Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Markaziy Osiyo Rossiyaga raqamli qaramlik oqibatini anglab yetdi
Markaziy Osiyo Rossiyaga qaramlik sharoitida raqamli infratuzilmasini qayta shakllantirishga intilayapti.
Oktyabr oyida Ukraina dronlarining Rossiyadagi ma’lumotlar markazlariga qarshi hujumlari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi raqamli xizmatlar uzilishlariga sabab bo‘ldi.
"Bu esa mintaqa hukumatlari yillar davomida bartaraf etishga intilib kelayotgan zaif nuqtani oshkor qildi", deb yozadi BBC Monitoring.
Rossiyadagi dron hujumlari ortidan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi Yandex Go foydalanuvchilari taksi chaqirish va yetkazib berish xizmatlaridan foydalanishda muammolarga duch keldilar.
Haydovchilar va kurerlar buyurtmalarni qabul qilish hamda to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch keldilar.
Bu voqealar Markaziy Osiyoning Rossiya texnologik infratuzilmasiga qay darajada bog‘liq ekani va mintaqa hukumatlari raqamli suverenitetni ta’minlash uchun yetarli choralar ko‘rayotgan-ko‘rmayotgani haqidagi savollarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro internet yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy ma’lumotlar markazlari va yuqori unumdor hisoblash quvvatlarini kengaytirish, shuningdek, xorijiy texnologiyaviy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirgan.
Qozog‘iston va Ozarbayjonni bog‘laydigan Transkaspiy optik tolali kabel yo‘nalishi hamda Tojikistonning Xitoy bilan yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi Rossiya orqali o‘tuvchi tranzitga qaramlikni kamaytirishi kutilmoqda.
Chegaralardan ham oshib o‘tgan uzilishlar
11 oktyabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatidagi ma’lumotlar markaziga qilingan hujumdan so‘ng Qozog‘istonda Yandex xizmatlari ishida uzilishlar kuzatildi.
Shunga o‘xshash muammolar O‘zbekistonda ham qayd etildi, Yandex Go xizmati bir necha soat davomida ishlamay qoldi.
Kompaniyaning bildirishicha, uning taqsimlangan hisoblash infratuzilmasi shunday tuzilganki, bir hududdagi infratuzilmada yuzaga kelgan nosozlik boshqa bozorlardagi xizmatlar ishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Yandex ekotizimi bugun nafaqat taksi va yetkazib berish, balki restoranlar, elektron tijorat, aqlli uy tizimlari va boshqa ko‘plab bizneslar uchun muhim texnologik infratuzilmaga aylangan», deb yozdi O‘zbekistondagi Yandex Go ga raqobatchi MyTaxi asoschisi Akmal Payziev.
U mazkur izohi orqali Yandex xizmatlaridagi uzilishlar ta’siri naqadar keng ko‘lamli bo‘lganini ta’kidladi.
Yandex xizmatlaridagi uzilishlar Markaziy Osiyo bilan Rossiya o‘rtasidagi texnologik bog‘liqlik naqadar kengligini ham namoyon etdi.
Bu bog‘liqlik iste’molchilar uchun mo‘ljallangan ilovalar, onlayn bozorlar, bulutli xizmatlar va xalqaro internet aloqalarini qamrab oladi.
Bundan avval kuzatilgan Wildberries va Ozon kabi Rossiya onlayn savdo platformalari faoliyatidagi uzilishlar ham Rossiya logistika infratuzilmasidan foydalanuvchi mintaqa eksportchilari uchun salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgan edi.
Rossiya platformalari mintaqa raqamli iqtisodiyotida hanuz muhim o‘rin tutadi.
Bunga rus tilining keng tarqalgani, mavjud tijoriy aloqalar hamda rus tilida so‘zlashuvchi bozorlar uchun yaratilgan xizmatlarning keng taklif etilayotgani omil bo‘lmoqda.
