O‘zga sayyoralardagi hayot bizni kasal qiladimi?

Surat manbasi, designprojects/koto_feja/Kateryna Kon/Science Photo Library via Getty Images
NASAning Perseverance apparati Marsda tosh namunalarini yig‘ib, ularni o‘rganmoqda.
Astronomlar ham uzoq yillardan buyon Yernikiga o‘xshash atmosferaga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyoralarni izlab koinotni o‘rganmoqda.
Shuningdek, ular galaktikamizdagi uzoq sayyoralardan kelishi mumkin bo‘lgan radio signallarni ham kuzatib bormoqda.
Bu tadqiqotlarning barchasi "Yerdan tashqarida ham hayot bormi?" degan yagona savolga javob topishga qaratilgan.
Insonlar Yerdan tashqarida hayot izlayotganiga ancha yil bo‘ldi. Lekin olimlar bu hayot mavjud bo‘lsa ham, u filmlardagi yashil mavjudotlarga emas, bakteriyalarga o‘xshash sodda organizmlarga o‘xshashi mumkinligini aytishadi.
NASA va Yevropa kosmik agentligi (ESA) bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borgan astrobiolog va yozuvchi doktor Mikaela Musilova ham shu fikrda. Uning ta’kidlashicha, o‘zga sayyoralardagi hayot ehtimolan mikroblar ko‘rinishida bo‘ladi.
Xo‘sh, agar koinotda mikrob hayot shakllarini topsak, ular insonlarga kasallik yuqtirishi mumkinmi? Yoki, aksincha, koinotni o‘rganish jarayonida aynan odamlar mikroblarni boshqa sayyoralarga tarqatuvchi manbaga aylanishi mumkinmi?

Surat manbasi, Nasa/JPL-Caltech/MSSS
Og‘ir sharoitlar
Musilova BBC'ning CrowdScience podkastida aytishicha, bakteriyalarga o‘xshash sodda organizmlar koinotning noqulay sharoitlarida yashab qolish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan mavjudotlar hisoblanadi.
Musilovaning aytishicha, Yerdagi ayrim bakteriyalar spora deb ataladigan himoya holatiga o‘ta oladi. Bu o‘ziga xos "uyqu rejimi" bo‘lib, ularga radiatsiya ta’siriga chidash va kosmosda uzoq vaqt tirik qolish imkonini beradi.
"Ular hujayra ichida qalin himoya qobig‘ini hosil qiladi. DNK juda zich joylashadi va xavfsizlik kamari vazifasini bajaradigan maxsus oqsillar tomonidan himoyalanadi", deb tushuntiradi Musilova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oqsillar DNKni joyida ushlab turadi, chunki radiatsiya DNKni mayda qismlarga parchalashga moyil bo‘ladi.
Musilovaning ta’kidlashicha, ba’zi nazariyalarga ko‘ra, bakteriya sporalari kosmosda minglab yillar davomida tirik qolishi mumkin. Biroq bu hali faraz hisoblanadi, chunki olimlar Xalqaro kosmik stantsiyada bunday uzoq muddatli tajribalarni o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishmagan.
Kosmosdan Yerga
Olimlarni qiziqtirayotgan asosiy savollardan biri shundaki, ehtimoliy mikrob hayot shakllarini Yerga olib kelish mumkinmi va ular insonlarga xavf tug‘diradimi?
Mutaxassislar avvalroq Marsdan olinadigan tuproq va tosh namunalarining Yerga zarar yetkazish xavfi "juda past" ekanini bildirishgan. Shunga qaramay, Musilovaning ta’kidlashicha, NASA kabi kosmik agentliklar bu ehtimoliy xavfga jiddiy munosabatda bo‘ladi.
NASA va ESA tomonidan birgalikda amalga oshirilgan, hozircha to‘xtatib turilgan "Mars Sample Return" (Mars namunalarini Yerga olib kelish) dasturida ham ehtimoliy xavflarga qarshi maxsus rejalar ishlab chiqilgan.

