AQSh: Respublikachilarga Eron urushi pand berdimi, Tramp impichmentdan qo‘rqmaydimi, Mudofaa vaziri ketmaydi va AQSh birinchi xonimiga eng oliy mukofot

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

So‘nggi yangilik va tafsilotlar.

Tramp gapirdi

AQSh prezidenti oraliq saylov natijasiga o‘zining munosabatini bildirdi.

U saylovdan keyin ilk bor kamera qarshisida ko‘rinish berdi.

Oraliq saylovda esa Demokratlar "tarixiy" g‘alabaga erishgan.

Respublikachilarga mag‘lubiyatlarini tan olishdan o‘zga chora qoldirmagan.

Trampning prezidentlik muhlati 2029 yilda tugaydi.

Ammo shunga qadar Kongress nazorati endi Demokratlar qo‘lida bo‘ladi.

Tramp mag‘lubiyatlariga "asosan" Eron urushi sabab bo‘lganini e’tirof etdi.

Vitse-prezidentining bahosini butkul rad etmadi.

Ammo u o‘zining mavqeida sobit qoldi.

"Agar bu ishni yana qilishiga to‘g‘ri kelsa, qilgan bo‘lishi"ni aytdi.

Trampdan avval uning vitse-prezidenti uzun bayonot bilan chiqqan.

Jey Di Vens oraliq saylovdagi mag‘lubiyatlari sababini urushga bog‘lagan.

U o‘zining bayonotida "mag‘lubiyatimizga sabab – urush", deya ta’kidlagan.

BBC ning Vashingtondagi muxbiri buni g‘oyat ochiq baholash, deb atagandi.

Tramp nimalar dedi?

Rebekka Pider

Vashington, AQSh

Oraliq saylovlardan keyin Tramp ilk bor chiqish qildi.

Saylovda uning Respublikachilar partiyasi Kongressning har ikki palatasida ham mag‘lubiyatga uchragan.

Tramp Oq uydagi yangi qurilayotgan ballar zalidan turib gapirdi.

Bu zalning qurilishi u prezidentligining ikkinchi muhlatida eng ko‘p e’tibor qaratayotgan masalalardan biri bo‘ladi.

Biroq, Tramp chiqish qilarkan, siyosatga deyarli to‘xtalmadi.

U o‘zining nutqida saylov natijalari haqida so‘z yuritmadi.

Lekin keyinroq jurnalistlarning bu xususdagi ba’zi savollariga javob berdi.

Mana, u nimalar dedi:

  • Tramp vitse-prezidentining bahosi "asosan to‘g‘ri" ekanini aytdi. Jey Di Vens Respublikachilar mag‘lubiyatini Eron urushiga yo‘ygandi. Ammo u benzin narxlarining keskin ko‘tarlishini bevosita urushning o‘ziga bog‘lamadi. Bunga urush natijasida yuzaga kelgan holat sabab bo‘lganini aytdi. Eron urushi masalasida esa Tramp yana xuddi shunday yo‘l tutgan bo‘lishini ta’kidladi.
  • Tramp AQSh Mudofaa vaziri haqida ham so‘z yuritdi. Pit Hegsetni ishdan olish niyatida emasligini aytdi. U Hegsetning ishini "juda yaxshi", deb baholadi.
  • Respublikachi AQSh prezidenti yana Demokratlar bilan ishlashga tayyorligini ham bildirdi. Agar "buzg‘unchi" bo‘lishmasa, ular bilan hamkorlik qilishim mumkin, dedi. Ammo veto qo‘yish huquqi o‘zida saqlanib qolishini ham qo‘shimcha qildi.

Shu soatlarda olingan xabar:

Demokratlar partiyasining yuqori martabali vakili esa endi Kongress "nazoratdan chiqib ketgan ijro hokimiyati"ni jilovlashini aytdi.

Unga ko‘ra, Vakillar palatasi Tramp ma’muriyati tomonidan to‘liq nazorat qilinadigan yordamchi tuzilma sifatida faoliyat yuritgan davrlar ortda qoldi.

"Kongress nazorat va muvozanatni ta’minlovchi organ sifatidagi o‘z o‘rnini egallab, nazoratdan chiqib ketgan ijro hokimiyatini jilovlaydi."