Mahalliy ma’lumot mahalliy infratuzilma deganini anglatmaydi
Uzilishlar ortidan Qozog‘iston Sun’iy idrok va raqamli rivojlanish vazirligi Yandexning qozog‘istonlik foydalanuvchilari shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan serverlar mamlakat hududida joylashgani va odatdagidek ishlayotganini ma’lum qildi.
Biroq vazirlik taksi va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan «ayrim komponentlar mamlakat tashqarisida joylashganini» ham tan oldi.
Qozog‘iston bundan oldin ham Yandex infratuzilmasining bir qismini mahalliylashtirishga uringan.
2024 yilda Yandex Kazakhstan o‘zining bulutli xizmatlari Qarag‘anda shahridagi ma’lumotlar markaziga joylashtirilganini e’lon qilgan edi.
Bu qadam xizmatlarni mahalliy foydalanuvchilarga yaqinlashtirish maqsadida amalga oshirilgani xabar qilingan edi.
Biroq oktyabrdagi uzilishlardan keyin qozog‘istonlik jurnalistlar, agar mahalliylashtirish xizmatni yetarlicha mustaqil qilgan bo‘lsa, nega u hali ham Rossiyadagi ob’ektlarda ro‘y berayotgan nosozliklarga bog‘lq bo‘lib qolayotganini savol ostiga oldilar.
«Qozog‘istonga serverlarni ko‘chirish va xizmatni qozog‘istonlik foydalanuvchilarga yaqinlashtirish uchun ko‘rilgan boshqa choralarning hammasi ko‘zbo‘yamachilik bo‘lib chiqqanmi?» deb savol qo‘ydi jurnalist Mixail Kozachkov.
Yana bir jurnalist Ayan Sheripbaev esa mamlakat raqamli infratuzilmasining mustaqil ishlashini ta’minlash bo‘yicha berilgan va’dalar «bajarilmagani» uchun Qozog‘iston hukumatini tanqid qildi.
«Chegaralarimizdan minglab kilometr uzoqlikdagi zarbalar butun haqiqatni oshkor qildi. Ular faqat o‘z cho‘ntaklarini to‘ldirish bilan band bo‘lgan», dedi u.
Internet aloqasi ham alohida xavfni yuzaga keltiradi
Markaziy Osiyo jahon okeaniga chiqish imkoniyatiga ega emas va xalqaro tarmoqlarga ulanish uchun quruqlik orqali yotqizilgan optik tolali kabellarga tayanadi. Tarixan bu borada Rossiya shimoliy yo‘nalishdagi asosiy darvoza vazifasini bajarib kelgan.
2026 yil aprelida Carnegie Endowment uchun yozgan maqolasida tahlilchi Arujan Meyrxanova Qozog‘iston internet trafigining taxminan 95 foizi Rossiya tarmoqlari orqali o‘tishini, qozog‘istonlik internet-provayderlar esa xalqaro kanal sig‘imining qariyb 80 foizini Rossiya operatorlaridan olishini qayd etgan. «Bu qaramlik Qirg‘iziston va O‘zbekistonga ham ta’sir qiladi», deb yozgan u.
Internet Societyning 2025 yilgi hisobotida qayd etilishicha, Qozog‘iston bilan Rossiya o‘rtasida 17 ta optik tolali aloqa liniyasi mavjud bo‘lib, bu Xitoy va boshqa Markaziy Osiyo qo‘shnilari bilan mavjud bog‘lanishlardan ancha ko‘pdir.
Qirg‘iziston Rossiya tarmoqlariga va ular orqali boshqa xalqaro yo‘nalishlarga chiqish uchun katta darajada Qozog‘istonga tayanadi. O‘zbekiston ham xalqaro tranzitning muhim qismida Qozog‘iston orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarga bog‘liq hisoblanadi.
Jahon banki 2022 yil mart oyida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston internet kanallarining aksar qismi manbasi Rossiyadir.
