O‘zbekiston va mintaqa: Rossiya harbiy bazalari himoyami yoki 'suverenitetga tahdid'?

Surat manbasi, Mikhail KLIMENTYEV / SPUTNIK / AFP via Getty Images
Rossiya dunyoning Markaziy Osiyoda o‘zining eng ko‘p harbiy inshootlariga ega yagona davlati bo‘ladi.
Rossiya bazalari juda muhim va zarurmi?
Rossiya harbiy bazalarining mintaqadagi hozirligi esa shu kunlarda yana kun tartibiga chiqdi.
Bu haqda ODKB Bosh kotibi gapirdi, Taalatbek Masadikov yaqinda videoko‘prik ko‘rinishida brifing o‘tkazdi.
Videko‘prikda Moskva, Minsk, Ostona va Bishkek o‘zaro bog‘landi.
Brifingning o‘tgan oy Moskvada bo‘lib o‘tgan, Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan xalqaro anjumanga bag‘ishlangani aytildi.
Xuddi shu anjuman chog‘ida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Afg‘onistondan Markaziy Osiyoga terrorchilar kirib kelishi xavfi haqida ogohlantirgan.
Sergey Lavrov yana Afg‘onistonning uch Markaziy Osiyo davlati - Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegaradosh tumanlarida terrorchi va ekstremistik guruhlarning sezilarli darajada mavjudligi saqlanib qolayotganligini ta’kidlagan.
"Ushbu guruh a’zolari Markaziy Osiyo davlatlari hududiga, jumladan, qochqinlar yoki hatto sayyohlar niqobi ostida kirishga urinmoqdalar," — deb da’vo qilgan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Lavrovga ko‘ra, asosiy xavf IShIDning Xuroson qanoti jangarilaridan kelayapti.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri fikricha, ular Afg‘onistondagi barqarorlikka putur yetkazishga urinishayapti.
"Afg‘onistondan o‘z terrorchilik faoliyatlarini Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasiga yoyish uchun o‘ziga xos platsdarm sifatida foydalanishga intilashayapti".
O‘ziga berilgan savollardan biriga javoban esa ODKB Markaziy Osiyodagi Rossiya harbiy bazalarining ahamiyati haqida gapirgan.
ODKB Bosh kotibi fikricha, Rossiya harbiy bazalarining Markaziy Osiyoda bo‘lishi juda muhim va zarur.
"Ularning Markaziy Osiyoda bo‘lishi juda muhim va zarur; buning asosiy sabablaridan biri shundaki, zarurat tug‘ilgan taqdirda ular mamlakatlarimizning asosiy harbiy kuchlariga yordam ko‘rsatishlari mumkin", — deb ta’kidlagan Taalatbek Masadikov.
ODKB Bosh kotibiga ko‘ra, mintaqa davlatlarida Rossiya bazalarining hozirligi ijobiy ta’sirga ega va terrorchilik tashkilotlariga qarshi tiyib turuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mintaqaning geostrategik joylashuvi muhim - Ukraina bilan urushayotgan Rossiya, yana Xitoy, yaqinda AQSh va Isroilning keng ko‘lamli hujumlari ostida qolgan Eronga bevosita chegaradosh.
O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston misolida, besh yildirki, yana Tolibon boshqaruvi ostida qolayotgan Afg‘onistonga ham.
So‘nggi paytlarda G‘arbda Xitoy ham Tojikistonda o‘zining harbiy hozirligini kuchaytirayotganiga oid chiqishlarning soni ortgan.
O‘tgan yili esa Hindiston Tojikistondagi Ayniy havo bazasini butkul tark etganiga oid xabarlar olingan.
Mintaqadagi bu ikki global yadroviy qudratning o‘zi ham o‘zaro adovatda.
Rossiya hozir ham Markaziy Osiyoda o‘zining eng ko‘p harbiy inshootlariga ega yagona davlat bo‘lib turibdi.
Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi Tojikistonda joylashgan.
Qirg‘izistonning Kantidagi havo bazasidan esa Rossiya ham, ODKB ham foydalanadi.
Bu Markaziy Osiyo davlatida Rossiyaning yana boshqa harbiy inshootlari bor.
Rossiya Qozog‘istonning Sovet davridan qolgan Boyqo‘ng‘ir kosmodromini ham ijaraga olgan.
Ammo Rossiyaning mintaqadagi bu kabi hozirligiga berilayotgan baholar bir xil emas.
Boshqa tomondan, bu bazalarning hozirligiga oid shartnomalarni cho‘zmaslik hatto hozir ham mezbon mintaqa davlatlari uchun hassos, nozik masalalardan biri sifatida ko‘riladi.
Kim nima deydi?

Surat manbasi, RUS Defence Ministry/Handout/Anadolu Agency via Getty Images
Rossiya harbiy bazalarining Markaziy Osiyodagi hozirligi borasida qarashlar turlicha ekanini ODKB Bosh kotibining o‘zi ham e’tirof etgan.
Taalatbek Masadikovga ko‘ra, ayrimlar bu kabi masalalardan foydalanib, turli taxminlarni urchitishga urinishadi, ammo ular quruq gap bo‘lib chiqadi.
Xuddi shu xabarlar manzarasida BBC O‘zbek xizmati bugungi vaziyat manzarasida Rossiya bazalarining mintaqadagi hozirligi borasida ayrim xalqaro ekspertlarning fikrlari bilan ham qiziqdi.
Londondan tahlilchi Alisher Ilhomov fikricha, "umuman olganda, ushbu bazalarning barchasi mazkur mamlakatlar suverenitetiga ma’lum darajada xavf tug‘diradi."
"Bu — Rossiya tayanishi mumkin bo‘lgan vositalardan biridir. Rossiya bundan mintaqa davlatlari suverenitetini, yoki ularning ko‘p vektorli siyosat yuritish, o‘z suverenitetlarini himoya qilish va Rossiyaga qaramliklarini kamaytirishga qaratilgan intilishlarini cheklash uchun foydalanadi", - deydi u.
Rossiya mintaqadagi harbiy hozirligini asosan Afg‘oniston tahdidi bilan asoslab, izohlab kelgan va keladi.
Rasmiy Moskva Markaziy Osiyodagi bazalari butun mintaqa xavfsizligi uchun muhim ekanligini ta’kidlaydi.
Bunday bayonot yaqinda, Rossiya prezidentining Tojikistonga so‘nggi davlat tashriflaridan biri chog‘ida ham yangragan.
Umuman olganda, ushbu bazalarning barchasi mazkur mamlakatlar suverenitetiga ma’lum darajada xavf tug‘diradi.
Ammo o‘tgan besh yilda Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargan.
Qudratga hukumatini hozircha aynan Rossiyaning o‘zi rasman tan olgan Afg‘oniston Tolibon harakati qaytgan.
Rossiya yaqinda Tolibon hukumati bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikka ham borgan, ular bilan bu xususda rasman bitim imzolagan.
Tolibon hukumati esa orada kechgan vaqt davomida Markaziy Osiyo davlatlarini ham Afg‘onistondan biror bir xavf bo‘lmasligiga ishontirib keladi.
Lekin mintaqaning kam sonda bo‘lsa-da, xuddi shu va’dalar manzarasida Afg‘onistondan hujumga uchrab turishi ham bor gap.
Bu hujumlarga mas’uliyatni asosan IShIDning Xuroson qanoti o‘z zimmasiga olgan, ayrimlarini kim uyushtirgani esa noayon qolgan.
Tolibon hukumati IShID Xuroson qanotining ortidan jiddiy tushgani, guruhni jilovlashga muvaffaq bo‘lganligini da’vo qiladi.
Hech bir jangari guruhning afg‘on tuprog‘idan turib, uchinchi bir davlatga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytadi.
Afg‘oniston tahdidi ham aksariyat mintaqaviy va xalqaro tahlilchilar tomonidan mintaqa davlatlariga o‘zining bosimlarini o‘tkazishda Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘riladi.
"Afg‘onistondan kelayotgan tahdidga kelsak — avvalo shuni aytish kerakki, hozir o‘tmishda bo‘lgani kabi ochiq-oydin tahdid endi yo‘q. Ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasining o‘zi hozirda Tolibon hukumati bilan xuddi O‘zbekiston kabi ancha iliq munosabatlar o‘rnatgan. Misol uchun, bu munosabatlar Tojikiston hukumatinikbga qaraganda iliqroq. Xo‘sh, ular o‘zlari shunchalik yaqin aloqalar o‘rnatayotgan mamlakatga qarshi qanday qilib himoyalanishlari mumkin?", - deydi siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Alisher Ilhomov.
Tahlilchiga ko‘ra, "aksincha, bu Janubiy Kavkazdagi Tog‘li Qorabog‘ misolida bo‘lgani kabi o‘ziga xos manipulyatsiya vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin".
Uning fikricha, "Rossiya harbiylari bu yerda hech qanday ijobiy rol o‘ynashmagan."
"O‘zlarining ushbu mintaqadagi hozirliklaridan faqat har ikki davlatning ham Moskva istak-irodasiga qaram bo‘lib qolishiga erishish uchun foydalanishgan".
Janubiy Kavkaz (Zakavkaze) ham xuddi Markaziy Osiyo kabi Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Rossiya o‘zining eng harbiy bazalariga ega mintaqalardan biri bo‘ladi.
Rossiya va ODKB

Surat manbasi, Getty Images
ODKB Rossiya shamsiyasi ostidagi tashkilot sanaladi, harbiy-siyosiy blok, o‘zining Tezkor madad kuchlariga ega.
Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan, NATOga ehtimoliy muqobil sifatida asos solingan.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti joriy paytda uch Markaziy Osiyo davlati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni ham o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston hozir mazkur tashkilotga kirmaydi, 2012 yilda o‘zining undagi ishtirokini ikkinchi bor to‘xtatgan.
Ammo so‘nggi yillarda Rossiya O‘zbekistonni yana qaytarish ilinjida bo‘lgan tashkilot.
Tahlilchilar orasida Rossiyaning postsovet hududidagi eng yirik geosiyosiy loyihalaridan biri sifatida ham ko‘riladi.
Aksariyat yetakchi mintaqaviy tahlilchilar Moskva aynan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti orqali butun Markaziy Osiyo ustidan o‘zining harbiy-siyosiy nazoratini o‘rnatish istagida ekanini aytib kelishadi.
So‘nggi ikki Tog‘li Qorabog‘ urushi esa, Rossiya va uning Shimoliy Kavkazdagi an’anaviy ittifoqchisi sanalgan Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy rahna solmay qo‘ymagan.
Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi doimiy vakilini chaqirib ham olgan.
2024 yilda esa Armaniston ODKBdagi ishtirokini butunlay muzlatib qo‘ygan.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti butun faoliyati davomida ilk va hozircha so‘nggi bor o‘zining harbiy kontingentidan Qozog‘istondagi 2022 yilgi tartibsizliklar chog‘ida foydalangan.
Tashkilot prezident Qasim-Jomart Toqaevning so‘rovi bilan u yerga o‘zining Tinchlikni saqlash kuchlarini yuborgan.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilar buni o‘shanda "Nur-Sultondagi (hozirda yana Ostona - tahr) siyosiy rejim ustidan to‘laqonli ta’sir va nazorat Rossiya qo‘liga o‘tganining ramziy belgisi" sifatida ham talqin qilishgani bor gap.
Orada Qozog‘iston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqmoqchimi, degan xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan, ammo rasmiy Ostona buni rad etgan.
Ayrim yetakchi mintaqaviy ekspertlarga ko‘ra esa, Rossiya harbiy bazalari va xavfsizlik bloklari bilan Markaziy Osiyoni qanchalik o‘z nazorati ostiga olishga intilmasin, ularning boshqa geosiyosiy vektorlar bilan hamkorligiga chek qo‘ya olmaydi.
Jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasini Moskva ishtirokidagi harbiylashuviga imkoniyat bermaydi.
Ular buning sababini mintaqa davlatlari Moskva bilan imkon qadar cheklangan hamkorlik tarafdori bo‘lib qolaverishlari bilan izohlashadi.
Mintaqa davlatlari so‘nggi yillarda ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritish mavqeida sobit.
Global qudratlar o‘rtasida imkon qadar muvozanat saqlash harakatida.
