Besh kundan keyin ajrashish: «Soxta nikohdagi erim meni sevishiga ishontirgandi»

Jeynning aytishicha, qisqa davom etgan nikohi barbod bo‘lganidan keyin u qattiq shokka tushgan va nima bo‘layotganini tushunmay qolgan.
Surat tagso‘zi, Jeynning aytishicha, qisqa davom etgan nikohi barbod bo‘lganidan keyin u qattiq shokka tushgan va nima bo‘layotganini tushunmay qolgan.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Islomiy nikoh marosimidan besh kun o‘tib, Jeynning hayotini ostin-ustun qilib yuborgan xabar keldi.

«Men sen bilan ajrashaman va seni taloq qildim», deb yozgandi unga yangi turmush o‘rtog‘i.

Bi-bi-si asl ismini oshkor qilmaslikka rozi bo‘lgan Jeynning aytishicha, u bu erkak bilan 10 oy avval musulmonlar uchun mo‘ljallangan Muzz nikoh sayti orqali tanishgan.

O‘sha paytda Jeyn uning ismi Adam ekaniga va Manchesterda yashashiga ishongan.

«Bu men uchun juda og‘ir. Men turmush quryapman, deb o‘ylagandim, ammo hayotimdagi eng dahshatli tushga tushib qoldim», deydi u.

«Bu aqlga sig‘maydigan ish. Odamlar jinsiy aloqa uchun nega bunday ishlarga qo‘l urishini tushunmayman».

Jeynning aytishicha, ular yuzma-yuz uchrashishga kelishishdan oldin olti oy davomida internet orqali yozishib, videoaloqada gaplashib yurishgan.

U Bi-bi-siga munosabatlari samimiy ekaniga ishonganini va erkak unga turmush qurishni taklif qilganida hech narsadan shubhalanmaganini aytdi.

«U meni sevishiga va men bilan birga hayot qurmoqchi ekaniga ishontirgandi. Shuning uchun undan shubhalanishimga hech qanday asos yo‘q edi», deydi Jeyn.

Keyinchalik Jeyn Adamning asl ismi boshqa ekanini va u allaqachon uylanganini bilib qolgan.

Adamning advokatlari esa u Jeynning barcha ayblovlarini qat’iyan rad etishini bildirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Jeyn bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan musulmonlar uchun mo‘ljallangan Muzz nikoh sayti orqali tanishgan.
Surat tagso‘zi, Jeyn bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan musulmonlar uchun mo‘ljallangan Muzz nikoh sayti orqali tanishgan.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Islom dinini qabul qilgan Jeyn 2 iyunь kuni nikoh o‘qitish uchun Angliyaning Lankashir grafligidagi Brayerfild shahriga borgan.

Nikoh — shariat qoidalari asosida tuziladigan islomiy nikoh shartnomasi yoki marosimidir.

Biroq bunday nikoh Angliya va Uelsda qonuniy nikoh sifatida tan olinmaydi.

Jeyn aslida to‘yini o‘zi yashaydigan Glazgo shahrida, do‘stlari va oila a’zolari davrasida o‘tkazmoqchi bo‘lganini aytadi. Ammo bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Shotlandiyada nikohdan o‘tishga qarshi chiqqan.

Endi Jeyn o‘sha paytdayoq bundan shubhalanishi kerak bo‘lganini tushunmoqda.

«Shotlandiyada bizdan diniy nikoh bilan bir vaqtda qonuniy nikohdan ham o‘tishni talab qilishdi», deya tushuntiradi u.

«U esa: "Nega ular mening shaxsimni tasdiqlovchi hujjatimni ko‘rishi kerak? Axir nikoh o‘qitish juda oddiy jarayon-ku. Buning uchun hujjatimni ko‘rishlari shart emas", dedi.

U bundan juda qattiq norozi bo‘ldi».

Jeynning aytishicha, Brayerfilddagi nikoh marosimi guvoh sifatida qatnashgan ikki imom ishtirokida o‘tgan. Shundan so‘ng juftlik mehmonxonada ikki kecha birga qolgan.

Ammo nikohdan atigi besh kun o‘tib, Jeynga turmushi tugagani haqida xabar kelgan.

Jeyn olgan taloq xabari.
Surat tagso‘zi, Jeyn olgan taloq xabari.

Jeyn bu voqeadan keyin qattiq shokka tushganini, nima bo‘lganini tushunolmay qolganini aytib, nikohini «soxta nikoh» deb ta’rifladi.

Uning fikricha, boshidan kechirgan bu dahshatli voqea ruhiy va jinsiy ekspluatatsiya bo‘lgan.

Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, erkak hozir ham boshqa bir ayol bilan qonuniy va diniy nikohda yashamoqda.

Erkak o‘z advokatlari orqali yuborgan batafsil javobida Jeynning ayblovlarini o‘ziga qarshi uzoq vaqtdan beri olib borilayotgan kampaniyaning bir qismi deb atagan. Uning ta’kidlashicha, bu ayblovlar hech qanday dalilga asoslanmagan va yolg‘on.

Advokatlar Bi-bi-siga erkak Jeynni avvalgi nikohi haqida aldamaganini, chunki bu haqda umuman gapirmaganini bildirgan.

Shuningdek, ularning aytishicha, erkak Jeyn bilan nikoh marosimida haydovchilik guvohnomasini taqdim etgan va shu bois o‘zining haqiqiy shaxsini yashirmagan.

