G‘azoda qum tepaligi chodirlar ustiga qulashi oqibatida uch bola va bir ayol halok bo‘ldi. G‘azoliklarga yordam berilyaptimi?

G‘azo bo‘ylab o‘n minglab chodirlarni suv bosishiga sabab bo‘lgan kuchli yomg‘irdan bir kun o‘tib, qum tepaligi qulab tushdi.
Surat tagso‘zi, G‘azo bo‘ylab o‘n minglab chodirlarni suv bosishiga sabab bo‘lgan kuchli yomg‘irdan bir kun o‘tib, qum tepaligi qulab tushdi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

G‘azo sektori markazida kuchli yomg‘irdan so‘ng qum tepaligi chodirlar ustiga qulab tushishi oqibatida uch bola va bir ayol halok bo‘ldi. Bu haqda HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Hodisa yakshanba kuni kechasi Dayr al-Balah shahri janubidagi ko‘chirilgan oilalar yashaydigan lagerda sodir bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, yana besh kishi jarohatlangan holda qutqarib olingan.

Videolarda erkaklar telefon chiroqlari yordamida katta toshlar, qum va qulab tushgan chodirlar ostida qolgan tirik odamlarni qidirayotgani aks etgan.

HAMAS nazoratidagi Ichki ishlar vazirligiga qarashli Fuqaro mudofaasi xizmati bu «insoniy fojia» xalqaro tashkilotlarni zudlik bilan harakatga keltirishi kerakligini bildirdi. Xizmat ko‘chirilgan aholini xavfsiz boshpanalar bilan ta’minlash, chodirlarni qumli hududlar, qiyaliklar va ko‘chki xavfi mavjud joylardan uzoqlashtirishga chaqirdi.

Xabarlarga ko‘ra, shanba kuni yoqqan jala G‘azo bo‘ylab o‘n minglab chodirlarni suv ostida qoldirgan. Oqibatda ko‘plab falastinliklar uxlash uchun quruq joysiz qolgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Fuqaro mudofaasi xizmati ayrim joylarda suv sathi 1,5 metrgacha ko‘tarilganini bildirdi. Xizmatga 2100 ta yordam so‘rab murojaat kelib tushgan, ammo qutqaruvchilar ularning atigi 10 foiziga javob bera olgan.

«Ko‘chirilgan odamlar hayotini himoya qilish — kechiktirib bo‘lmaydigan insoniy mas’uliyat. Ularning chodirlari qum va yomg‘ir suvi ostida o‘lim tuzog‘iga aylanmasligi kerak», — deya ogohlantirdi xizmat.

Fuqaro mudofaasi xizmati yakshanba kuni dastlab qum tepaligi qulab tushishi oqibatida uch bola va ikki ayol halok bo‘lganini xabar qilgan edi. Ammo dushanba kuni ertalab Sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlar orasida faqat bir ayol borligini ma’lum qildi.

Qutqaruvchilar
Reuters
Bu yerga yetib kelganimizda lagerdagi yigitlar bilan birga odamlarni öz qöllarimiz bilan qazib çiqardik. Bolalarni va ayolni çiqarib oldik.
Mustafo al-Masri
ğazolik qutqaruvçi (bbc.com/uzbek)

Mustafo al-Masriy BBC'ga aytishicha, u va boshqa qutqaruvchilar jabrlanganlarni qum va vayronalar ostidan qo‘llari bilan qazib chiqargan.

«Bu nihoyatda qiyin edi. Qum tepaligi juda katta va keng edi. U chodir ustiga qulab tushdi, biz nima qilishni bilmay qoldik», — dedi u.

«Bu yerga yetib kelganimizda lagerdagi yigitlar bilan birga odamlarni o‘z qo‘llarimiz bilan qazib chiqardik. Bolalarni va ayolni chiqarib oldik».

«Ularning otasi yetib kelib, "Bolalarim, bolalarim, bolalarim, bolalarim!" deb baqira boshladi. Biz uning bolalarini chiqarib, tez yordam mashinasiga joyladik va shifoxonaga olib bordik».

