Zelenskiy: Ukraina bo‘yicha muzokaralar "konstruktiv va ancha mazmunli". Nimalar ma’lum?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Laura Gotstsi
- Author, Abdujalil Abdurasulov
- Reporting from, Kyiv
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida Ukrainadagi urushni yakunlashga qaratilgan ikki kunlik uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tdi.
Kiev va Moskvadan kelgan yuqori martabali rasmiylar to‘rt soat davom etgan muhokamalar haqida deyarli izoh bermagan bo‘lsa-da, muzokaralarda ishtirok etmagan prezident Volodimir Zelenskiy ularni "konstruktiv va ancha mazmunli" deb baholadi.
Parijdan so‘zlagan AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham uchrashuvning birinchi kuni "juda samarali" o‘tganini aytdi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushiga nuqta qo‘yadigan kelishuvga erishish bo‘yicha katta siljish kutilmayotgan bo‘lsa-da, AQSh rasmiylari avvalroq Moskva va Kiev urushdan keyingi vaziyatda Ukrainaning sharqiy hududlari ustidan kim nazorat o‘rnatishi masalasida xususiy tarzda "bir oz moslashuvchanlik" ko‘rsatayotganini bildirgan edi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shuningdek, Zelenskiy harbiy asirlar almashinuvi kabi gumanitar masalalar ham muhokama qilinganini aytgan.
Seshanba kungi muzokaralar boshida AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner tafsilotlarni oshkor qilmagan holda, AQSh tomonlar o‘rtasidagi "farqlarni qisqartirganini" aytdi va "urushni tugatishiga umid qilinayotgan yechim" tomon siljishga umid bildirdi.
Kushner bundan oldin muzokaralar Rossiya va Ukrainaning "urushdan keyingi xavfsizlikka oid tashvishlari"ni muhokama qilishga qaratilganini aytgan edi.
Keyinroq Kopengagendagi matbuot anjumanida AQSh rasmiylarining muzokaralarga yondashuvi haqida so‘ralganida, Zelenskiy: "Men o‘zgarishlarni ko‘ryapman. Eshitayotganlarimdan juda mamnunman", dedi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Kushner va Trampning tinchlik bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff asosiy uchrashuv doirasida Ukraina, Yevropa va NATO rasmiylari bilan ham uchrashdi.
Shu paytgacha Yevropa yetakchilari tinchlik muzokaralaridan asosan chetda qoldirilgan edi, ammo ular qit’a xavfsizligiga oid qarorlar o‘zlarisiz qabul qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlar manzarasida muhokamalarda ishtirok etishni talab qilib kelmoqda.
AQSh buni qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinmoqda. Marko Rubio Parijga tashrifi chog‘ida yevropaliklar "ushbu muammoni uzoq muddatli hal qilishning bir qismi" ekanini tan oldi.
Biroq AQSh rasmiylaridan biriga ko‘ra, rossiyaliklarda yevropaliklarga nisbatan ishonchsizlik saqlanib qolmoqda.
YeI rasmiylari qo‘llab-quvvatlaydigan ayrim takliflar, jumladan tinchlik muzokaralari uchun shart sifatida so‘zsiz otashkesim talabi Moskva tomonidan muntazam ravishda rad etib kelinmoqda. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov seshanba kuni bunday tanaffus Kievga qayta guruhlanish imkonini berishini aytdi. "Biz bunga rozi bo‘lmaymiz", dedi u.
Mojaroni tugatish masalasida Moskva va Kievning pozitsiyalari hali ham bir-biridan ancha uzoq.
Ixtilofning asosiy nuqtalaridan biri Rossiya tomonidan katta qismi egallab olingan Ukrainaning sharqiy Donetsk viloyati bilan bog‘liq.
Moskva Ukraina qo‘lida qolgan Donetsk hududlaridan voz kechishni talab qilmoqda, Kiev esa mamlakat kelajak xavfsizligi uchun muhim deb hisoblaydigan ushbu hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish maqsadida front chizig‘ini muzlatishni istamoqda.
Hozircha tomonlar bu talablardan chekinmagan bo‘lsa-da, muzokaralar arafasida gapirgan AQSh rasmiysi bu ommaviy pozitsiya ekanini va Moskva ham, Kiev ham "xususiy tarzda bir oz moslashuvchanlik" ko‘rsatganini ta’kidladi.
Biroq u yangi "xavfsizlik arxitekturasi" haqidagi muhokamalarsiz bu masala hal bo‘lmasligini tan oldi.
"Ular urushdan keyingi xavfsizlik arxitekturasi qanday bo‘lishini bilmaguncha, Donetsk masalasini va hududiy masalani hal qila olmaydi", dedi rasmiy. "Shuni unutmaslik kerakki, bu ikki masala bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va ularni alohida hal qilib bo‘lmaydi".