«Qattiq afsusdamiz»

Bi-bi-si Jeynga masjid tomonidan berilgan islomiy nikoh guvohnomasining nusxasini ko‘rdi. Unda ayrim ma’lumotlar tushirib qoldirilgan, ba’zilari esa noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Nikoh marosimini o‘tkazgan imom, muftiy Odil Zamonning aytishicha, nikoh o‘zaro rozi bo‘lgan ikki katta yoshli inson o‘rtasida o‘qilgan va ular baxtli ko‘ringan. Shu bois u qo‘shimcha savollar berishni o‘z vazifasi deb hisoblamagan.

«Yuzaga kelgan vaziyatdan qattiq afsusdamiz», dedi u Bi-bi-siga.

«Biz boshidanoq barcha tomonlarga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lgan holda, tegishli yordam va ko‘mak ko‘rsatishga harakat qildik. Shu bilan birga, faqat o‘zimiz bevosita xabardor bo‘lgan masalalar yuzasidan izoh berishni ma’qul ko‘rdik».

Imom shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishda xatolarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi. Biroq u Jeyn turmush qurgan erkakning haqiqiy shaxsini aniqlashga yordam berganini aytdi.

Nikoh buzilganidan keyin tomonlar o‘rtasida vositachilik qilgan Lankashir masjidlari kengashi bunday marosimlarni o‘tkazuvchi shaxslar tegishli tekshiruvlarni amalga oshirish uchun mas’ul ekanini bildirdi.

Bilol Braunning aytishicha, odamlarni aldashni maqsad qilgan kimsalar ham bor.
Surat tagso‘zi, Bilol Braunning aytishicha, odamlarni aldashni maqsad qilgan kimsalar ham bor.

Katta Manchester hududidagi Oldem shahrida faoliyat yurituvchi New Beginnings tashkiloti islom dinini qabul qilgan odamlarga yordam ko‘rsatadi. Tashkilot vakillarining aytishicha, ular musulmon jamoasi ichida boshqalarni aldashga uringan kishilar bilan bog‘liq holatlarga duch kelishgan.

«Biz musulmon jamoamiz orasida bunday firibgarlar borligini bilamiz. Ular odamlarni aldash payida yurishadi», deydi tashkilot asoschisi Bilol Braun.

Uning aytishicha, munosabatlar yoki nikohga shoshilinch kirishish, shuningdek, bu jarayonda katta oila a’zolarining ishtirok etmasligi nimadir joyida emasligidan darak beruvchi jiddiy ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi mumkin.

Braunning qo‘shimcha qilishicha, bunday vaziyatlarda islom dinini yangi qabul qilgan kishilar ayniqsa aldanib qolish xavfiga duch kelishi mumkin.

Lankashir politsiyasi va jinoyatchilik masalalari bo‘yicha komissarining sobiq yordamchisi Sayma Afzal BBC North West Tonight dasturiga bergan intervyusida islomiy nikohning qonuniy tan olinmasligi ayrim ayollar uchun muammo tug‘dirishi mumkinligini aytdi.

«Nikoh bilan bog‘liq qonuniy bo‘shliq haqida ko‘p eshitamiz. Masalan, "Biz ularni ko‘pxotinlilik uchun javobgarlikka torta olmaymiz, chunki islomiy nikoh Britaniyada qonuniy tan olinmaydi", deyishadi», dedi u.

«Ammo nikoh masalasini bir chetga qo‘yib, bu yerdagi xatti-harakatlarga qaraylik.

Bu yerda hiyla-nayrang, manipulyatsiya va ayolni tuzoqqa tushirish holatlarini ko‘ryapmiz.

Demak, bu — aldash».

Sayma Afzal islomiy nikoh bilan bog‘liq «qonuniy bo‘shliq» uni xavotirga solayotganini aytdi.
Surat tagso‘zi, Sayma Afzal islomiy nikoh bilan bog‘liq «qonuniy bo‘shliq» uni xavotirga solayotganini aytdi.

2018 yilda Britaniya parlamentiga taqdim etilgan mustaqil tahlil natijalariga ko‘ra, islomiy nikohlarning sezilarli qismi qonuniy nikoh bilan mustahkamlanmagan. Oqibatda bunday nikohdagi odamlar qonunan tan olingan nikohda nazarda tutilgan huquqiy himoyadan mahrum qolmoqda.

Shotlandiya politsiyasi mamlakat hududida jinoyat sodir etilgani aniqlanmaganini bildirdi.

Katta Manchester politsiyasi esa Jeynning shikoyati yuzasidan tergov o‘tkazish so‘ralganini tasdiqladi.

Muzz platformasi erkakning akkaunti butunlay bloklanganini ma’lum qildi.

Kompaniya bosh direktori Shahzod Yunus shunday dedi:

«Biz foydalanuvchilardan nikohda ekanini, u qonuniy yoki diniy nikoh bo‘lishidan qat’i nazar, ko‘rsatishni talab qilamiz.

Agar ular nikohda bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish jarayonidayoq ilovadan foydalanishlariga ruxsat bermaymiz».

Uning aytishicha, kompaniya odatiy tekshiruvlar doirasida elektron pochta manzili, telefon raqami, qurilma va selfi orqali tekshiruv o‘tkazadi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali tekshiruvdan o‘tish esa ixtiyoriy.

Foydalanuvchilarning profilida qaysi tekshiruvlardan o‘tgani va qaysilaridan o‘tmagani ko‘rsatiladi.

Jeyn o‘z boshidan kechirgan voqea boshqa ayollarning ham shunday vaziyatga tushib qolishining oldini olishga yordam berishini istaydi.

«Bu jamoamizda mavjud muammo», deydi u.

«Agar men o‘zim kabi aldanib qolishi mumkin bo‘lgan yana biror ayolga yordam bera olsam, shuning o‘zi men uchun katta yutuq bo‘ladi».