Al-Masriyning aytishicha, u G‘azo shimolidagi Bayt Hanun shahridan ko‘chirilgan, ammo qaytib boradigan joyi bo‘lmagani uchun G‘azo markazida qolgan.

«Biz atrofni aylanib, ochiq maydonlar va tepaliklar orasidan joy qidirdik. Ammo shu yerdan boshqa o‘zimga ma’qul keladigan joy topolmadim».

G‘azodagi HAMAS nazoratidagi hukumat ma’lum qilishicha, taxminan 70 mingta chodirni suv bosgan. Hukumat vakilining aytishicha, «darz ketgan o‘nlab devorlar va tomlarning qulab tushishi» oqibatida odamlar jarohatlangan, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda.
Surat tagso‘zi, G‘azodagi HAMAS nazoratidagi hukumat ma’lum qilishicha, taxminan 70 mingta chodirni suv bosgan. Hukumat vakilining aytishicha, «darz ketgan o‘nlab devorlar va tomlarning qulab tushishi» oqibatida odamlar jarohatlangan, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Xalqaro migratsiya tashkilotining mintaqaviy inqirozlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Karl Beyker G‘azodan turib BBC'ga bergan intervyusida hududning 2,1 million aholisi umumiy maydonning atigi 30 foizida yashashga majbur bo‘layotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab odamlar «afsuski, agar urush bo‘lmaganida, odatda yashash uchun tanlanmaydigan joylarda istiqomat qilmoqda».

Beyker BMT agentligi va uning hamkorlari aholi qishdan chiqib olishi uchun yetarli miqdorda chodir va brezent yetkazib berish, shuningdek, lagerlarda suvni chiqarish tizimlarini yaxshilashga harakat qilayotganini bildirdi.

Biroq u hozir G‘azoga kiritilayotgan yordam aholi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emasligini ta’kidladi va bu yordamni «juda kichik yaraga yopishtirilgan plastir»ga qiyosladi.

«Bizga ko‘proq yordam, moddiy ko‘mak kerak. Mahalliy jamoalar o‘zlariga yordam bera olishi uchun mablag‘ zarur», — dedi u. «Hali juda ko‘p ish qilinishi kerak».

BMT agentliklari Isroil rasmiylarini ko‘chirilgan oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun zarur maxsus texnika va materiallarni G‘azoga kiritishga ruxsat berishga chaqirgan.

Yordam yetkazib berishni muvofiqlashtiruvchi Isroil harbiy idorasi — Cogat yakshanba kuni ma’lum qilishicha, «G‘azoni qishga tayyorlash rejasi» boshlanganidan beri hududga 91 mingdan ortiq chodir, chiqindilarni olib chiqish uchun 12 ta vakuumli mashina, shuningdek, nasos inshootlari uchun yoqilg‘i va motor moyi yetkazib berilgan.

Biroq idora Isroil HAMAS va boshqa falastinlik qurolli guruhlar harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan uskunalarni kiritishga ruxsat bermasligini ham ta’kidladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush davomida G‘azodagi barcha binolarning taxminan 80 foizi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan.

1,9 milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi bir necha marta ko‘chirilgan. Hozir ulardan 1,2 millioni chodirlar yoki qo‘lbola boshpanalarda yashamoqda.

BMT 2025 yil oktyabrida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, G‘azodagi gumanitar vaziyat hamon og‘irligicha qolayotganidan ogohlantirgan.

Isroilning havo zarbalari va boshqa hujumlari aholi yashaydigan hududlarga hamon zarar yetkazmoqda. Bu odamlar halok bo‘lishi va jarohatlanishiga, mulkning vayron bo‘lishiga va aholining yana ko‘chishga majbur bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

G‘azodagi urush 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS boshchiligidagi qurolli guruhlar Isroil janubiga hujum qilganidan keyin boshlangan. O‘sha hujumda taxminan 1200 kishi o‘ldirilgan, yana 251 kishi garovga olingan.

Shundan beri G‘azoda 74 640 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Bu HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘lib, BMT uning raqamlarini ishonchli deb hisoblaydi.