Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Sun’iy intellekt va qiyomat: Nega ayrimlar SIni Dajjol, deb hisoblaydi?
"Sun’iy intellekt qiyomat yaqinlashishida katta rol o‘ynaydi."
Bu insoniyatga yaqinlashayotgan xavf haqida ogohlantirayotgan yirik texnologiya kompaniyalaridan birining mutaxassisi aytgan gap emas.
Bu so‘zlarni Atlantada faoliyat yurituvchi, katta ta’sirga ega ruhoniy Filip Entoni Mitchell aytgan.
U "qiyomat" deganda dunyoning oxirini nazarda tutadi.
Mitchell bu fikrni bildirganiga bir yildan oshdi. Bugun esa TikTok, podkastlar va kitoblar orqali o‘z qarashlarini yoyayotgan boshqa taniqli nasroniylar ham sun’iy intellekt dunyoning halokatiga turtki bo‘lishi mumkinmi, degan savolni muhokama qilmoqda.
"Sun’iy intellekt qiyomat stsenariysining bir qismi bo‘lishi mumkinmi?" deya savol qo‘yadi yirik cherkov ruhoniysi Greg Lori.
"Bunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas", deydi u.
Ruhoniy Mayk Sinorelli esa podkast tinglovchilarini shunday ogohlantiradi: "Sun’iy intellekt Dajjol paydo bo‘lishiga olib keladigan jarayonning ajralmas qismidir."
Bu ruhoniylarning barchasi sun’iy intellektdan ezgu maqsadlarda ham foydalanish mumkinligini tan oladi. Ammo ular Dajjol, ya’ni Shaytonning vakili, undan odamlarni Xudo o‘rniga o‘ziga sig‘inishga undash uchun foydalanishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Nasroniylikda qiyomat va Dajjol
Nasroniylikda "qiyomat" tushunchasi Yer yuzidagi hayotning so‘nggi kunlari haqidagi bashoratlarni anglatadi.
Dajjol Xudoning dushmani sifatida tasavvur qilinadi. Bu qarashga ko‘ra, u hokimiyatni qo‘lga oladi, ammo keyinchalik Iso Masih tomonidan mag‘lub etiladi.
Bu tasavvurlarning katta qismi Bibliyaning so‘nggi kitobi bo‘lgan Vahiy kitobiga asoslangan. Unda, jumladan, yetti boshli va o‘n shoxli "dengizdan chiqqan maxluq" kabi dahshatli timsollar tasvirlangan. Ayrimlar bu maxluq Dajjolni ifodalaydi, deb hisoblaydi.
Ko‘plab nasroniylar Vahiy kitobidagi tasvirlarni ramziy ma’noda qabul qiladi. Ayrim talqinlarga ko‘ra, ular Rim imperiyasi davrida ilk nasroniylarning ta’qib qilinishi bilan bog‘liq.
Ammo boshqalar bu matnlarni kelajak haqidagi bashorat deb biladi.
Ularning ayrimlari sun’iy intellektni Vahiy kitobida tilga olingan"ikkinchi maxluq", insoniyatni Dajjolga sig‘inishga aldaydigan"soxta payg‘ambar", hatto Dajjolning o‘zi bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.
Nega sun’iy intellekt qo‘rquv uyg‘otyapti?
Sun’iy intellekt dunyoni o‘zgartirayotgani shubhasiz. Uning qudrati va imkoniyatlari esa turli xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Sobiq Anthropic tadqiqotchisi Jeykob Kokson yaqin kelajakda "hammamiz halok bo‘lishimiz mumkinligi" haqida gapirgan. Yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari esa sun’iy intellekt rivojlanishi sur’ati sekinlashtirilmasa, u jiddiy xavflar tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Sun’iy intellekt va texnologiya etikasi bo‘yicha mutaxassis, Saint John's School of Theology and Seminary professori Norin Xertsfeldning aytishicha, jamiyat katta o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan davrlarda qiyomat haqidagi qarashlar ham kuchayadi.
"Qiyomat haqidagi muhokamalar katta o‘zgarishlar davrida avj oladi. Bu odamlarga jamiyatdagi bosim va beqarorlikni tushunish imkonini beradi. Ular bo‘layotgan voqealar tasodifiy emas, balki Xudoning rejasining bir qismi, deb qabul qiladi."
Xertsfeld sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini sanoat inqilobi bilan qiyoslaydi. Uning aytishicha, bunday o‘zgarishlar katta noaniqlik va xavotirni keltirib chiqaradi.
"Biz juda tez o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Kompyuter texnologiyalari ilgari hech qachon kuzatilmagan sur’atda rivojlanmoqda.
Bizga bu texnologiya ish o‘rinlarini egallashi, hamma narsani o‘zgartirishi, inqilob qilishi aytilyapti. Bunday shiddatli o‘zgarishlarni odamlar juda qiyin qabul qiladi."
Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarda vaziyatni nazorat qilish imkonini yo‘qotayotgandek his ham paydo bo‘lmoqda. Xohlaymizmi-yo‘qmi, sun’iy intellekt allaqachon ko‘pchiligimizning hayotiga kirib kelgan.
Buning ustiga, Kremniy vodiysi vakillaridan "sun’iy intellekt barchamizni yo‘q qilishi ehtimoli 10 yoki 15 foizni tashkil etadi" qabilidagi ogohlantirishlar ham yangramoqda.