Surat manbasi, DrPixel via Getty Images
ESA olimi Silvio Sinibaldining aytishicha: "Albatta, bu namunalar saqlanadigan va tekshiriladigan maxsus yuqori xavfsizlik laboratoriyalarini qurish rejalashtirilgan edi".
Uning ta’kidlashicha, xavf faqat namunalarning o‘zi bilan cheklanmaydi. Marsdan namunalarni olib keluvchi kosmik apparatning tashqi qismi ham ehtimoliy mikroblar mavjudligi nuqtai nazaridan tekshiriladi. Sinibaldining so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar bunday mikroblarning hatto Yer atmosferasiga yaqinlashishini ham istashmaydi.
Biz koinotni ifloslantirishimiz mumkinmi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ammo AQShdagi Pittsburg universiteti mikrobiologi va sobiq astronavt Keyt Rubinsning aytishicha, agar mikroblar kosmosda yashab qola olsa, u yerga nimalarni olib borayotganimiz haqida ham o‘ylashimiz kerak.
Insonlar kosmosga safar qilar ekan, bilmagan holda o‘zlari bilan mikroblarni ham olib chiqadi. Rubinsning ta’kidlashicha, mikroblar atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni sezish va ularga moslashish qobiliyati jihatidan boshqa tirik organizmlardan ajralib turadi.
"Ular stress omillariga juda sezgir. Kosmik parvoz va mikrogravitatsiya muhiti esa stressga boy sharoit hisoblanadi", deydi u.
Tadqiqotlar mikrogravitatsiya ta’siridagi ayrim bakteriyalarda kasallik qo‘zg‘atish qobiliyati bilan bog‘liq genlar faollashishini ko‘rsatgan.
"Bu biroz tashvishli holat. Chunki ular yanada xavfliroq bo‘lib qolishi mumkin", deydi Rubins.
Ayrim tadqiqotlar kosmik parvoz inson immunitetiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan.
NASA kuzatuvlariga ko‘ra, odatda faol bo‘lmaydigan ba’zi viruslar, jumladan temiratki kasalligi bilan bog‘liq viruslar ham kosmosda qayta faollashishi mumkin.
"Bu immun tizimi zaiflashgani va virus yana faol holatga qaytganini anglatishi mumkin", deydi Rubins.

Surat manbasi, Nasa via Getty Images
Mikaela Musilovaning fikricha, mikroblarni kosmosga olib chiqish ilmiy tadqiqotlarning o‘zi uchun ham muammo tug‘dirishi mumkin. Chunki bu orqali olimlar o‘rganmoqchi bo‘lgan muhitni o‘zlari ifloslantirib qo‘yishi ehtimoli bor.
"Biz Mars hayot uchun yaroqlimi yoki yo‘qligini o‘rganish maqsadida u yerga turli kosmik apparatlarni yubormoqdamiz", deydi u.
Musilovaning ta’kidlashicha, ayrim mikroblar Marsgacha yetib borgan bo‘lishi deyarli aniq.
"Agar bir kuni Marsda hayot topsak, avvalo uning Yerdan olib borilgan mikroorganizm emasligini tekshirishimiz kerak bo‘ladi", deydi olim.
Yevropa kosmik agentligi olimi Silvio Sinibaldining aytishicha, bunday xavfni kamaytirish boshqa sayyoralarda ko‘payib ketishi mumkin bo‘lgan organizmlarning tarqalishining ham oldini oladi.
Bu borada kosmik apparatlarning qanday loyihalashtirilishi ham muhim ahamiyatga ega.
Yevropa kosmik agentligining Rosalind Franklin nomli Mars tadqiqot apparatini 2028 yilda uchirish rejalashtirilgan. U ifloslanish xavfini iloji boricha kamaytirish hisobga olingan holda yaratilmoqda.
ESA ma’lumotiga ko‘ra, apparat juda toza sharoitda yig‘ilgan. Bakteriyalar sonini kamaytirish uchun quruq issiqlik, ultrabinafsha nurlari va gamma-nurlanish kabi usullardan foydalanilgan. Shunga qaramay, barcha bakteriyalarni to‘liq yo‘q qilishning iloji bo‘lmagan.
Loyiha muhandisi Pol Michamning aytishicha: "Apparatning butun tashqi yuzasida 10 mingtadan kam bakteriya sporasi bo‘lishi kerak edi. Odatda bunday miqdor igna uchining sakkizdan bir qismida ham bo‘ladi".
Uning ta’kidlashicha, amalda bu ko‘rsatkichni yana 10 foizgacha tushirishga erishilgan.
Nega bu muhim?
Agar bir kuni Marsda hayot topsak, avvalo uning Yerdan olib borilgan mikroorganizm emasligini tekşirişimiz kerak böladi.
O‘tgan oy NASA mutaxassislari Yerdagi ayrim mikroblar Oyning janubiy qutbidagi doimiy soya tushib turadigan hududlarda ham yashab qolishi mumkinligini aniqlashdi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu natijalar mikroblarning kosmosda o‘zini qanday tutishi va o‘zgarishini yaxshiroq tushunish zarurligini ko‘rsatadi.
Mikroblarning kosmosda tirik qolishi, hatto yanada yuqumliroq bo‘lib qolishi, shuningdek, kosmik parvoz inson immun tizimini susaytirishi ehtimoli astronavtlar salomatligi va kosmik missiyalar muvaffaqiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Insonlar Yerdan uzoqroq va uzoq muddatli parvozlarni rejalashtirayotgan bir paytda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, Xalqaro kosmik stantsiyada kimdir kasal bo‘lib qolsa, uni bir kun ichida Yerga qaytarish mumkin. Ammo Oyda bunday yordamni olish bir necha kun vaqt talab qilishi mumkin.
Rubinga ko‘ra, "Bu katta muammo emasdek tuyulishi mumkin. Ammo agar jiddiy infektsiyaga duch kelsangiz, bu haqiqatan ham katta muammoga aylanishi aniq."































