Ozarbayjon va Turkiya: hijob, pul va "uka" masalasi

    • Author, Maharram Zeynalov
    • Role, BBC Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi, an’anaviy ravishda qardoshlik munosabatlari deb ta’riflanadigan aloqalardagi kelishmovchilik hijob masalasidan ancha chuqurroq ekani ma’lum bo‘ldi. Ozarbayjon maktablarida hijob o‘rash taqiqlangani Turkiyada norozilik uyg‘otgan edi. Aslida, Boku Turkiya homiyligidagi "uka" maqomidan chiqishga intilayotganga o‘xshaydi. Buning moliyaviy sabablari ham bo‘lishi mumkin.

"Bu qardoshlikni zaiflashtirishga intiluvchilar [...] o‘tmishda maqsadlariga erisha olmaganidek, bugun ham, ertaga ham bunga erisha olmaydi. Allohning irodasi bilan birligimiz abadiy mustahkam bo‘lib qoladi", — dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘tgan dam olish kunlari Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida.

U 2020 yildagi Qorabog‘ urushida qozonilgan g‘alaba munosabati bilan o‘tkazilgan navbatdagi tantanalarda ishtirok etish uchun kelgan edi.

Biroq Erdo‘g‘onning bu so‘zlaridan oldin bir qator mojarolar yuz berdi. Ularning ortida qandaydir noma’lum kuchlar emas, balki ikki mamlakat rasmiylari va ular nazorat qiladigan jurnalistlar turgan edi.

Aliev odatda "aziz qardoshim" deb ataydigan Erdo‘g‘on bilan uchrashuvlarni o‘tkazib yubormasdi. Ammo oktyabr oxirida u Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga bormadi.

Aliev bunday sammitlarda muntazam ishtirok etardi. U, umuman olganda, turkiy davlatlarning yaqinroq hamkorligini nazarda tutuvchi "Turkiy dunyo" g‘oyasining asosiy tashabbuskorlaridan biri hisoblanardi.

Biroq so‘nggi ikki oyda Ozarbayjon maktablarida hijob o‘rash taqiqlangani ortidan Turkiya va Ozarbayjon munosabatlarida kelishmovchilik ko‘zga tashlandi.

Dindorlik darajasi yuqoriroq bo‘lgan Turkiyada ko‘pchilik bu taqiqni qoraladi. Ozarbayjon maktablarida norozilik namoyishlari boshlandi, turkiyalik jurnalistlar esa namoyishchilar tarafini oldi.

Ozarbayjon prokuraturasi mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga chaqirgani va diniy adovat qo‘zg‘atgani gumon qilingan yetti nafar turkiyalik jurnalistni xalqaro qidiruvga berdi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi hijob taqiqini tanqid qilgan Erdo‘g‘onning maslahatchisini ham qo‘shib, Turkiyaning 31 nafar fuqarosini mamlakatda nomaqbul shaxs deb e’lon qildi. Keyinchalik prezident maslahatchisi lavozimidan bo‘shatildi.

"Uka emas"

Erdo‘g‘on va Aliev bir-birini hanuz qardosh deb ataydi. Biroq ko‘pchilik Ozarbayjon o‘zini "uka" maqomida his qilishni istamayotganini ta’kidlaydi.

Mustaqillikka erishgan dastlabki yillaridanoq Ozarbayjon Turkiyani eng yaqin siyosiy ittifoqchisi sifatida tanladi. 1991 yilda shoir Baxtiyor Vahobzoda yozgan she’rdagi "Turkiya va Ozarbayjon — ikki davlat, bir millat" degan misra vaqt o‘tishi bilan siyosiy shiorga aylandi.

O‘sha davrda hokimiyatda bo‘lgan millatchilar ham, keyinchalik Haydar Aliev va uning o‘g‘li Ilhom Aliev ham Turkiyani o‘zlariga namuna deb bildi.

O‘sha paytda ham, hozir ham Ozarbayjon Turkiyaning kuchli madaniy ta’siri ostida. Odamlar turk musiqasini tinglaydi, kundalik nutqda ayrim so‘zlar o‘rniga turkcha so‘zlar ishlatiladi. Hatto ziyolilarning bir qismi ozarbayjon tilini turk tilining shevasi deb hisoblaydi.

Ikki mamlakat harbiy ittifoqchi ham bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Turkiya Ozarbayjonga qurol-yarog‘ yetkazib beradi, turk harbiylari ozarbayjonlik harbiylarni tayyorlaydi. Ozarbayjon armiyasi ham Turkiya armiyasi kabi NATO andozalari asosida qurilmoqda.

Biroq Qorabog‘dagi g‘alabadan keyin Ozarbayjon haqida Janubiy Kavkazda o‘z mavqeini mustahkamlagan muhim mintaqaviy o‘yinchi sifatida gapirila boshlandi.