Ukraina uchun urushdan keyingi "xavfsizlik arxitekturasi" ittifoqchilar yana hujum bo‘lgan taqdirda yordamga kelishini kafolatlashni o‘z ichiga olishi mumkin. Rossiya uchun esa bu NATOning Sharqiy Yevropadagi mavqeini qisqartirish bo‘yicha ko‘p yillik maqsadini anglatishi mumkin, bu esa yevropaliklar uchun tashvishli holat hisoblanadi.
Taklif etilayotgan asos xavfsizlik bo‘yicha maslahatlashuvlar, inqiroz davridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa liniyalari, shuningdek ikki tomon o‘rtasidagi "o‘zaro keskinlikni pasaytirish choralari"ni o‘z ichiga oladi.
Rasmiylar, shuningdek, 2022 yildan buyon deyarli faoliyati to‘xtab qolgan NATO–Rossiya kengashi faoliyatini qayta tiklash ehtimolini ham tilga oldi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Jenevada fevral oyida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralarning so‘nggi raundi hech qanday siljishsiz yakunlangan edi. Shundan ko‘p o‘tmay AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi Vashingtonning e’tiborini Ukrainadan chalg‘itdi va o‘shandan buyon boshqa muzokaralar o‘tkazilmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentlik muddatining ikkinchi davri boshidanoq Ukrainadagi mojaroni tugatish uchun bir necha raund muzokaralarga boshchilik qildi. U bir vaqtlar Ukrainadagi urushni bir kunda tugatishi mumkinligini aytgan edi, ammo hozircha bu harakatlar katta natija bermadi.
Shu bilan birga, uning Moskvaga nisbatan tobora murosaga moyil yondashuvi Kievda va Yevropa Ittifoqi bo‘ylab jiddiy xavotirlarni kuchaytirdi.
Kreml vakili Kirill Dmitriev bilan o‘tgan hafta Vashingtonda uchrashgandan so‘ng, Tramp Ukraina bo‘yicha yaqinlashib kelayotgan "katta, ajoyib kelishuv"ni maqtadi va bu jarayonga "butun Yevropa ham jalb qilinishi mumkin"ligini aytdi.
Ukrainada ko‘pchilik bu adolatli tinchlikka olib kelishiga shubha bilan qaramoqda.
Ukraina parlamenti deputati, tashqi ishlar qo‘mitasi rahbari Aleksandr Merejko BBC'ga Tramp "Ukraina hisobidan tezkor kelishuv"ga erishmoqchi deb hisoblashini aytdi. Uning fikricha, bunday kelishuvni Kiev albatta rad etadi.
Putinni haqiqiy muzokaralarga majbur qilishning yagona yo‘li sanksiyalar va uzoq masofali zarbalar orqali Rossiyaga bosimni kuchaytirishdir.
Merejkoning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni haqiqiy muzokaralarga majbur qilishning yagona yo‘li sanksiyalar va uzoq masofali zarbalar orqali Rossiyaga bosimni kuchaytirishdir.
"Putinning harbiy mashinasi to‘liq ishlab turgan ekan, uning muzokara qilish uchun hech qanday sababi yo‘q".
U shuningdek Trampning Rossiyadan dizel sotib olish bo‘yicha kelishuvi kabi so‘nggi qadamlarini ham tilga olib, bu "faqat Moskvani urushni davom ettirishga rag‘batlantiradi", dedi.
Moskva delegatsiyasi tarkibida Kreml maslahatchisi Vladimir Medinskiy, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosarlari Sergey Ryabkov va Mixail Galuzin, razvedka xizmati rahbari Igor Kostyukov hamda armiya generali Yuriy Jigarlovskiy bor.
Kiev esa avvalgi muzokara guruhlarida ishtirok etgan bir qator yuqori martabali amaldorlarni yuborgan. Ular orasida Tashqi razvedka xizmati rahbari Rustem Umerov, Vladimir Zelenskiy administratsiyasi rahbari Kirilo Budanov va deputat David Araxamiya bor.
Muzokaralarga qaramay, Rossiya Ukrainaga qarshi halokatli bombardimonlar va energetika infratuzilmasiga zarbalarni davom ettirmoqda. Kievda bu Moskva Ukrainani Rossiya shartlari asosidagi kelishuvni qabul qilishga majbur qilmoqchi ekanining isboti sifatida qabul qilinmoqda.
Dushanba kuni Kushner ehtiyotkorlik bilan Abu-Dabidagi muzokaralar eng ko‘pi bilan "muzokaralarning keyingi bosqichiga turtki berishi mumkinligi"ni ta’kidladi.
"Bu favqulodda qiyin va murakkab mojaro", deb yozdi u X tarmog‘ida va AQSh "ushbu muhokamalarga qat’iyat va realizm bilan yondashayotganini" qo‘shimcha qildi.






























