Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Prezident murojaati. Qirg‘izistonda xavotirga asos bormi?
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat janubida qirg‘iz va o‘zbeklar o‘rtasida millatlararo nizo keltirib chiqarishga ayrim siyosatchilar urinishi mumkinligini bildirdi.
Uning aytishicha, bunday harakatlar kelgusi prezident saylovi arafasida vaziyatni beqarorlashtirish va saylov jarayoniga ta’sir o‘tkazish maqsadini ko‘zlashi mumkin.
Biroq prezident ehtimoliy fitnaga aloqador shaxslarning ismlarini aytmadi va ogohlantirishga asos bo‘lgan ma’lumotlarni ochiqlamadi. Bu esa jamiyat orasida muhokamalarni kuchaytirdi.
Prezident nimadan ogohlantirdi?
Sadir Japarov 12 noyabr kuni Facebook sahifasida e’lon qilgan murojaatida ta’kidlashicha, hozircha gap ehtimoliy rejalar haqida bormoqda. U ayrim siyosatchilar shunday rejalarini muhokama qilayotgani haqida ma’lumot olganini aytdi.
Davlat rahbarining fikricha, bunday nizolarning chiqishiga yolg‘on xabarlar tarqatish, odamlarning his-tuyg‘ulari va milliy g‘ururiga ta’sir o‘tkazishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin.
"Biz buni 1990 va 2010 yillarda ikki marta boshimizdan o‘tkazdik. O‘sha mojarolarda qanchadan-qancha oddiy o‘zbek va qirg‘iz fuqarolari halok bo‘ldi. Ammo ularni tashkil etgan siyosatchilarning birortasiga zarar yetmadi", - dedi Japarov. Ammo gap kimlar haqida ekaniga oydinlik kiritmadi.
Prezident yurtdoshlarini turli ig‘volarga berilmaslikka, asossiz xabarlarga ishonmaslikka va shubhali harakatlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga chaqirdi.
"Hurmatli xalqim, o‘zbekmisiz yoki qirg‘izmisiz, qanday ig‘vo gaplar bo‘lmasin, ularga ergashmang. Ularning g‘arazli chaqiriqlariga aldanib qolmang", — dedi u.
Japarov davlat ehtimoliy fitnalarning oldini olish imkoniyatiga ega ekanini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan minglab videokuzatuv kameralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik imkoniyatlari bunday harakatlarni aniqlashga yordam beradi.
Prezident millatlararo nizo keltirib chiqarishga uringan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi.
Millatlararo munosabatlar Qirg‘izistonda eng nozik mavzulardan biri hisoblanadi. Shu bois jurnalistlar ham bu masalani yoritishda alohida ehtiyotkorlik bilan yondashadi.
BBC Özbek muxbiri bilan suhbatlashgan bir nechta jurnalist prezidentning murojaatini yoritishda jamoatchilik orasida asossiz xavotir va vahima uyg‘otmaslikka, vaziyatni xolis va mas’uliyat bilan yoritishga harakat qilayotganlarini ta’kidladilar.
O‘shdagi o‘zbek milliy madaniy markazi prezidentning millatlararo munosabatlar haqidagi murojaati yuzasidan hozircha munosabat bildirmadi.
Faollar prezident murojaatini qanday qabul qildi?
O‘shlik faollardan biri Dilnoz Tapvaldieva prezidentning murojaatini millatlararo tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan saylovoldi harakati sifatida qabul qilganini aytdi.
"Ammo bu masala hozir qanchalik dolzarb edi, degan savol tug‘ildi. Chunki hozir millatlararo nizo kelib chiqishi uchun sabablarni shaxsan men ko‘rmayapman. Men qirg‘iz va o‘zbeklar ahil yashayotan hududda istiqomat qilishim va ishlashim, ularning bir-birini yomon ko‘rishiga guvoh bo‘lmaganim uchun bunday xavotirga asos ko‘rmayapman. Agar davlat rahbari aniq faktlarni keltirganida, bu murojaat xalq uchun ham tushunarliroq bo‘lardi. Bu jiddiy o‘ylantiradigan murojaat bo‘ldi", - dedi u BBC Özbek bilan suhbatda.
Japarovning Facebook sahifasidagi murojaati ostida qoldirilgan izohlarda ham turli munosabatlar bildirilgan. Izohlarning bir qismida foydalanuvchilar tinchlikni saqlash, ig‘voga uchmaslik, 2010 yil voqealaridan saboq olish va nizo keltirib chiqarishga uringanlarni jazolash zarurligini ta’kidlagan.
