Hamon model agentligi rahbari bo‘lgan Epshteyn tanishi "hayotimni xavf ostiga qo‘ydi"

Qora kiyimdagi, sochlari uchun Roza
Surat tagso‘zi, Roza aytishicha, Epshteyn uyiga foto sessiyaga yuborilganidan keyin uch yil davomida jinsiy zo‘rlangan
    • Author, Oana Marocico
    • Author, Sheida Kiran
    • Author, Haya Al Badarneh
    • Role, BBC Eye Investigations
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Jefri Epshteyn tomonidan zo‘rlangan ayol aytishicha, jinsiy zo‘ravonning Florida sohilidagi uyiga ikki foto sessiyaga yuborgan modellar agentligining prezidenti uning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

O‘sha payt, 2009 yili voyaga yetmagan inson bilan jinsiy aloqa uchun qamoq muddatini o‘tayotgan Epshteynga uyidan ishlashga ruxsat berilgan.

"Mening agentligim vazifasi meni muhofaza qilish edi. Lekin ular himoya qilmadilar. Amalda ular meni xatarga qo‘ydilar. Va buning uchun ular javob berishlari kerak", dedi u BBC Jahon xizmatiga.

MC2 Model Management agentligining AQSh bo‘limi tomonidan Epshteynning Palma Sohilidagi uyiga ilk bor yuborilgan vaqti Roza 18 yoshda edi, atigi bir oy oldin O‘zbekistondan Qo‘shma Shtatlariga kelgan edi. O‘sha paytdagi MC2 AQSh prezidenti Jef Fuller edi. Bugungi kunda u The Source Models deb ataladigan modellar agentligini boshqaradi.

"Agentligim men qanday joyda ekanimni yaxshi bilardi. Jef men aynan qayerga borayotganimni yaxshi bilgan," deydi Roza.

Oq ko‘ylakdagi Jef Fuller. U kameraga qarab turipti, ko‘rinishidan ofis ichida o‘tiripti
Surat tagso‘zi, Jef Fuller hozir The Source Models agentligini boshqaradi

Roza bizga bizga xarajatlar hisobotini ko‘rsatdi. Bu Epshteynning uyida o‘tkazilgan ikkinchi fotosessiyadan keyin uning Palm-Bichdan uyiga qaytish aviachiptasi cheki bo‘lib, uni Fullerning o‘zi bron qilgan. Bundan oldin Fuller Roza Epshteynning uyiga borayotganini bilmaganini aytgandi.

Roza aytishicha, fotosessiyalar uni Epshteynning yordamchisi sifatida ishga olinishiga yetaklagan.

Boshqa jabrlanuvchilar ham moliyachi yosh ayollarga nisbatan zo‘ravonligini davom ettirishi uchun yordamchilarni yollashni puxta o‘ylangan niqob sifatida qo‘llab kelganini aytishgan.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Rozaning aytishicha, Epshteyn keyinchalik uni muntazam ravishda zo‘rlagan.

Fuller Bi-bi-sining ayblovlar borasidagi so‘roviga javob bermadi. U bundan oldin Rozaga nisbatan zo‘ravonlik qilinayotganini bilmaganini aytgan.

Biz AQSh Adliya vazirligi (DOJ) tomonidan e’lon qilingan Epshteynga doir hujjatlar orqali MC2 agentligining 10 nafar modeli Epshteyn sudlanganidan keyin ham u bilan uchrashgani yoki muloqotda bo‘lganini aniqladik.

Shuningdek, hujjatlarda Epshteyn 2005 yilda MC2 agentligiga 1 million dollar (742 ming funt sterling) bergani ko‘rsatilgan. Holbuki, agentlik egalari ikki yil o‘tib AQShdagi bir nashrga Epshteynning kompaniya faoliyatiga hech qanday aloqasi bo‘lmaganini aytgan edilar.

BBC Eye bilan bo‘lishilgan guvohliklar modellik sohasida faoliyat yuritgan yana ikki shaxsning roli haqida ham savollar tug‘diradi. AQSh Adliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, sobiq agent Ramsi Elxoli va agentlik direktori Feyt Keyts Epshteyn bilan yaqin munosabatda bo‘lganlar.

Adliya vazirligining o‘tgan yili berilgan, «jinoiy javobgarlikka tortilmagan uchinchi tomonlar»ga nisbatan qo‘shimcha tergov o‘tkazishni talab qiladigan dalillar topilmagani haqidagi bayonoti hozir Nyu-York shtati senatori Zellnor Mayri tomonidan shubha ostiga olinmoqda.