Ukraina urushi ortidan AQSh mintaqa davlatlarini Rossiya tajovuzidan ham ogohlantirgan.
Ular barchasining suvereniteti, hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Orada Rossiyaning o‘zi, yana Xitoy va Turkiya ham xuddi ana shunday bayonotlar bilan chiqishgan.
Rossiya barcha Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori ham bo‘ladi.
G‘arb bazalari-chi, mintaqaga qaytadimi?

Surat manbasi, BBC/GETTY IMAGES
ODKB Bosh kotibi xuddi o‘sha brifingi chog‘ida G‘arb harbiy bazalarining Markaziy Osiyodagi qayta hozirligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
O‘zining shu gapi bilan ham ayrim mintaqaviy nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortgan.
Bu xususda aytgan so‘zlari sarlavhalarga ham chiqqan.
U G‘arb davlatlari "hozir", ya’ni hali ham muntaqa mamlakatlari hukumatlariga shu xususda murojaat qilishlarini aytgan.
Ammo shunday derkan, Masadikov alohida davlatlardan nom tutmagan.
ODKB Bosh kotibiga ko‘ra, bu takliflar Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidni jilovlash zarurati bilan ham asoslangan.
Uning aytishicha, ODKB a’zosi bo‘lsin, bo‘lmasin, mintaqa davlatlari hukumatlari hozircha bunga birdek rad javobini berishmoqda.
ODKB Bosh kotibining ayni mazmundagi so‘zlariga mintaqa va G‘arb davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati hozircha imkonsiz.
Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vaziri yana bayonot bilan chiqqan.
Rossiya NATO infratuzilmasining Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarga joylashtirilishiga umuman toqat qilmasligini aytgan.
Lavrov ayni o‘rinda biror bir bahona ish bermasligini ham ta’kidlagan.
U bu masalada Kremlning mavqei o‘zgarishsiz qolayotganini yana bir bor namoyish etgandi.
So‘nggi yangilik mintaqada geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Rossiya va Xitoy barobarida hozir G‘arb ham mintaqaga tobora yaqinlashish, ular bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish harakatida.
Tomonlar ko‘p muloqotda, ammo o‘zaro muzokaralar chog‘ida harbiy bazalar masalasi ko‘tarilgani-yo‘qligi shu paytgacha noayon qolgan, rasmiy xabarlarda bu haqda aytilmagan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z vaqtida AQSh harbiy bazalarini o‘z hududlariga joylashtirgan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishadi.
Ular ham 2001 yilda Afg‘oniston bois, Amerika Qo‘shma Shtatlari boshlagan "terrorga qarshi urushi"ga bosh qo‘shishgan.
AQSh harbiylari Toshkentning talabi bilan O‘zbekistonni 2005, Qirg‘izistonni esa, Bishkekning so‘roviga muvofiq, 2014 yilda tark etishgan, o‘zlarining bu ikki sobiq Sovet davlatidagi bir necha yillik harbiy hozirliklariga yakun yasashgan.
Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari, bundan tashqari, ayrim nufuzli G‘arb nashrlarida Afg‘onistonni tark etishi bilanoq AQSh tomoni bazalarini qaytarish uchun muzokaralar olib borgan davlatlar qatorida tilga olinishgan.
AQSh prezidenti esa o‘tgan yili o‘zlarining Afg‘onistonga qaytish istaklarini oshkora izhor etgan.
Bagram harbiy bazasining yana o‘zlariga berilishini talab qilgan, aks holda buning oqibatlari yomon bo‘lishi bilan ham ogohlantirgan.
Ammo Afg‘onistondagi hozircha faqat Rossiya rasman tan olgan Tolibon hukumatidan keskin rad javobini olgan.
Mintaqaga esa so‘nggi paytlarda aynan Afg‘onistondan hujumlarning soni ortgan.
Tojikiston va Afg‘oniston chegarasidagi vaziyatdan yaqinda ODKB Bosh kotibining o‘zi ham xavotirlarini ochiqcha izhor etgan.
So‘nggi paytlarda qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazish, tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash harakatida.
AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondagi ilk va so‘nggi harbiy hozirligi 2001 va 2021 yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi.