Yaqinda esa Aliev Turkiyaning yordamini unutgandek, 2020 yilgi urushda "bizga hech kim yordam bermagani"ni va qurol-yarog‘ni jahon bozori narxlarida sotib olganini aytdi.

Teng huquqli bo‘lmagan hamkorlikmi?

Ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘z orqali kechgan mojaro oktyabr oyida bir-biriga bog‘liq emasdek ko‘ringan voqealar bilan boshlandi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlayotganida Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar vakillari zalni tark etdi. Ozarbayjon vakili esa ularga qo‘shilmadi.

Shundan keyin Ozarbayjon Ta’lim vazirligi maktablarda hijob o‘rashni taqiqladi. Bu qarorni Erdo‘g‘on tanqid qildi. Keyinroq Aliev Ozarbayjon Qorabog‘ urushida boshqa birovning yordamisiz, o‘zi g‘alaba qozonganini bildirdi.

Biroq Erdo‘g‘on o‘z nutqida Ozarbayjonni, Aliev esa Turkiyani nomma-nom tilga olmadi. Ularning o‘rniga bu haqda ommaviy axborot vositalari ancha ochiqroq gapirdi.

Yaqinda Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Turkiya ko‘p yillardan beri o‘z iqtisodiy muammolarini hal qilish uchun Ozarbayjondan o‘ziga xos bank sifatida foydalanishga urinayotgani haqida maqolalar chop etildi. Bu maqolalarning mazmuni va uslubi ham bir-biriga juda o‘xshash edi.

"Agar Day.az (maqola chop etgan nashrlardan biri — BBC) hukumatdagi kayfiyatni aks ettirayotgan bo‘lsa, Bokudan kelayotgan xabarni quyidagicha talqin qilish mumkin: Ozarbayjon Turkiyaning eng yirik investorlaridan biri va eng yaqin ittifoqchisi bo‘lib qoladi, ammo uning moliyaviy tayanchiga aylanishni istamaydi", — deb yozadi BBC Ozarbayjon xizmati muharriri Ko‘nul Xalilova.

Ozarbayjonning davlat energetika kompaniyasi SOCAR Turkiyadagi eng yirik xorijiy investor hisoblanadi.

Biroq iqtisodiy qaramlik o‘zaro xarakterga ega. Turkiya Gruziya bilan bir qatorda Ozarbayjon gazini Yevropaga yetkazishdagi asosiy tranzit mamlakatdir. Ozarbayjon esa Turkiyaning muhim gaz yetkazib beruvchilaridan biri.

"Biz sizlarning bankingiz emasmiz"

Iqtisodiy munosabatlarning bu tomoni uzoq vaqt davomida "Ikki davlat — bir millat" shiori soyasida qolib keldi. Ozarbayjonning hukumatga xayrixoh ommaviy axborot vositalari Turkiyaga "Biz sizlarning bankingiz emasmiz" degan signalni yuborguniga qadar shunday bo‘ldi.

Xalilovaning qayd etishicha, 2021 yilda Turkiya lirasi keskin qadrsizlanayotgan bir paytda Anqara o‘z valyutasini qo‘llab-quvvatlash uchun turli mamlakatlar va markaziy banklar bilan valyuta svopi — o‘zaro valyuta almashish bitimlarini tuzishga uringan.

O‘shanda Ozarbayjon Neft jamg‘armasi Turkiya Markaziy bankiga olti oy muddatga bir milliard yevro miqdorida depozit joylashtirgan. Biroq bu qadam lirani qo‘llab-quvvatlash sifatida taqdim etilmagan.

Valyuta svopi ikki mamlakat markaziy banklari o‘rtasida moliyaviy majburiyatni yuzaga keltiradi. Buni siyosiy xabar sifatida ham talqin qilish mumkin: "Biz sizning valyutangizni qo‘llab-quvvatlayapmiz".

Turkiya mablag‘ olgan, ammo Boku buni moliyaviy yordam yoki siyosiy kafolat sifatida ko‘rsatmagan.

Muallifning yozishicha, ehtimol, bu kuzda siyosatning o‘zi emas, balki uning ochiqroq namoyon bo‘lishi o‘zgargandir.

Birinchidan, moliyaviy homiy rolini qabul qilish Ozarbayjonning zaxiralari va Neft jamg‘armasi mablag‘larini Boku nazorat qilmaydigan Turkiya pul-kredit siyosatiga bog‘lab qo‘yishi mumkin.

Ikkinchidan, tahlilchilar fikricha, Ozarbayjon, ayniqsa, 2020 yildan keyin o‘zini Turkiyaning kichik hamkori emas, balki suveren va teng huquqli ittifoqchisi sifatida ko‘rsatishga intilmoqda.

Turkiyada nimani tushunishmayapti?