U politsiyaga Epshteynga yordam bergan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni kengroq surishtirish vakolatini berish maqsadida odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi yangi qonun loyihasini taklif qildi.

Ko‘zoynak taqqan senator Mayri. U ko‘k kostyum, oq ko‘ylak va pushti galstukda
Surat tagso‘zi, Senator Mayri Bi-bi-siga aytishicha, u Epshteynning zo‘ravonliklari haqida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortilishini istaydi.

Bu fikrni AQShda modellarni yanada kuchliroq muhofaza qilish kampaniyasini yuritayotgan Model Alliance tashkiloti asoschisi Sara Zif ham ma’qullaydi.

"Ko‘pincha, muammo model agentliklarida bo‘ladi. Ular model bilan bu vahshiy odam o‘rtasidagi vositadir."

Rozaning so‘zlariga ko‘ra, MC2 agentligi uni yuborgan foto sessiyadagi suratchi professional fotograf emas, o‘sha paytdagi Epshteynning xushtori Nadiya Marchinko bo‘lgan.

Roza fotosessiya vaziyatini «g‘alati edi, chunki u yerda stilist yo‘q edi», deb tasvirlaydi va olingan suratlar hech qachon ishlatilmaganini aytadi. Shundan keyin u bu fotosessiyalar Epshteyn va MC2 tomonidan sahnalashtirilganiga ishonch hosil qilgan.

AQSh Adliya vazirligi hujjatlaridagi Fullerning Epshteynga yuborgan elektron maktubi agentlik bilan moliyachi o‘rtasidagi yaqin aloqalarni yaqqol ko‘rsatadi.

«Sen bo‘lmaganingda, biz uni bir necha oy oldin ishdan bo‘shatgan bo‘lardik», deb yozadi Fuller 2012 yil mart oyida boshqa bir model haqida. «Va men ehtiyot bo‘lardim, chunki u turli gaplarni tarqatadi», deb qo‘shimcha qiladi u.

Epshteyn 2019 yilda ikkinchi marta hibsga olinganidan bir oy o‘tib, MC2 agentligining AQShdagi bo‘limi tugatildi va Fuller hozirgacha faoliyat yuritayotgan The Source Models nomli yangi agentlikni ochdi. Bi-bi-si aniqlashicha, MC2ning 50 nafar modeli uning yangi agentligiga o‘tkazilgan.

Biz aniqlagan ma’lumotlar yuzasidan The Source Models agentligiga izoh so‘rab murojaat qildik, ammo javob olmadik.

Epshteyn uchun model agentliklari foydali vosita bo‘lgan, deydi Epshteynning 100 dan ortiq qurboni manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Sigrid Makkouli.

«Epshteyn ko‘pchilikka kuniga uch nafardan turli qiz kerakligini aytgan. Bu raqamlar haqida o‘ylab ko‘ring... Modellar skautlari juda muhim edi, chunki aynan ular Epshteynga yoqadigan turdagi ayollarni aniqlab berishardi», deydi u.

Sobiq agent Ramsi Elxoli misolida BBC Eye uning 34 nafar ayolni Epshteyn bilan bog‘lashga uringanini aniqladi. Ular orasida hali maktabda o‘qiyotgan 18 yoshli qiz ham bo‘lgan.

Bu ayollardan birining tajribasi yordamchilar qanday qilib zo‘ravonlik tizimiga jalb qilinganini ko‘rsatadi.

Adliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, Elxoli Epshteynga moliyachining ayol yordamchilaridan biri avval bu ayol bilan do‘stlashishini, shundan keyin uni Epshteynga tanishtirishni taklif qilgan.

Biz bu ayol bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, Epshteyn bilan ilk uchrashuvida, 19 yoshida, u Nyu-Yorkdagi shahar uyida uni jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilgan.

Ramsi Elxoli Bi-bi-siga shunday dedi: «Men har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik haqida bilganim yoki unga ko‘maklashganim to‘g‘risidagi ayblovlarni qat’iy rad etaman. O‘sha paytda men hech qanday zo‘ravonlik haqida ma’lumotga ega emas edim va faqat uning o‘zi 2008 yilgi sud ishi haqida aytgan gaplarini bilardim, men esa afsuski, shu gaplarga ishonganman».

U so‘zida davom etdi: «Hujjatlar va e’lon qilingan materiallardan ko‘rinishicha, ayollar ko‘pincha uning yaqin doirasidagi boshqa ayollar tomonidan ishonchga kiritilgan. Men hech qachon o‘sha doiraning bir qismi bo‘lmaganman va bunday faoliyatda ham ishtirok etmaganman. Mening maqsadim modellarga kasbiy imkoniyatlar topishda yordam berish, ularni juda keng aloqalarga ega inson bilan tanishtirish edi».