Aynan Tolibon 20 yil davomida o‘zining ittifoqchilari bilan birga Amerika va dunyodagi eng yirik harbiy blokka qarshi turgan.
2020 yilda Trampning ilk ma’muriyati alal-oqibat Tolibon bilan kelishuvga borgan.
Xuddi shu bitim shartlari asosida oradan yil o‘tib, xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etgan.
Afg‘onistonning G‘arb tomonidan dastaklangan hukumati qulagan, qudratni esa Tolibon harakati egallagan.
Besh yildirki, Afg‘onistonda G‘arbning biror bir askari yo‘q.
Markaziy Osiyo va Bagram

Surat manbasi, rasmiy
Afg‘oniston hozir yana Islomiy Amirlik. Uni, besh yildirki, Tolibonning yakka o‘zi tomonidan tashkil etilgan hukumat boshqaradi.
Aynan Tojikiston istisno qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari va hatto rasman neytral maqomda ekaniga qaramay, Turkmaniston ham Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan yaxshi munosabatda va faol diplomatik aloqada.
Trampning qudratga qaytishi ortidan yana o‘zlariga chegaradosh Afg‘onistonga qaytishlarini ko‘zda tutuvchi Bagram bazasi bilan bog‘liq berib kelayotgan bayonotlariga Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo Rossiya tomonining Afg‘onistonda tashqi kuchlarning harbiy hozirligiga umuman toqat qilinmasligiga oid so‘nggi bayonoti ham Moskva formati yig‘inida, ular hay’atlarining hozirligi va ishtirokida yangragan.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoning yirik davlatlari Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini yanada yuqoriroq bosqichga olib harakatida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Turli jangari guruhlar xuruji xavfi bo‘ladimi, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi yoki katta sondagi qochqinlar oqimi – Afg‘oniston tahdidi, yillarki, ular uchun eng dolzarb va hassos masalalardan biri bo‘ladi.
Yaqin, yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘onistonda ildizlari Markaziy Osiyoga borib taqaluvchi jangari guruhlar ham boshpana topishgan, jang qilishgan va hanuz jon saqlab kelishadi.
Ular o‘z vaqtida Afg‘oniston Tolibon harakati va "al-Qoida" tarmog‘ining yaqin ittifoqchilari sifatida ko‘rilishgan, O‘zbekiston Islomiy harakati esa, hatto, orada bugun Afg‘onistondagi eng jangarisi va halokatlisi ekani aytiluvchi IShIDning Xuroson qanotiga to‘lig‘icha bay’at keltirganini ham e’lon qilgan.
So‘nggi paytlarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda, ayniqsa, "al-Qoida" qayta faollashayotganiga oid xavotirli hisobotlarining soni ham ortgan.
Aynan xavfsizlik aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari nega bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan har tomonlama hamkorliklarini kuchaytirish harakatida ekanliklarining bosh sabablaridan biri bo‘ladi.
Bundan tashqari, muhim jo‘g‘rofiy joylashuvi bois, Afg‘oniston birgina dengizga yopiq O‘zbekiston misolida ularni xalqaro suv yo‘llariga olib chiqish, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin bo‘lgan muhim davlat.
AQShning Bagramga qaytish ilinji mintaqaviy ekspertlar orasida ikki xil qarashga sabab bo‘lgan.
Ularga ko‘ra, ayni masalada eng maqbuli - Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oluvchi keng mintaqaning harbiy bazalardan xoli hududga aylanishi.
Ammo, bunday bo‘lmas ekan, muvozanat nuqtai nazaridan, AQShning Afg‘onistonga qaytishi, balki, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ayni o‘rinda eng muhimi - uning qancha vaqtga, nima maqsadda kirishi.
"Shuning natijasida Afg‘onistonning qanchalik barqarorlashishi, u yerda adolatli hukumat o‘rnatilishi, terrorizm o‘choqlari yo‘q qilinishi va Afg‘onistonning tinch rivojlanish yo‘liga o‘tishi".
Ayni fikrda bo‘lgan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, "tarixda bunaqa ziddiyatlar, geosiyosiy o‘yinlar ko‘p bo‘lgan va o‘zlari uchun natija muhimroq".