Bu jarayonda Rostelecom, MegaFon va Qozog‘istonning Transtelecom kompaniyalari asosiy provayderlar hisoblanadilar. Jahon banki tizim barqarorligini oshirish uchun xalqaro tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga chaqirgan.
Internet Societyning mahalliy keshlash bo‘yicha ma’lumotlari ham ichki infratuzilmaning cheklangan imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Oktyabr holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda eng ko‘p murojaat qilinadigan 1000 ta veb-saytning faqat 44 foizi mamlakat ichidagi server yoki kesh orqali ochiladi. Bu ko‘rsatkich Qirg‘izistonda 42 foiz, O‘zbekistonda 27 foiz, Tojikistonda 15 foiz va Turkmanistonda 11 foizni tashkil etadi. Bu tez-tez foydalaniladigan kontentning katta qismi hali ham milliy chegaralar tashqarisidagi aloqalarga bog‘liq ekanini anglatadi.
2024 yil avgust oyida Rossiyada YouTube, Telegram, WhatsApp va boshqa internet xizmatlari bilan bog‘liq muammolar haqida xabarlar tarqalgan bir paytda Qozog‘istonda ham internet tezligi pasaygani kuzatilgan. Muammolar sahifalarning sekin yuklanishidan tortib, xizmatlarning butunlay ishlamay qolishigacha borgan.
O‘sha paytda mahalliy ekspertlar Qozog‘istonning Rossiya tarmoqlariga kuchli bog‘liqligidan xavotir bildirgandilar. Ularga ko‘ra, Rossiyada nomaqbul deb topilgan kontentni bloklash uchun qo‘llanadigan texnik uskunalar o‘sha magistral kabellar orqali ulangan boshqa mamlakatlar tarmoqlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Rossiyani chetlab o‘tadigan yo‘llar barpo etish
Markaziy Osiyo hukumatlari muqobil xalqaro aloqalarni yaratish va ma’lumotlar markazlari quvvatlarini kengaytirish orqali raqamli barqarorlikni ta’minlashga harakat qilmoqdalar.
15 oktyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qaev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev Kaspiy dengizi tubi orqali Aqtau va Sumgayit shaharlarini bog‘laydigan 380 kilometrlik optik tolali aloqa liniyasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Qozog‘istonning suveren jamg‘armasi «Samruq-Qazina» ma’lum qilishicha, mazkur kabelning loyihaviy o‘tkazuvchanlik quvvati kamida 400 Tbit/s ni tashkil etadi. U Janubiy Kavkaz orqali kengroq xalqaro tarmoqlarga, jumladan Qora dengiz va O‘rta yer dengizidagi suvosti tizimlariga ulanish uchun mo‘ljallangan.
Loyiha Qozog‘istonga Rossiya hududini chetlab o‘tuvchi g‘arbiy xalqaro yo‘nalishni taqdim etishi kutilmoqda. Shuningdek, kabelni mamlakatning ichki hisoblash infratuzilmasi, xususan Markaziy Osiyodagi eng ulkan loyihalardan biri sanaluvchi Ekibastuz shahridagi Data Centre Valley majmuasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash rejalashtirilgan.
Bundan avval Saudiya Arabistonida joylashgan DataVolt kompaniyasi bosh ijrochi direktori Rajit Nanda O‘zbekiston ham Transkaspiy optik tolali kabelga ulanishdan manfaatdor ekanini aytgan edi. Spot.uz keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Nanda bu ulanish Yevropa orqali o‘tuvchi mavjud ma’lumotlar trafigi yo‘nalishlariga muqobil yo‘l yaratib, aloqa xavfsizligini oshirish va iqtisodiyotga milliardlab dollarlik foyda keltirishi mumkinligini ta’kidlagan.
Qozog‘iston-Ozarbayjon yo‘nalishi ishga tushirilganidan bir necha kun o‘tib, Tojikiston ham Ko‘lma-Qorasuv tog‘ dovoni orqali Xitoyga chiquvchi 1010 kilometrlik optik tolali koridor foydalanishga topshirilganini e’lon qildi.