Advokat Sigrid Makkoulining aytishicha, bu ayol yordamchilarning qanday yo‘l tutish borasida deyarli «tanlovlari bo‘lmagan».

«Bu yosh jabrlanuvchilar muntazam ravishda zo‘rlanar edilar. Ularning tirikchiligi va daromad manbalari xavf ostida qolgan edi... Ularga nima deyilsa, shuni qilishga majbur edilar».

Biz suhbatlashgan yana bir model, Sharqiy Yevropadan bo‘lgan Simona (bu uning haqiqiy ismi emas), Epshteyn uni 200 martadan ham ko‘proq zo‘rlaganini aytdi.

«Odamlar biz qandaydir foyda ko‘rganmiz, pul yoki ta’sirga erishish uchun bu zo‘ravonlikka rozi bo‘lganmiz, deb o‘ylashadi. Ammo bu to‘g‘ri emas. Bizga faqat chuqur ruhiy jarohat qolgan», deydi Simona.

Uning aytishicha, moliyachi bilan birinchi marta uchrashganida 20 yoshda bo‘lgan va o‘sha paytga kelib Nyu-Yorkdagi bir modellik agentligi bilan shartnoma imzolagan edi. Shunda Epshteyn uni o‘zining «yaxshi» do‘sti Feyt Keyts bilan tanishtirishni taklif qilgan.

O‘sha vaqtda Keyts dunyodagi eng yirik modellik agentliklaridan biri bo‘lgan Next Management rahbari edi. U o‘tgan yil dekabr oyida yuqori lavozimidan ketgan, ammo hanuz kompaniyaning direktorlaridan biri sifatida rasman ro‘yxatda turibdi.

Kameraga qarab kulib turgan qora soch Feyt Keyts
Surat tagso‘zi, Simona aytishicha, ushbu suratdagi Feyt Keyts Epshteyn topshirig‘iga ko‘ra Simona bilan ko‘rishgan

Simonaning aytishicha, shu uchrashuv chog‘ida Keyts unga plastik operatsiya qildirishni tavsiya etgan va jarrohning ma’lumotlarini Epshteynga yuborgan.

Simonaning so‘zlariga ko‘ra, Keyts bilan uchrashuvdan keyin Epshteyn uni modellik faoliyatini to‘xtatishga ko‘ndirgan.

Shundan so‘ng, Roza va uning bir qancha boshqa qurbonlari kabi, u ham Epshteynning yordamchisiga aylangan. Uning aytishicha, keyingi qariyb ikki yil davomida Epshteyn uni zo‘rlagan va hayotining deyarli har bir jihatini nazorat qilgan.

AQSh Adliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, Epshteyn Keytsdan yana besh nafar model bilan uchrashishni so‘ragan. Ammo bu uchrashuvlardan qanchasi haqiqatan ham bo‘lib o‘tgani aniq emas.

Feyt Keytsning advokatlari Bi-bi-siga shunday degan:

«Jeffri Epshteyn mohir manipulyator edi... Keyts xonim ham Epshteyn tomonidan qattiq chalg‘itilganlardan biri bo‘lgan. Agar u o‘sha paytda hozir o‘zi va boshqalar bilayotgan haqiqatlarni bilganida, hech qachon u bilan aloqa qilmagan bo‘lardi».

Ular, shuningdek, Keyts hech qachon biror modeldan plastik operatsiya qildirishni so‘ramaganini ham aytdilar.

Biz Next Management agentligiga ham izoh so‘rab murojaat qildik, ammo javob olmadik.

Mayri Bi-bi-siga aytishicha, agar u taklif qilgan qonun loyihasi qabul qilinsa, «agar siz modellarni Epshteynga yuborgan bo‘lsangiz va uning nima qilayotganini bilgan bo‘lsangiz yoki bilishingiz kerak bo‘lgan bo‘lsa, javobgarlikka tortilasiz».

Roza o‘z boshidan o‘tkazganlarini oshkor qilish boshqalarni ham gapirishga undaydi, degan umidda.

«U yerda hali gapirmagan juda ko‘p jabrlanuvchilar bor, chunki bu qo‘rqinchli. Shuning uchun barcha jabrdiyda opa-singillarimga aytmoqchiman... Endi meni taniysizlar. Mening ismimni bilasizlar. Men sizlarga shunday deyman: bog‘laning, aloqaga chiqing».

Maqolani tayyorlashda Annika Grossser ko‘maklashgan