AQSh: "Eronning yadroviy dasturi haqida ma’lumot uchun 20 million dollar mukofot"

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
AQSh Eronning yadroviy dasturi haqida ma’lumot bergan shaxs uchun 20 million dollargacha mukofot e’lon qildi.
AQSh Davlat departamentining Rewards for Justice ("Adolat uchun mukofot") dasturi bunday ma’lumotlarni taqdim etgan shaxsni boshqa joyga ko‘chirish imkoniyati ehtimoli haqida ham aytgan.
Prezident Donald Tramp o‘tgan yili AQSh va Isroilning harbiy amaliyotlari ortidan Eronning yadroviy inshootlari «butunlay va tamomila yo‘q qilinganini» ta’kidlagan edi.
Eron o‘z yadroviy dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini va yadroviy qurol yaratish niyati yo‘qligini ta’kidlab keladi.
Ayni paytda AQSh harbiylari Vashingtonning Eronning qurol-yarog‘ hamda jazo choralari ostidagi materiallarni chegaralar orqali tashishini cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzayotganini bildirdi.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, Task Force Iron Gate ishchi guruhi Floridaning Tampa shahrida faoliyat yuritadi va AQSh hukumatining boshqa idoralari bilan hamkorlik qiladi.
Guruh nafaqat qurollar harakati, balki ikki xil maqsadda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar va noqonuniy daromad manbalarini ham kuzatib boradi.
CENTCOM hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron portlariga nisbatan amalga oshirilayotgan dengiz qamali mamlakatning 25 milliard dollardan ortiq qiymatdagi xom neft eksportini amalga oshirishining oldini olgan.
AQSh Erondagi Pickaxe (Bolg‘a) tog‘ini nishonga olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
AQSh Davlat departamentining ko‘p million dollarlik mukofot haqidagi bayonotida aytilishicha, mablag‘ Eron yadroviy dasturi, jumladan, unga tegishli "inshootlar, jihozlar va xodimlar" haqidagi ma’lumotlar uchun taklif qilinmoqda.
Bayonotda Eronning "MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) oldidagi kafolat majburiyatlariga rioya qilmagani agentlikning Eronda sentrifugalar kabi yadroviy sanoatning muhim tarkibiy qismlarning ishlab chiqarilishi va zaxiralari bo‘yicha "bilimlar uzluksizligi"ni yo‘qotishiga olib kelgani" aytilgan.
Sentrifugalar boyitilgan uran ishlab chiqarish uchun zarur. Bunday uran fuqaroviy maqsadlarda reaktor yoqilg‘isi sifatida qo‘llanilishi mumkin, ammo uning tozalik darajasi taxminan 90 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, yadroviy qurol yaratish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Oraliq saylovlardan keyin AQSh Eronga qarshi yirik zarbalarni qayta boshlashi mumkinligi haqida taxminlar kuchaygan edi. Biroq Tramp saylovlar arafasida jurnalistlarga bu borada "shoshilayotgani yo‘q"ligini aytgandi.
Prezident oraliq saylovlar arafasida Fox News telekanaliga bergan intervyusida AQSh «Pickaxe (Bolg‘a) tog‘ini nishonga olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin"ligini ham aytgan. Bu joy Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq yerosti ob’ekti hisoblanadi.
Trampning o‘shanda aytishicha, bu "qiyin masala emas" va "bir soat ichida" amalga oshirilishi mumkin.
Prezident avval ham bu ehtimoliy yerosti ob’ektini bombardimon qilish bilan bir necha bor tahdid qilgan.
Biroq Tramp va vitse-prezident Jey Di Vansning aytishicha, Eronga qarshi urush siyosatiga jamoatchilik qarshiligi ularning Respublikachilar partiyasi shu hafta oraliq saylovlarda og‘ir yo‘qotishlarga uchrashiga sabab bo‘lgan. Bu esa Oq uy mojaroni yanada avj oldirishni istamasligi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirgan.
Juma kuni Tramp Eron AQSh bilan sakkiz oy davom etgan mojaroni tugatishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, Tehron iqtisodiyoti va harbiy salohiyati yetkazilgan zararni tilga oldi.
"Biz hozir ular bilan muzokara olib boryapmiz. Ular kelishuvga juda qattiq intilyapti", dedi u.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi seshanba kuni har ikki tomon "biz taqdim etgan g‘oya va takliflarni ko‘rib chiqmoqda" va kelishuvga erishilishiga hali ham umid qilinayotganini bildirgandi.
Eron muzokarachilari vositachilar bilan AQSh Eron tomoni qo‘ygan yettita shartni bajarganidan keyin ikki kun ichida Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha taklifni muhokama qilgan.
AQSh va Eron iyun oyida urushni tugatish va bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan edi. Biroq bir necha haftadan so‘ng eronliklar tomonidan kemalarga hujumlar qayta boshlangach va AQSh o‘z qamal choralarini tiklagandan keyin bu kelishuv barbod bo‘lgan.






