Hakim Jeffris Vakillar palatasining navbatdagi spikeri bo‘lishi kutilmoqda.

U Vakillar palatasi spikerligiga o‘z nomzodini qo‘yayotganini e’lon qildi.

Agar saylansa, Jeffris AQSh tarixidagi ilk qora tanli spiker bo‘ladi.

AQSh, amerikaliklar va Eron urushi

Tramp bundan avval Eron masalasiga CBS News'ga bergan suhbati chog‘ida to‘xtalgan.

CBS News BBC'ning AQShdagi hamkori bo‘ladi.

Unga ko‘ra, Eron mojarosi "o‘zi yakunlanadi, deganida" tugaydi.

Tramp so‘nggi haftalarda Eronni yana ogohlantirishga o‘tgan.

Eronni, agar kelishuvga erishilmasa, AQSh va Isroil to‘laqonli urushga qaytishi mumkinligi bilan ogohlantirgan.

Respublikachilarning oraliq saylovdagi hayratlanarli mag‘lubiyatiga Eron tomoni ham o‘zining munosabatini bildirgan.

Bunga AQSh bilan muzokaralarda Eronning bosh muzokarachisi o‘zining e’tiborini qaratgan.

Muhammad Boqir G‘olibofga ko‘ra, amerikaliklar "urushga qarshi" ovoz berishgan.

"Biz ushbu payg‘omni qo‘llab-quvvatlaymiz", — deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Muhammad Boqir G‘olibof Eron parlamentining spikeri ham bo‘ladi.

Agar, ijtimoiy so‘rov natijalariga tayanilsa, Eron urushi haqiqatan ham Amerika jamoatchiligi orasida kuchli qo‘llovga ega emas.

Buning asosiy sabablaridan biri – urush benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa zarur mahsulotlar narxining oshishiga olib kelganidir.

Xuddi shu xususda saylov kuni ovoz berish shoxobchalarida ham amerikaliklarning fikrlari o‘rganilgan.

So‘rov ishtirokchilarining 63 foizi fikricha, harbiy harakatlarni boshlash qarori xato bo‘lgan.

To‘rtdan uch qismi — 74 foizi — ushbu urush kimga ovoz berish borasidagi qarorlarida muhim omil bo‘lganini bildirgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Tramp yana bir impichmentdan xavotirdami?

Kongress nazorati yana Demokratlarga qaytishi ortidan, jurnalistlardan biri Trampdan xuddi shu savolni ham so‘ragan.

Tramp uning bu savoliga "zarracha ham emas"ligini aytib, javob bergan.

AQSh prezidenti fikricha, impichment Demokratik partiyani "barbod qiladi".

Hamda bu "hech bir asossiz impichment" bo‘ladi.

Unga ko‘ra, "mamlakatlari hozir har qachongidan ko‘ra muvaffaqiyatliroq".

Eslatma: AQSh Vakillar palatasi Trampga ikki bor impichment e’lon qilgan.

Biroq har ikki gal ham Senat uni oqlagan.

"Agar men saylov varaqasida bo‘lganimda, biz g‘alaba qozongan bo‘lardik", — deb aytgan Tramp.

Melaniya Trampga eng oliy mukofot

Xuddi shu manzarada AQSh birinchi xonimiga Ukrainaning ayollar uchun ko‘zda tutilgan eng oliy mukofoti berilgan.

Melaniya Trampni ushbu mukofot bilan taqdirlashga Ukraina prezidenti qaror qilgan.

Prezident farmoniga ko‘ra, "Malika Olxa" ordeni Trampning rafiqasiga Ukrainaga ko‘rsatilgan gumanitar yordamga qo‘shgan "salmoqli hissa"si uchun berilgan.

Hozir Xersonda otashkesim tugagan.

Ammo xuddi shu sulh Rossiya ishg‘oli ostidagi Oleshki shahridan bir necha yuz kishini olib chiqishga imkon bergan.

Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining payshanba kuni Melaniya Trampning taklifiga binoan Oq uyda uchrashishi kutilmoqda.

Ular evakuatsiya missiyasida ishtirok etgan ombudsmenlar va yuqori martabali rasmiylardan iborat.

Oq uyning ma’lum qilishicha, Melaniya Tramp "o‘z tashabbusi bilan ikki urushayotgan davlat o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘ygan va o‘t ochishni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan".