Mirziyoyev Turkiyadagi COP31da: O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning iqlim muammolariga qanday yechimlar taklif etilmoqda?

Antaliya shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan qo‘l berib ko‘rishishmoqda.
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashdi.
Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga amaliy tashrif bilan Antaliya shahriga keldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konventsiyasi tomonlari konferentsiyasining 31-sessiyasi (COP31) tadbirlarida ishtirok etdi.

O‘zbekiston BMTning mazkur konventsiyasiga 1993 yilda qo‘shilgan bo‘lsa, 2018 yildan buyon Parij bitimi ishtirokchisi hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan samolyotdan chiqib samolyot trapida turishibdi
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston prezidenti BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferentsiyasining yalpi sessiyasida ishtirok etish uzhun Antaliyaga keldi.

10 noyabr kuni Antaliyadagi COP31 sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Jahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi Selesta Saulo, shuningdek, Gruziya va Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan uchrashib, iqlim moliyasi, "yashil" iqtisodiyot, gidrometeorologiya, ekologik hamkorlik va investitsiya loyihalari masalalarini muhokama qildi.

Antaliyadagi tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 11 noyabrdan lavozimiga kirishgan yangi bosh kotibi Mirvohid Azimovni qabul qilib, O‘zbekiston va tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, 2027 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan TDT sammitiga tayyorgarlik hamda tashkilot faoliyatining istiqbollarini muhokama qildi.

Shuningdek, 11 noyabr kuni COP31 sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga hamda Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashib, strategik hamkorlik, infratuzilma va suv xavfsizligi loyihalari, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek savdo, energetika, geologiya, ekologiya va suv resurslari sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar yuzasidan fikr almashdi.

COP31 sammiti ishtirokchilari bo‘lgan davlat va hukumat rahbarlarining umumiy suratga tushish marosimi.
Surat tagso‘zi, Sammit doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hamkorligida xalqaro sheriklar ko‘magida ishlab chiqilgan "Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlar" (CLiCA) mintaqaviy dasturiga start berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Prezidenti Natasha Pirts Musar bilan ham uchrashib, o‘tgan yili Sloveniyaga amalga oshirilgan tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Yana bir uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Toriq Rahmon bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Shu kunning o‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev Antaliya shahrida o‘tayotgan Jahon iqlim sammiti ochilish marosimida ishtirok etdi, unda turli mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar rahbarlari ham qatnashdi.

Shuningdek, Prezident BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konventsiyasi ijrochi kotibi Yasmin Fuad bilan uchrashib, cho‘llanishga qarshi kurashish, tanazzulga uchragan yerlarni tiklash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish sohalaridagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.

COP31ga kim rahbarlik qilmoqda?

Antaliyada COP31 logotipi tushirilgan sahna
Surat tagso‘zi, Turkiya COP31ning mezboni.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Galatasaray universiteti veb-saytiga ko‘ra, COP31 mezbonligi huquqi uchun Turkiya va Avstraliya uzoq vaqt raqobat qildi.

2025 yil noyabrida Belem shahrida o‘tkazilgan COP30 sammitida ham ikki davlat o‘z nomzodini qaytarib olmagani sababli jarayon berk ko‘chaga kirib qoldi. Bir hafta davom etgan muzokaralardan so‘ng vazifalarni taqsimlashga asoslangan murosa yechimi topildi.

Tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Turkiya COP31ning mezboni hisoblanadi. Sammit Antaliya shahrida o‘tkaziladi, COP raisi vazifasi Turkiya zimmasiga yuklatilgan. Sammitdagi amaliy ustuvor yo‘nalishlarni birlashtiruvchi Harakat dasturi ham Turkiya tomonidan boshqariladi.

Avstraliya esa rasmiy muzokaralarga raislik qiladi. Muzokara sessiyalariga Avstraliyaning iqlim vaziri Kris Bouen rahbarlik qiladi. Tinch okeanidagi orol davlatlari esa sammit oldidan tashkil etilgan dasturning markaziga qo‘yilgan.

Antaliyadagi muzokaralarda eng diqqat markazida bo‘ladigan masalalardan biri qazilma yoqilg‘ilar bo‘yicha yo‘l xaritasi hisoblanadi. Belemda qabul qilingan rasmiy hujjatga kiritilmagan bu masalaning COP31 davomida qanday yo‘nalish olishi kuzatib boriladi.

Shuningdek, iqlim moslashuvi uchun moliyalashtirish, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqlim mablag‘larini oshirishni ko‘zlovchi Boku-Belem yo‘l xaritasi hamda adolatli energetik o‘tish mexanizmi muhokamalarning asosiy mavzulari bo‘ladi.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida atrof-muhit bo‘yicha qanday hamkorlik kelishuvi imzolandi?

Murat Qurum va Aziz Abduhakimov kulib, qo‘l ushlashgan holda suratga tushmoqda.
Surat tagso‘zi, Uchrashuvda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, havo va suv ifloslanishining oldini olish, chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyot masalalari muhokama qilindi.

COP31 raisi va Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Qurum O‘zbekiston prezidentining atrof-muhit bo‘yicha maslahatchisi va Ekologiya hamda iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi.

Bu haqda Turkiya davlat teleradiokompaniyasiga qarashli TRT Avaz kanali xabar berdi.

Anjuman doirasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan "Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi" imzolandi.

Anglashuv memorandumi doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, havo va suv ifloslanishining oldini olish, chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyot sohalarida qo‘shma faoliyatni rivojlantirish maqsad qilingan..

O‘zbekiston COP31da Markaziy Osiyo manfaatlarini qanday ilgari surmoqda?

Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi Ilmiy-axborot markazi (NIS MKVK) huzuridagi Orolbo‘yi hududi holatini monitoring qilish masalalari bo‘yicha ekspert-maslahatchisi Vadim Sokolov
Surat tagso‘zi, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi Ilmiy-axborot markazi (NIS MKVK) huzuridagi Orolbo‘yi hududi holatini monitoring qilish masalalari bo‘yicha ekspert-maslahatchisi Vadim Sokolov.

BBC o‘zbek xizmati muxbiri Aziza Qadam Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi Ilmiy-axborot markazi huzuridagi Orolbo‘yi hududi holatini monitoring qilish masalalari bo‘yicha ekspert-maslahatchi Vadim Sokolov bilan COP31 sammiti, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyo oldida turgan asosiy ekologik muammolar haqida suhbatlashdi.

BBC: COP31 sammitida O‘zbekiston qanday aniq natijalarga erishishi kerak? Prezident Mirziyoyev tashrifining muvaffaqiyatli bo‘lganini qaysi ko‘rsatkichlar asosida baholash mumkin?

Vadim Sokolov: COP31 sammitida O‘zbekistonning iqlim kun tartibi deklarativ kelishuvlardan "amaliy yechimlar" bosqichiga o‘tmoqda, milliy ekologik majburiyatlarni ilgari surishni ko‘p tomonlama moliyalashtirishni jalb qilish bilan uyg‘unlashtirgan holda.

Kutilayotgan asosiy natijalar:

Iqlim moliyalashtiruvini jalb qilish va CLiCA dasturini ishga tushirish: COP31da Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF), Germaniya hukumati va Yevropa investitsiya banki (YeIB) tomonidan ma’qullangan "Markaziy Osiyoning iqlimga bardoshli landshaftlari" (CLiCA) mintaqaviy dasturi rasman boshlandi. Dastur doirasida O‘zbekistonga 103,7 million yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya ajratiladi. Shuningdek, sammit doirasida O‘zbekiston va YeTTB 2027 yil uchun hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi, 7 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirgan holda.

Yangilangan milliy majburiyatlarni (ONUV 3.0) mustahkamlash: O‘zbekiston Parij bitimi doirasida milliy darajada belgilangan yangilangan hissasini (ONUV 3.0) taqdim etmoqda. Yangi maqsadlar 2035 yilgacha (2010 yil darajasiga nisbatan) YaIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish va 2055 yilgacha uglerod neytralligiga erishishni o‘z ichiga oladi (2030 yilgacha 35 foizlik avvalgi maqsad muddatidan oldin bajarilgan).

Climate BRIDGE va FRLD mexanizmlarini joriy etish: BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda iqlim maqsadlarini aniq investitsiya loyihalari portfeliga aylantirishga, shuningdek Yo‘qotish va zarar bo‘yicha xalqaro jamg‘armaga (Loss and Damage Fund) kirish imkoniyatini ochishga qaratilgan Climate BRIDGE pilot loyihasi ishga tushirildi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy diplomatik katalizatori sifatida maydonga chiqmoqda. COP31 doirasida 2027 yilni "Tabiatni muhofaza qilish yili" deb e’lon qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu tashabbus avvalroq Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) yig‘ilishi doirasida ilgari surilgan edi. Antaliyada Markaziy Osiyo davlatlarining suv resurslarini barqaror boshqarish va yerlarni tiklash bo‘yicha harakatlarini muvofiqlashtirish ishlari olib boriladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Prezident Mirziyoyev tashrifi muvaffaqiyati ko‘rsatkichlari:

  • GCF va YeIB tomonidan ajratiladigan 103,7 million yevroga oid kelishuvlarning huquqiy jihatdan yakuniy rasmiylashtirilishi, shuningdek YeTTB va UNDP bilan 2027 yil uchun iqlim loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolanishi.
  • 2027 yilda amaliy ishlar kafolatli boshlanishi uchun CLiCA dasturi bo‘yicha Milliy rahbar qo‘mitasi va Dastur boshqaruv guruhining tashkil etilishi.
  • Prezidentning COP31 doirasidagi boshqa uchrashuvlari natijalari.

Tashrif davomida taqdim etilayotgan O‘zbekistonning ekologik ko‘rsatkichlari:

  • Farg‘ona vodiysi va Surxondaryoning 15 tumanida 18 ming gektar o‘rmon maydoni va 123 ming gektar yaylov tiklangani.
  • Sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgani va 12 ming fermer xo‘jaligiga iqlim bo‘yicha maslahatlar berilgani.
  • Qishloq hududlarida yashovchi 342 ming kishining iqlim o‘zgarishiga chidamliligi oshirilgani.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 23 fevral kuni Orol dengizining qurigan tubiga tashrifi chog‘ida.
Surat tagso‘zi, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 23 fevral kuni Orol dengizining qurigan tubiga tashrifi chog‘ida.

BBC: Bugungi kunda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishining oqibatlaridan qaysi sohalarda eng ko‘p zarar ko‘rmoqda va bu muammolarni hal qilish uchun COP31 doirasida qanday xalqaro hamkorlik yoki moliyalashtirishni jalb qilish mumkin?

Vadim Sokolov: O‘zbekistonlik mutaxassislar guruhi - Boriy Alixanov, Vadim Sokolov, Sergey Samoylov, Leyli Seitova tomonidan iqlim o‘zgarishlari intensivligini baholash metodikasi taklif qilingan. Mazkur metodga bo‘lgan mualliflik huquqi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat korxonasining 2022 yil 28 oktyabrdagi №005172 sonli mualliflik huquqi guvohnomasi bilan tasdiqlangan.

Metodika Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tomonidan tan olingan va Qurg‘oqchilikni kompleks boshqarish dasturi (IDMP) portalida e’lon qilingan.

Metodika baholariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha iqlim o‘zgarishlari intensivligi indeksi bugun o‘rtacha 8,0 darajasida.

O‘zbekiston uchun hisoblangan iqlim o‘zgarishlari intensivligi indeksi bo‘yicha olingan natijalar mamlakatimizdagi intensivlik o‘rtacha jahon darajasidan uch baravar yuqori ekanini ko‘rsatadi, Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 3,5 baravarga, Qoraqalpog‘istonda (Orolbo‘yi hududida) esa 4,5 baravarga yetadi.

Bunday yuqori iqlim o‘zgarishlari intensivligi mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishidagi barcha muhim jihatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi salomatligi, ekotizimlar barqarorligi, fauna va flora xilma-xilligi, shuningdek iqtisodiy rivojlanish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid tug‘diradi.

Biz allaqachon yog‘ingarchilikning yil davomida taqsimlanishidagi o‘zgarishlarni va yoz faslida qurg‘oqchilik davomiyligining ortib borayotganini kuzatmoqdamiz. Bu suvga bo‘lgan talabni oshiradi, holbuki mintaqamizda suv zaxiralari cheklangani sababli suv taqchilligi kuchayib bormoqda.

Suratda davlat rahbari uchrashuv stoli markazida, Mirvohid Azimov rasmning o‘ng tomonida, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov esa chap tomonda o‘tiribdi.
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining yangi tayinlangan bosh kotibi Mirvohid Azimovni mas’uliyatli lavozimga kirishgani bilan tabriklab, unga faoliyatida muvaffaqiyat va samarali natijalar tiladi.

Mintaqada iqlim o‘zgarishlarining boshqa o‘ziga xos omillari muzliklar va qor qoplamlarining holati, shuningdek cho‘llanishning kuchayishidir. Tyan-Shan va Pomir tog‘lari Amudaryo va Sirdaryo daryolari yillik oqimining taxminan 75 foizini ta’minlaydi. Mavsumlarning o‘zgarishi va qor yoki muzliklar erishi natijasida hosil bo‘ladigan suv miqdori ushbu transchegaraviy suv oqimlarida mavjud suv hajmi hamda suv resurslarini boshqarishga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Masalan, O‘zgidromet xodimlari ma’lumotlariga ko‘ra, 1957 yilga nisbatan 2020 yilga kelib Pskem, Shohimardon, Qashqadaryo va Surxondaryo daryo havzalaridagi (O‘zbekiston hududida joylashgan) muzliklarda muz hajmining umumiy qisqarishi 2,024 km³ ni yoki dastlabki hajmning 32 foizini tashkil etgan.