Ozarbayjon va Turkiya munosabatlarida avval ham muammolar paydo bo‘lgan.

Millatchi va panturkist qarashlari bilan tanilgan prezident Abulfaz Elchibey 1993 yil bahorida Turkiya Ozarbayjonga qurol berishdan, hatto mojaro hududidan tinch aholini evakuatsiya qilish uchun vertolyot ajratishdan bosh tortganidan norozi bo‘lgan.

Bu 1992–1994 yillardagi Qorabog‘ urushi vaqtida, arman kuchlari hujumga o‘tgan paytda yuz bergan edi.

Keyinchalik, 2009 yilda ham ikki mamlakat o‘rtasida keskinlik yuzaga keldi. Mintaqada bu davr "Futbol diplomatiyasi" yoki "Bayroq inqirozi" deb ataladi.

O‘shanda Turkiya Ozarbayjon bilan kelishmasdan Armanistonga yaqinlashish yo‘lini tanladi: Yerevanda diplomatik vakolatxona ochdi va chegarani tez orada ochish bo‘yicha protokol imzoladi. Amalda esa Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi chegara hanuz ochilmagan.

O‘sha yili ikki mamlakat futbol terma jamoalari ilk bor Turkiyaning Bursa shahrida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Stadionga Ozarbayjon bayroqlari bilan kelgan muxlislar kiritilmadi.

Bu voqealar Bokuda norozilik uyg‘otdi. O‘shanda ham Aliev xalqaro forumda ishtirok etish uchun Turkiyaga bormadi. Ozarbayjon tomoni iqtisodiy hamkorlikda tenglik yo‘qligini ham ta’kidladi.

Biroq Qorabog‘ urushi tugadi va bugungi keskinlikning sabablari boshqacha.

Turkiyalik siyosatshunos va Yevrosiyo bo‘yicha ekspert Umit Nazmi Redining fikricha, mojaroning sabablaridan biri Turkiyadagi islomchi doiralarning Ozarbayjon maktablarida hijob taqiqlanishiga qarshi chiqib, sekulyarizmning zaiflashishi Ozarbayjonni Turkiyaga yaqinlashtirish o‘rniga Eron ta’siriga ko‘proq ochib qo‘yishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirganidadir.

Turkiya sunniy davlat, Ozarbayjon esa Eron kabi shialar ko‘pchilikni tashkil qiladigan mamlakat. Eron Ozarbayjonning eng uzun quruqlikdagi chegarasiga ega qo‘shnisi hamdir.

Ozarbayjonlik siyosatshunos Farhod Mamedovning yozishicha, Turkiyadagi tanqidchilar Ozarbayjon ichida kechayotgan jarayonlarni yaxshi tushunmagan. Uning fikricha, ular Armaniston bilan bo‘lgan 44 kunlik urushdan keyin mintaqadagi vaziyat o‘zgarganini ham hisobga olmagan.

Rossiyadan keyingi eng yaqin hamkor

Ozarbayjon Fanlar akademiyasi a’zosi, siyosatshunos Rizvon Huseynov Erdo‘g‘onning Bokuga tashrifi oldidan Daily Europe Online ekspert tashkilotiga bergan intervyusida 2020 yilgi urushdan keyin mintaqada vaziyat o‘zgarganini aytgan.

"Ozarbayjon shakllanayotgan yangi mintaqaviy tartibda o‘zining alohida o‘rni borligini muloyimlik bilan tushuntirishga harakat qilmoqda", - degan u.

Huseynov mamlakatning mintaqadagi roli o‘zgarishi bilan Rossiya bilan munosabatlar yomonlashganini ham bog‘laydi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Biroq uning ta’kidlashicha, Turkiya Ozarbayjon uchun hamon eng yaqin mamlakat bo‘lib qolmoqda va hozirgi keskinlik qo‘shma loyihalarga ta’sir qilmagan.

"Menimcha, hozirgi keskinlik vaqt o‘tishi bilan pasayadi. Aliev, odatda, hamkorlari bilan munosabatlarni uzoq muddatga yomonlashtirishga intilmaydi va ular ham buni tushunadi. Biroq bu vaziyatda yuzaga chiqqan tub kelishmovchiliklar saqlanib qoladi", — deydi Parijdagi Sciences Po instituti tadqiqotchisi Altay Goyushov.

Uning fikricha, Ozarbayjonning mintaqadagi roli kuchaygani haqidagi qarash Bokuning ichki targ‘iboti yaratgan talqindir.

Aslida esa Rossiya, Eron va Turkiya kabi yirik mintaqaviy o‘yinchilar o‘z muammolari bilan band. Ozarbayjon esa bunday vaziyatdan foydalanib, o‘z mustaqilligini yanada mustahkamlashga harakat qilmoqda.