheklaganlari, Ukrainaga josuslik ma’lumotlarini bo‘lashishni to‘xtatganlarini rad etib kelmoqdalar.
Yakshanba kuni Prezident Zelenskiyning bir necha ommaviy axborot vositalariga intervyulari e’lon qilindi.
Bloomberg agentligiga Zelenskiy aytishicha, AQSh Ukrainani Rossiyaga taslim bo‘lishga ko‘ndirishni istayapti.
Tramp: men Rossiya bilan tinchlik muzokaralari izdan chiqishini xohlamayman

Surat manbasi, Getty Images
Prezident Zelenskiyning NBC telekanaliga intervyusiga javoban AQSh Prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida katta post qo‘ydi.
Prezident Zelenskiy Vashingtonning Rossiya dizel yoqilg‘isiga nisbatan sanksiyalarni yengillatish va yangi cheklovlarni to‘xtatish qarorini xato dedi.
Zelenskiy Prezident Tramp bu qarorini qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirdi.
"O‘ylaymanki, bu xatolarning hammasi bizga ham, AQShga ham yordam bermaydi", dedi Prezident Zelenskiy.
«Rossiya bo‘yicha mening qarorim juda oddiy. Hozir men Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqdaman va Rossiyani muzokaralar stolidan ahmoqona tarzda uzoqlashtirishi mumkin bo‘lgan hech qanday ishni qilishni istamayman», deb yozdi Prezident Tramp.
Tramp yozishicha, muzokaralarda «sezilarli taraqqiyot»ga erishilgan, jumladan, «asirlarni ozod qilish» masalasida ham.
Tramp yozishicha, Rossiya Eronga yordam berish uchun «deyarli hech narsa qilmayapti, balki umuman hech narsa qilmayotgandir».
Amerika prezidenti yana bir bor Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalarini tanqid qildi va Zelenskiyni aynan shu ob’ektlarni nishon sifatida tanlayotganlikda aybladi.
Trampning fikricha, Zelenskiy bu hujumlar «jahon dizel yoqilg‘isi bozorlariga, jumladan AQSh bozoriga ham jiddiy zarar yetkazayotganini biladi».
«Zelenskiyni bu qiziqtirmaydi. U bu urushni tugatishni istamaydi va ehtimol hech qachon istamagan ham. Ikki yil oldin u hozirgiga qaraganda ancha qulayroq kelishuvga erishishi mumkin edi», deb yozdi Tramp.
Ukraina esa Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari o‘zining qonuniy harbiy nishonlari ekanini ta’kidlab keladi.
Kievga ko‘ra, bu korxonalar Rossiya armiyasini yoqilg‘i bilan ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek neft savdosidan keladigan daromadlar Rossiyaning urushini moliyalashtirishayapti.
Biroq tahlilchilarga ko‘ra, jahon energetika ta’minotini beqarorlashtirayotgan asosiy omil Ukrainaning Rossiya neft zavodlariga zarbalari emas, balki AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushidir.
































