O‘zbekiston: shaxsiy ma’lumotlar himoyasi zaifmi?

Surat manbasi, ORIFJON HOSHIMOV / GAZETA.UZ
O‘zbekistonning IT vaziri davlat idoralari va xususiy kompaniyalarni kiberxavfsizlikni kuchaytirishga chaqirdi, sun’iy intellekt dasturiy ta’minotdagi foydalanish mumkin bo‘lgan zaifliklar sonini keskin oshirayotganidan ogohlantirdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ushbu bayonoti hukumat qo‘llab-quvvatlaydigan ilova bilan bog‘liq tizimlardan 27 million o‘zbekstonlikning shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgan bo‘lishi va ular darknet orqali sotuvga qo‘yilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan yangradi.
Vazir ma’lumotlar sizdirilganini tasdiqlamadi, biroq hech bir tashkilot kiberhujumlardan to‘liq himoyalanmaganini ta’kidlab, ortib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish va mutaxassislarni tayyorlashga chaqirdi.
Blogerlar va texnologiya sohasi ekspertlari rasmiy rad etishlarga shubha bilan qaramoqdalar, dalil sifatida go‘yoki sizdirilgan ma’lumotlarning ayrimlarini e’lon qildilar, qariyb 40 million O‘zbekiston aholisiga oid ma’lumotlarni oshkor qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik zaifligi hodisasiga e’tibor qaratmoqdalar.
Nima bo‘ldi?
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov sun’iy intellekt ta’sirida kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi turish uchun barcha davlat va tijorat tashkilotlarida kiberxavfsizlik choralarini zudlik bilan kuchaytirishga chaqirdi.
Vazir 4 noyabr kuni o‘zining Telegram kanalida e’lon qilgan batafsil bayonotida sun’iy intellekt IT tizimlariga xakerlik hujumlari usullarida "juda katta inqilob" yasaganini aytdi.
"Oxirgi kunlarda xakerlar atakalari bo‘yicha dunyoda juda ko‘p yangiliklar chiqmoqda. Masalan, BINANCE birjasidan 6 mlrd dollardan ortiq mablag‘lar o‘g‘irlangani tasdiqlandi. SIdan so‘rasa yana ko‘plab misollar beradi: https://share.gemini.google/snFw4XVANeO1
Yaqinda 27 mln ma’lumot chiqib ketdi deb shov-shuv qilgan https://t.me/butterfly_grp maqsadi ham aynan shu masalaga e’tibor qaratish bo‘lganligini o‘zida ham yozib chiqibdi. Lekin hozir tarqalmadi degani, zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, ertaga bunday holat bo‘lmasligiga kafolat degani emas!!!, deya ogohlantirdi Shermatov.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Gemini tayyorlagan grafikni e’lon qilar ekan, vazir "sun’iy intellekt eski tizimlardagi zaifliklarni aniqlash sohasida juda katta inqilobga sabab bo‘ldi", dedi va hozir aniqlanayotgan zaifliklar soni avvalgi yillarga nisbatan bir necha baravar oshganini ta’kidladi.
Grafikka ko‘ra, Common Vulnerabilities and Exposures (kiberxavfsizlik xavflari yoki dasturiy koddagi nuqsonlar) soni 2020 yildagi taxminan 18 900 tadan 2026 yilda 62 500 tadan oshgan.
Bu muammoga qarshi kurashish uchun, vazirning aytishicha, barcha davlat va nodavlat tashkilotlar o‘z tizimlaridagi zaifliklarni muntazam aniqlab borishi va kiberxavfsizlik uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishi lozim.
"Shuning uchun, barcha davlat, nodavlat va tijorat tashkilotlari o‘z tizimlarida doimiy ravishda ushbu zaifliklarni vaqtida tuzatib borishlari zarur bo‘ladi.
Risklar keskin ortib borayotgani sababli tizimlarni yaratishga va yuritishga mas’ul idoralar va kompaniyalar tomonidan Kiberxavfsizlik uchun qo‘shimcha moliyalashtirish ko‘zda tutilishi va mutaxassislar tayyorlanishi zarur.
O‘sha mutaxassislar DXX Kiberxavfsizlik markazi tavsiyalari https://t.me/cyber_csec_uz va ularning UzCERT xizmati https://t.me/uzcert_live xabarlaridagi yangi topilgan zaifliklar haqida o‘qib, zudlik bilan tizimlarni tuzatish choralarini ko‘rishi shart!
Aks holda, raqamlashtirish va SI rivoji borgan sari xavfni ortishiga sabab bo‘laveradi", deb yozdi Sherzod Shermatov.
Ulkan shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi?
Vazir Shermatovning ushbu izohlari ommaviy axborot vositalarida 27 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgan bo‘lishi mumkinligi va ular darknet orqali sotuvga qo‘yilishi ehtimoli haqidagi xabarlar ortidan yangradi.
Xabarlarga ko‘ra, ma’lumotlar Safe Service (avvalgi Safe Road) tizimidan sizib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Bu yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalarni tekshirish va to‘lash hamda transport vositalariga oid xizmatlardan foydalanish uchun mo‘ljallangan, davlat qo‘llab-quvvatlaydigan mobil ilovadir.
Go‘yoki sizdirilgan ma’lumotlar orasida Shermatovning o‘ziga tegishli shaxsiy ma’lumotlar ham bo‘lgan.
Vazir Telegram'dagi postida ma’lumotlar sizdirilganini tasdiqlamagan bo‘lsa-da, hech bir tashkilot bunday hodisalardan to‘liq himoyalanmaganini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi Podrobno.uz veb nashri 1 noyabr kuni ehtimoliy ma’lumotlar sizdirilishi haqida xabar berib, sizdirilgan shaxsiy ma’lumotlar darknet orqali sotuvga qo‘yilishi mumkinligini yozdi.