O‘sh merining sobiq o‘rinbosari Sonunbek Junusbaev Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining ahamiyatiga e’tibor qaratgan:
"Mustaqil siyosat yuritayotganimiz tashqi kuchlarga yoqmayapti. Qanday bo‘lmasin, temir yo‘l qurilishini birlikda yakunlashimiz kerak. Bu biz va kelajak avlodlarimiz uchun juda muhim".
Mustaqil jurnalist Mirlan Duyshenbaev ham prezidentning ogohlantirishi yuzasidan o‘z fikrini bildirgan:
"Agar chindan ham bunday rejalar bo‘lsa, aybdorlar aniqlanib, qat’iy jazolanishi kerak. Ikki xalqni bir-biriga qarshi qo‘yish faqat hokimiyatni ko‘zlagan ichki dushmanlarning ishidir".
Ayni paytda xorijda yashayotgan jurnalistik surishtiruvlari bilan tanilgan Bolot Temirov prezidentning murojaatini tanqid qildi. Uning fikricha, Japarov millatlararo mojaro xavfi haqida gapirib, jamoatchilikda qo‘rquv uyg‘otmoqda.
"Prezident aytayotgan xavfning hidi ham yo‘q. Shuning uchun men hayron bo‘ldim, nima uchun prezident birdan bunday bayonot bilan chiqdi? Millatlararo totuvlik masalasi juda nozik. Unga ehtiyotkorona yondashish kerak" - dedi jurnalist, O‘sh shahri yashovchisi Sarvar Usmon.
Temir yo‘l loyihasi ham murojaatda tilga olindi
Sadir Japarov o‘z murojaatida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga ham to‘xtaldi.
Uning aytishicha, ayrim siyosiy kuchlar avval Xitoy mavzusi orqali jamoatchilikni bo‘lishga uringan, endi esa qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqarishga harakat qilishi mumkin.
Japarov mazkur temir yo‘l qurilishi Qirg‘izistonning iqtisodiy rivojlanishi va kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Biroq prezident ehtimoliy ig‘vogarliklar temir yo‘l loyihasi bilan qanday bog‘liq ekaniga doir aniq dalillar keltirmadi.
"Biroq bu qanchalik asosli? Rostdan ham shunday kuchlar bormi? Rostdan ham shunday rejalar mavjudmi, degan savol turibdi. Masalaning cheti ko‘rindi-da. Agar shunday kuchlar bo‘lsa, ularni jamiyatga ochiq ko‘rsatishi kerak. Shu bahonada saylo oldidan ayrim odamlarni qamab yuborsa, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo prezidentning kecha murojaat yo‘llab, barqarorlikni, birdamlikni saqlaylik, degani to‘g‘ri", - dedi prezidentlikka da’vogarlardan biri Klara Sooronqulova.
Qirg‘izistonda prezident saylovi arafasi
Qirg‘izistonda prezident saylovi 2027 yil 27 yanvar kuniga belgilangan.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 11 nafar fuqaro saylovda nomzodini ko‘rsatish uchun ariza topshirgan. Ular orasida amaldagi prezident Sadir Japarov ham bor. Hali hech kim nomzod deya rasman tasdiqlanmagan.
Japarov avvalgi chiqishlarida saylov ochiq raqobat muhitida o‘tishi va nomzodlarga to‘siqlar qo‘yilmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzating
Qirg‘izistondagi millatlararo munosabatlar tarixi
Qirg‘iziston ko‘p millatli mamlakat bo‘lib, etnik o‘zbeklar aholining taxminan 15 foizini tashkil etadi va asosan mamlakat janubidagi O‘sh va Jalolobod viloyatlarida istiqomat qilishadi.
1990 va 2010 yillarda qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida chiqqan qonli to‘qnashuvlarda yuzlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan, minglab odamlar uy-joyini vaqtincha tark etgan. Ayrimlari O‘zbekistonga qochib o‘tishgan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlarida har ikki etnik guruh vakillari tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgani qayd etilgan. Shu bilan birga, o‘zbeklar istiqomat qiladigan mahallalarga qilingan hujumlar, xavfsizlik kuchlarining harakatlari, jumladan, ularning ayrim hollarda zo‘ravonlikning oldini olmagani va ehtimoliy ishtiroki yuzasidan jiddiy savollar ko‘tarilgan.
2010 yilgi voqealardan keyingi tergov va sud jarayonlarida ham qonunbuzilishlar, qiynoqlar va adolatsiz sudlov holatlari haqida xalqaro tashkilotlar xabar bergan. Hokimiyat barcha holatlar xolis tekshirilganini bildirgan.
So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati faollari hamda oddiy aholi ikki halqning do‘stligi va hamjihatligi mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab keladi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro turistlar oqimi ham ortgan. Ikki davlatning rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida qo‘shni davlatdan tashrif buyurganlar soni har ikki mamlakatda qariyb uch millionni tashkil etgan.