Polshaning ikkinchi yirik shahrida qurolli shaxs hujumi. 6 inson halok bo‘lgan. Nimalar ma’lum?

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Polshaning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lgan Krakov markazida o‘ta o‘ng qarashlar tarafdorlari bilan aloqadorlikda gumon qilinayotgan qurolli shaxs o‘t ochdi.

Kamida olti kishi halok bo‘ldi va o‘ndan ortiq odam jarohat oldi.

Politsiya gumondorning uyini tintuv qilganda u yerdan yana uch kishining jasadi topildi.

Hujum qanday ro‘y berdi?

Hujum mahalliy vaqt bilan soat 15:00 dan sal avval Krakovning sayyohlar orasida mashhur va shaharning gavjum markaziy nuqtasi hisoblangan Markaziy bozor maydonida boshlangan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bir erkak avtomobilda maydonga kirib kelgan va so‘ngra «duch kelgan odamlarga qarata» o‘t ocha boshlagan.

Voqea joyidan tarqalgan videolarda odamlar sarosimaga tushib qochayotgani, o‘q ovozlari esa aniq eshitilishi aks etgan.

Hujumchi, ko‘rinishidan, tasodifiy nishonlarga o‘q uzgan. Bu paytda maydondan o‘tib ketayotgan tramvay ham o‘qqa tutilgan. Tramvay oynalari singan, ammo yo‘lovchilardan hech kim jabrlanmagan.

Rasmiylar ma’lum qilishicha, qurollangan politsiya xodimlari tezda voqea joyiga yetib kelgan va gumondor bilan otishmaga kirishgan. Hujum boshlanganidan uch daqiqa o‘tib hujumchiga qarata o‘q ochilgan va u jarohat olib yiqilgan.

Qo‘lga olingan 25 yoshli kasalxonaga olib ketilgan. Amaliyotdan so‘ng u hali ham shifoxonada qolmoqda.

BBC Verify tomonidan haqiqiyligi tasdiqlangan dahshatli videoda politsiya xodimi yerda yotgan gumondorga yaqinlashib, unga bir necha marta o‘q uzgan lahza tasvirlangan.

Shundan keyin politsiyachi ham jarohat olib, yerga yiqilgan.

Shahar rasmiylari tergov ishlari davom etayotgani sababli mahalliy aholi va sayyohlarni ushbu hududdan uzoqroq turishga chaqirdi.

Politsiyaning bildirishicha, shu yaqin atrofda gumondorning avtomobili topilgan. Mashina ichi portlovchi qurilmalar bor-yo‘qligi bo‘yicha tekshirilgan, ammo hech qanday portlovchi vosita aniqlanmagan. Amaliyot davomida yaqin atrofdagi binolar aholisi evakuatsiya qilingan.

Olti kishi, jumladan to‘rt ayol va ikki erkak halok bo‘lgani tasdiqlangan. Qurbonlar orasida Britaniya fuqarosi ham bor. Uch nafar halok bo‘lgan shaxs Polsha fuqarosi ekani ma’lum, yana ikki qurbon hozircha aniqlanmagan.

Besh nafar xorijlik, ikki politsiya xodimi va hujumchi doxil , jami 16 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Keyinroq Ichki ishlar vazirligi jabrlanganlar Avstriya, Britaniya, Germaniya, Portugaliya va Rossiya fuqarolari ekanini ma’lum qildi.

Polsha hukumati vazirlaridan biri hujumchini hibsga olish chog‘ida uch marta o‘q yegan politsiya xodimlaridan biri «o‘ta og‘ir ahvolda» ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, politsiyachiga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda.

Hujumdan keyin qurolli shaxsning uyi tintuv qilinganda ikki ayol va bir erkakning jasadi topilgan.

Yakshanba kuni Polsha politsiyasi ushbu uch qurbon hujumchining ota-onasi va 21 yoshli singlisi ekanini tasdiqladi.

Hujumchi kim?

Politsiya hujumchini 25 yoshli Polsha fuqarosi sifatida aniqlagan, ammo uning ismini hozircha e’lon qilmagan.

Politsiya vakilining ma’lum qilishicha, gumondor «harbiy uslubdagi kiyim» kiygan va harbiy toifadagi qurol bilan qurollangan bo‘lgan. Biroq rasmiylar uning harbiy xizmatchi emasligini ta’kidladi.

«Uning avtomobilidan ko‘p miqdorda qurol va o‘q-dorilar topildi», dedi politsiya vakili.

Polsha ommaviy axborot vositalari gumondorda qurol saqlash ruxsatnomasi bo‘lgani va qurollarni oilasi yashaydigan uydan olgan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

Vazirlardan birining aytishicha, dastlabki tergov natijalari uning «o‘ta o‘ng mafkuralar» ta’sirida harakat qilganini ko‘rsatmoqda. U shuningdek gumondorni «ashaddiy millatchi» deb atadi, ammo bunga oid qo‘shimcha tafsilot bermadi.

Krakovdan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Ostrovets-Shventokshiski shahridagi uning uyi terrorizmga qarshi kurash bo‘linmalari ko‘magida tintuv qilingan.