China Mobile International kompaniyasi ishtirokida qurilgan yangi yo‘nalish dastlab sekundiga 1 Tbitgacha bo‘lgan ma’lumot uzatish tezligini ta’minlashi kutilmoqda. Keyinchalik uning quvvatini 10 Tbit/s gacha oshirish rejalashtirilgan.
Xitoy ushbu loyihaning ishga tushirilishini «Markaziy Osiyoda xalqaro tarmoq infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim bosqich» va «Raqamli Ipak yo‘li» kontseptsiyasining amaliy ifodasi deb baholadi.
Qozog‘istonning raqamli xabga aylanish intilishi
Qozog‘iston mintaqadagi eng ulkan raqamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgan davlatlardan biri hisoblanadi.
2025 yil mart oyida hukumat Singapurda joylashgan GK Hyperscale kompaniyasi bilan umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik investitsiya kelishuvini imzoladi. Loyiha umumiy IT quvvati 200 megavatt bo‘lgan ikkita gipermasshtabli ma’lumotlar markazini qurishni nazarda tutadi.
Qozog‘istonning Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madievning ta’kidlashicha, «bunday ko‘lam va sifatdagi loyiha Microsoft, Google va Amazon kabi xalqaro texnologiya gigantlarini, shuningdek, katta ma’lumotlar va sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarni jalb qilishga yordam beradi. Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning Markaziy Osiyodagi raqamli xab sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, IT xizmatlari eksportining yanada o‘sishi uchun sharoit yaratadi».
Mamlakat, shuningdek, Ekibastuz shahrida yanada yirik Data Centre Valley loyihasini rivojlantirmoqda. Unda amerikalik Firebird kompaniyasi va Nvidia ishtirok etmoqda.
Kursiv.media ma’lumotlariga ko‘ra, 10 milliard dollarlik kelishuvlar doirasida 100 mingta zamonaviy grafik protsessordan (GPU) foydalanuvchi hisoblash klasteri barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihaning dastlabki elektr quvvati 300 megavattni tashkil etadi, keyinchalik esa uni 1 gigavattgacha kengaytirish imkoniyati mavjud.
Hukumat mazkur loyihani Qozog‘istonning mustaqil bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt salohiyatini shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining muhim qismi sifatida targ‘ib qilmoqda.
Prezident Qosim-Jomart To‘qaev yuqori unumdor hisoblash texnologiyalarini milliy ustuvor yo‘nalishlardan biri deb belgilagan. Hozirning o‘zida Qozog‘istonda ikkita superkompyuter tizimi mavjud. 23 oktyabr kuni To‘qaev uchinchi superkompyuterni yaratish rejacini ham e’lon qildi, ammo u qaerda joylashtirilishi va qachon ishga tushirilishi haqida xabar berilgani yo‘q.
O‘zbekistonning raqamli investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi
O‘zbekiston ham xorijiy texnologiya kompaniyalarini faol jalb qilish orqali o‘zining ichki raqamli quvvatlarini kengaytirmoqda.
Sentyabr oyida davlat telekommunikatsiya operatori Uztelecom Buxoro va Qo‘qon shaharlarida yangi ma’lumotlar markazlarini ishga tushirdi. Bu inshootlar milliy UzCloud platformasining bir qismi bo‘lib, bulutli xizmatlar, ma’lumotlarni zaxiralash, sun’iy intellekt va yuqori unumdor hisoblash xizmatlarini taqdim etadi.
Toshkentda ham xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda yirik ob’ektlar barpo etlayapti. IT Park Uzbekistan hududida DataVolt ma’lumotlar markazi qurilayapti. Hukumat ushbu inshootni mamlakatning hisoblash quvvatlarini kengaytirish hamda raqamli xizmatlar va hisoblash resurslari eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiluvchi infratuzilma sifatida baholamoqda.