Uzoq muddatli istiqbolda Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakatida iqlim o‘zgarishlariga nisbatan zaiflik sezilarli darajada ortib bormoqda.

Suv iste’moli va iqlim o‘zgarishlari dinamikasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2040 yilga borib Orol dengizi havzasidagi yillik suv resurslari taqchilligi ikki baravarga oshib, 20 milliard kub metrlik tanqidiy darajaga yetishi mumkin. Bu esa ichimlik suvi ta’minoti barqarorligi, agrar sektor, oziq-ovqat xavfsizligi, gidroenergetika hamda Markaziy Osiyoning besh davlatidagi umumiy ijtimoiy-ekologik barqarorlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidlarni keltirib chiqaradi.

Rasmiy
Mustaqil ekspertlar ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo, jumaladan, O‘zbekiston uchun kelajakdagi xavf emas, balki aholi bugunning o‘zida his qilayotgan real muammo.
Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing

BBC: Orolbo‘yi inqirozi va suv taqchilligi muammosini hisobga olganda, COP31 O‘zbekiston uchun amaliy natijalarga erishishning haqiqiy imkoniyati yoki, birinchi navbatda, diplomatik muloqot maydonimi?

Vadim Sokolov: Aynan shuning uchun ham BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konventsiyasi tomonlari konferentsiyalari muntazam o‘tkazib kelinadi. Chunki bu, bir tomondan, iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalarini mustaqil hal qilib bo‘lmasligi sababli, yanada yaqin hamkorlik bo‘yicha diplomatik muzokaralar maydonidir.

Boshqa tomondan, bu tajriba va muammolar bilan o‘rtoqlashish, shuningdek innovatsiyalar va moliya mablag‘larini jalb qilish masalalarini hal etish mumkin bo‘lgan maydondir.

Texnik va muhandislik yechimlari jamoatchilik ongini o‘zgartirmasdan kutilgan samarani bermasligini tan olgan holda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan suvdan tejamkorlik bilan foydalanishning yangi "madaniy kodi"ni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

O‘zbekiston suv xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan "Kelajak suvi" mintaqaviy dasturi ishlab chiqilgan. U fermerlar, agroklasterlar va sanoat korxonalari uchun suv tejash tizimlari hamda suvni yetkazib berish va undan foydalanishning aqlli texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amaliy o‘quv platformasini ishga tushirishni nazarda tutadi.

COP31ning Antaliyadagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston 2026-2036 yillarni "Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi" deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu mintaqa mamlakatlarida har yili Suv haftaliklarini tashkil etish va Samarqandda har ikki yilda bir marta Butunjahon suvni tejash forumini o‘tkazishni nazarda tutadi.

Asosiy sinov: va’dalar amalda ishlaydimi?

Mustaqil ekspertlar ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo, jumaladan, O‘zbekiston uchun kelajakdagi xavf emas, balki aholi bugunning o‘zida his qilayotgan real muammo - suv tanqisligi, jazirama issiq, qurg‘oqchilik, cho‘llanish va havo sifatining yomonlashuvi bunga yaqqol misol.

COP31 sammiti samarasi qabul qilingan deklaratsiyalar yoki imzolangan kelishuvlar bilan emas, balki amalga oshirilgan loyihalar va amaldagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanishi kerak. Ya’ni oddiy fuqaro uchun natija, avvalo, suv resurslari bilan ta’minlanish, iqlim xavflaridan himoyalanish va toza atrof-muhit demakdir, deydi ular.

Aytilishicha, xalqaro iqlim sammitlarida qabul qilingan barcha majburiyatlar ham amalda to‘liq bajarilavermaydi. Ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar uchun iqlim moliyasiga yetarlicha erishish hali ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, kuzatuvchilarga ko‘ra, COP31dan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun aniq natijalar kutishga asoslar mavjud. Asosiy masala esa kelishuv va va’dalarni aniq investitsiya loyihalariga aylantirish, ularning moliyalashtirish manbalarini belgilash va amalda ro‘yobga chiqarishdir.

COP31ning muvaffaqiyatini imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki jalb qilingan mablag‘lar, amalga oshirilgan loyihalar va aholining iqlim xavflaridan qay darajada himoyalanayotgani bilan baholash kerak, deydi ular.