Podrobno.uz ga ko‘ra, "ma’lumotlar bazasida fuqarolarning ism-familiyalari, telefon raqamlari, JShShIR yoki Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami, yashash manzillari, pasport ma’lumotlari va biometrik suratlari bo‘lishi mumkin".
Podrobno.uz ga ko‘ra, o‘zlarida ushbu ma’lumotlar borligini da’vo qilgan shaxslar talablari 2 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:00 gacha bajarilmasa, arxivni sotuvga qo‘yish bilan tahdid qilganlar.
Podrobno.uz qayd etishicha, o‘z da’volari jiddiy ekanini ko‘rsatish uchun xakerlar Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga tegishli ekani aytilgan ma’lumotlarni, xususan uning to‘liq ismi, tug‘ilgan sanasi, shaxsiy hujjat raqamlari va mobil telefon raqamlarini e’lon qilgan. Xakerlar qanday talablar qo‘ygani esa oshkor etilmagan.

O‘zbekistondagi UzDaily.uz nashri 28 oktyabr kuni Safe Service, inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi va Fargo kabi bir qator platformalar bilan bog‘liq ekani aytilgan ma’lumotlar internetda paydo bo‘lgani haqida xabar berdi.
Nashr texnologiyalar sohasi eksperti Shuhrat Qurbonovning so‘zlarini keltirib, u tarqalayotgan ma’lumotlar orasidan o‘zining JShShIR raqami, uy manzili, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlar va boshqa hujjatlarga oid ma’lumotlarni topganini bildirgan.
O‘sha kuni Safe Service Facebook orqali tarqatgan bayonotida ushbu ma’lumotlar ilovadan olinganini rad etdi va ular platforma ishga tushirilishidan oldin turli manbalardan yig‘ilganini ma’lum qildi.
UzDaily.uz 29 oktyabr kuni xabar berishicha, Ichki ishlar vazirligi Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi va Safe Service'ni yaratish hamda texnik qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul Autodoc kompaniyasi bilan birgalikda tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.
Joriy yil fevral oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ommaviy raqamlashtirish jarayoni yetarli kiberxavfsizlik talablarini joriy etishdan tezroq kechayotgani va bu ma’lumotlar sizdirilishi xavfini yuzaga keltirayotganidan ham xavotir bildirgan edi.
Blogerlar rasmiy raddiyalarga nisbatan shubhada
So‘nggi ehtimoliy ma’lumotlar sizdirilishi voqeasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlar orasida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Ularning ko‘pchiligi millionlab odamlarning shaxsiy ma’lumotlari haqiqatdan ham oshkor bo‘lganini ta’kidladilar.
Taniqli bloger Umid G‘afurov 29 oktyabr kuni o‘zining Troll.uz Telegram kanalida shunday yozdi:
"Kompaniyalar buni rad etib, "feyk" deyishyapti. Har doimgidek. Lekin feykmi yoki yo‘qmi, odamlarning shaxsiy ma’lumotlari ochiq turibdi. O‘zim tekshirib ko‘rdim. Endi esa vaziyat yanada yomonlashadi."
Bloger shunday yozdi:
"... bizda esa ba’zi tizimlarni sun’iy intellektsiz ham buzish mumkin. Tayyor yechimim yo‘q. Lekin kompaniyalar xavfsizlikka jiddiy e’tibor berishi kerak.
Rostini aytsam, meni endi hech narsa ajablantirmaydi. Firma ochasiz, yarim soatdan keyin buxgalteriya firmalari, banklar va turli servislar qo‘ng‘iroq qila boshlaydi. Raqamingizni qayerdan olishgan? Kim bergan? Nega buning uchun hech kim javob bermaydi?
Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida qonunimiz bor. Ammo ma’lumotlarni sizdirgani uchun jazolanganlar ko‘rinmaydi.
Shunday ekan, ma’lumotlarimiz internetda yuraveradi".
Umid G‘afurov 1 noyabr kuni e’lon qilgan yana bir postida dasturiy ta’minot muhandisi vazirliklardan biri boshqaradigan onlayn platformada yana bir jiddiy xavfsizlik nuqsonini aniqlaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu zaiflik qariyb 40 million kishining shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, CVSS xavfsizlik baholash shkalasida 10 balldan 8,6 ball olgan ushbu zaiflik maxfiy ma’lumotlarga hech qanday ruxsatsiz kirish imkonini bergan. Oshkor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar qatorida ism-familiyalar, fotosuratlar, tug‘ilgan sanalar, pasport ma’lumotlari, JShShIR raqamlari, ta’limga oid ma’lumotlar, yashash manzillari va kadastr ma’lumotlari bo‘lgan.
Umid G‘afurovga ko‘ra, mutaxassisning vazirlikni ogohlantirishga bo‘lgan dastlabki urinishlari e’tiborsiz qolgan. Rasmiylar bu muammodan allaqachon xabardorliklari va uni shoshilinch deb hisoblamayotganliklarini bildirganlar.
Bloger ta’kidlashicha, zaiflik faqat sakkiz kun o‘tgach bartaraf etilgan.
Troll.uz nashri mutaxassis ma’lumotlariga tayanib, agar ushbu ma’lumotlar bazasi jinoiy guruhlar qo‘liga tushganida, firibgarliklar natijasida mamlakat bo‘ylab yetkazilgan zarar 2 milliard dollargacha yetishi mumkinligini hisoblab chiqqan.
Eltuz o‘zining rus tilidagi kanalida rasmiy raddiya naqadar ishonchli ekanini tahlil qildi.




