Iyun oyida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oracle va DataVolt bulutli infratuzilma hamda ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi.
O‘zbekiston, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda yirik sun’iy intellekt hisoblash quvvatlarini shakllantirishga intilmoqda. Sentyabr oyida umumiy qiymati 8 milliard dollar bo‘lgan oltita sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazi loyihasi e’lon qilindi.
O‘zbekiston ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish strategiyasini uzoq muddatli energetika rejalashtirishi bilan ham bog‘lamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lumotlar markazlari uchun elektr energiyasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, zaxira elektr ta’minoti, sovutish va saqlash tizimlari bilan ta’minlangan maxsus maydonlar ajratilishi lozimligini ta’kidladi.
20 oktyabr kuni Gazeta.uz uchun yozgan sharhida tadqiqotchi Behzodxon Alixanov O‘zbekiston global sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari sohasidagi investitsiyalarni jalb qilish uchun yaxshi imkoniyatga ega ekanini qayd etdi.
Biroq, uning fikricha, buning uchun investorlarga tayyor yer maydonlari, ishonchli elektr ta’minoti va barqaror huquqiy kafolatlar taklif qilinmog‘i lozim.
U, shuningdek, mamlakatda hozircha yirik loyihalar uchun zarur bo‘lgan 200-500 megavatt elektr quvvati kafolatlangan maydonlar yetarli emasligini ta’kidladi. Alixanovning fikricha, O‘zbekiston alohida tranzit davlatlarga qaramlikni kamaytirish uchun kamida uchta mustaqil xalqaro optik tolali aloqa yo‘nalishini shakllantirishi lozim.
Yanada barqaror raqamli mintaqa
Markaziy Osiyo hukumatlari raqamli infratuzilmani tobora ko‘proq strategik ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rmoqdalar.
2026 yil may oyida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov shunday dedi:
«O‘z ma’lumotlarini kim nazorat qilsa, o‘z kelajagini ham o‘sha nazorat qiladi. Tashqi infratuzilma, algoritmlar va tizimlarga qaram bo‘lgan har qanday davlat zaif bo‘lib qolaveradi».
U mintaqa davlatlarini «umumiy modellar, birgalikdagi hisoblash quvvatlari va ma’lumotlar markazlari»ni yaratish yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirdi.
«Biz faqat foydalanuvchilar emas, balki global raqamli kun tartibining teng huquqli me’morlariga aylanishimiz mumkin», dedi Japarov.
Iyun oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev mamlakatda elektron tijorat bozori kengayib borayotgani va raqamli iqtisodiyotga jamoatchilik ishonchi ortib borayotganini ta’kidladi.
«Bu sur’atni saqlab qolish uchun davlat infratuzilma rivoji texnologik taraqqiyot bilan hamqadam bo‘lishini ta’minlashi zarur. Shuning uchun Data Centre Valley megaloyihasini ishga tushirish strategik ahamiyatga ega. U dunyoning yetakchi Big Tech kompaniyalari uchun kuchli jalb qilish markaziga aylanishi kerak», dedi Prezident To‘qaev.
Uning ta’kidlashicha, «mohiyatan, bu Qozog‘istonning raqamli suvereniteti barpo etilayotgan palla bo‘lib, mamlakatni Yangi Ipak yo‘lidagi yuqori texnologiyali xab sifatida shakllantirmoqda».
8 oktyabr kuni Turkmanistonda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining maslahat sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zaro bog‘langan milliy ma’lumotlar markazlariga tayanuvchi umumiy hisoblash infratuzilmasini barpo etish taklifini ilgari surdi.
«Bu hisoblash quvvatlaridan yanada samarali foydalanish, o‘zimizga tegishli raqamli mahsulotlarni rivojlantirish va yirik sun’iy intellekt loyihalari uchun sharoit yaratish imkonini beradi», dedi Prezident Mirziyoyev.