"Agar odamlar hamon hamma narsa Xudoning nazoratida ekanini, bularning barchasida muayyan maqsad borligini va bu taqdirda belgilanganini his qilsa, ular: "Bu vaziyatni qanday qarshi olaman? Nima qilishim kerak? Qanday qilib yovuzlik emas, ezgulik tarafida bo‘laman?", degan savollarni berishi mumkin", deydi Xertsfeld.
AQShliklarning qariyb 40 foizi qiyomat zamonida yashayotganiga ishonadi
2022 yilda Pew Research Center o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, AQShdagi katta yoshli aholining qariyb 40 foizi insoniyat qiyomat zamonida yashayotganiga ishonadi.
Nasroniylar orasida esa bu ko‘rsatkich 47 foizga yetadi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu qarash o‘nlab yillar davomida qayta-qayta paydo bo‘lib kelgan. Har bir davrda o‘sha paytdagi xavotirlar Dajjol timsoli bilan bog‘langan.
Shimoliy Karolinadagi Elon University professori Jeffri Si Pyu shunday deydi: "Mening buvim Franklin Delano Ruzveltni Dajjol deb o‘ylardi."
AQSh prezidenti Ruzvelt Buyuk depressiya avjiga chiqqan, jamiyatda noaniqlik va qashshoqlik hukm surgan paytda hokimiyatga kelgan. U taklif qilgan"Yangi kurs" dasturi o‘sha davr uchun inqilobiy hisoblangan.
Pyuning aytishicha, buvisining qarashi "zamonaviy voqealarni Bibliyadagi muayyan hikoyaga moslashga urinish qanchalik mantiqsiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi".
AQShda qiyomat haqidagi gap-so‘zlar ilgari ham bo‘lgan, ammo bu qarashlar 1960-yillarda ayniqsa keng tarqalgan.
"Bu jamiyatda katta beqarorliklar yuz bergan o‘ziga xos bir davr edi", deydi Pyu.
U siyosiy yetakchilarning o‘ldirilishi, Martin Lyuter King qatli, irqiy tengsizlikka qarshi noroziliklar hamda urushga qarshi namoyishlardan yoshlar kontrmadaniyatigacha bo‘lgan o‘zgarishlarni eslaydi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Dahshatli texnologiyalar"
1970-yillarda The Late Great Planet Earth kitobi mashhur bo‘ldi. Unda qiyomat haqidagi bashoratlar o‘sha davrdagi voqealar va geosiyosat bilan bevosita bog‘langan edi.
"Shundan keyin jamiyatdagi har bir katta silkinish qiyomat haqidagi tasavvurlarga bog‘lana boshladi", deydi Pyu.
Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqi va kommunizm Dajjol bilan bog‘langan.
11- sentyabr hujumlaridan keyin esa ayrim nasroniylar bu timsolni Islom bilan bog‘lay boshlagan.
"Qaysi davrda yashasangiz, o‘sha davrning qo‘rquvlari qiyomat haqidagi tasavvurlarda o‘z aksini topadi", deydi Pyu.
Made in Our Image: God, Artificial Intelligence, and You kitobi muallifi, avstraliyalik ruhoniy Stiven Driskoll Dajjol kim yoki nima ekanini aniq bilmasligini aytadi.
Uning fikricha, sun’iy intellekt "insoniyat yaratgan eng dahshatli texnologiyalardan biri" va shu bois Dajjol bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni butunlay istisno qilib bo‘lmaydi.
Ammo Driskoll Bibliyadan kelajakni bashorat qilish vositasi sifatida foydalanish unchalik to‘g‘ri emas, deb hisoblaydi.
"Bibliya Dajjol kim ekani haqida taxmin qilishdan ko‘ra ancha ko‘proq narsani taklif etadi", deydi u.
Uning aytishicha, Bibliya "bizni o‘zgarishlarga tayyorlaydi, mehnat haqida diniy tushunchalar beradi va sun’iy intellektni insoniy qadriyatlarga moslashtirish masalasiga real yondashishimizga yordam beradi".
"Xudoga itoat qilish"
Driskollning aytishicha, Qadimgi Ahdda don yanchishga mo‘ljallangan moslamalar kabi qishloq xo‘jaligidagi texnologik yangiliklar haqida gap boradi va "bularning barchasi Parvardigordan ekani" aytiladi.
"Xudo texnologik donishmandlik Xudosidir."
Uning fikricha, tosh, bronza, temir va po‘latdan tortib yadro texnologiyalari va sun’iy intellektgacha bo‘lgan barcha texnologik davrlar oxir-oqibat Xudoning nazorati ostidadir.
Qadimgi Ahddagi Doniyor qissasini misol qilib, Driskoll uning turli texnologiyalarga ega bo‘lgan bir necha imperiya hukmronligi ostida yashaganini aytadi.
Doniyor "zamonni nazorat qilish yoki kelayotgan imperiyalarni, hatto ular fojia olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, to‘xtatishga qodir emas edi".
"Ammo u qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z e’tiqodiga sodiq va umidli bo‘lib qolishi, munosib yashashi, odamlarni sevishi va Xudoga itoat qilishi mumkin edi.
U zamonni nazorat qila olmasdi, ammo munosib yashay olardi."
Demak, dunyo haqiqatan ham yakuniga yaqinlashyaptimi yoki yo‘qmi, Driskoll nazarida, oxir-oqibat hammasi ezgulik bilan yakunlanadi.
"Sodir bo‘layotgan har bir narsa yaxshi emas", deydi Driskoll. Ammo eng muhimi, uning so‘zlariga ko‘ra,"Xudo ezgudir va hamma narsa Uning nazoratida".