Ukraina tinchlik istaydimi – Putin talablarini kuchaytirdi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.
Surat tagso‘zi, Stiv Rozenberg: "Rossiya erishishga intilayotgan narsa – ehtimol, Sovuq urushdan keyin Yevropa xavfsizlik tizimlaridagi eng katta o‘zgarishdir."
    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, BBC’ning Rossiya bo‘yicha muharriri. Moskva
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Putin AQSh vakillari bilan muzokaralarda murosasiz ko‘rindi.

O‘ziga ishonchi baland ohangda ham gapirdi.

Kreml talabi

Putin Ukrainaga "abadiy tinchlik" tilashini aytdi.

Ammo bundan besh yil avval qo‘shnisiga bostirib kirishni buyurgan ham xuddi shu Rossiya prezidentining o‘zi bo‘ladi.

U keng qamrovli sulh – otashkesim g‘oyasini ham rad etib keladi.

Xo‘sh, Moskva nazarida tinchlik uchun zarur shart nima?

AQSh vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokaralardan so‘ng Kreml bunga aniqlik kiritdi.

"Mustahkam xavfsizlik va tinchlikning uzoq muddatli arxitekturasini yaratish"dan so‘zdan ochdi.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Kreml talqinida aytganda, Moskva bu bilan Yevropa xavfsizligini Rossiya foydasiga qilib o‘zgartirishni istaydi.

Rossiya erishishga intilayotgan narsa – ehtimol, Sovuq urushdan keyin Yevropa xavfsizlik tizimlaridagi eng katta o‘zgarishdir.

Kreml 2021 yilning dekabr oyida ilgari surgan va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan taklifini kun tartibiga qaytardi.

Bu taklif AQSh va NATO bilan tuzilishi ko‘zda tutilgan "shartnoma loyihalari"dir.

Ushbu loyihalar faqat alyansning sharqqa tomon kengayishini to‘xtatish – (buning uchun, masalan, Moskvaga Ukraina va Gruziyaning hech qachon NATOga qabul qilinmasligi borasida qat’iy kafolatlar berish)nigina ko‘zda tutmaydi.

Ularda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin NATOga a’zo bo‘lgan Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlaridan ittifoq harbiy infratuzilmasini olib chiqib ketish ham talab etiladi.

G‘arb yetakchilari bunday talablarni Rossiyaning qabul qilib bo‘lmaydigan ultimatumi sifatida rad etishgan.

Bundan ikki oy o‘tgach esa Moskva Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni boshlagan.

Shundan so‘ng, "kelishuv loyihalari" chetga surib qo‘yilgan edi.

Biroq endi ular geosiyosiy arxivdan qayta olib chiqildi va Kreml yana ularga murojaat qilmoqda.

Putinning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov esa yana bir gap bilan chiqdi.

U G‘arbning "Rossiyaga strategik mag‘lubiyat yetkazish"ga qaratilgan sa’y-harakatlari manzarasida Moskva o‘z talablari ro‘yxatiga "ayrim yangi jihatlarni qo‘shish" niyatida ekanligini bildirdi.

Albatta, bu G‘arb hukumatlari ularni qabul qiladi degani emas.

Moskvaning "g‘alabasi"mi?

Kaya Kallas.
WPA Pool/Getty Images
Eng avvalo öt oçişni töxtatiş va tinçlik bitimiga erişilişi lozim. Şundan keyingina Yevropaning kengroq xavfsizlik arxitekturasi böyiça muhokamalar olib boriş mumkin böladi.
Kaya Kallas
Yevropa Ittifoqining boş diplomati (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Ammo hozirda Yevropa xavfsizligi masalasining Ukraina bo‘yicha muzokaralardan o‘rin olayotgani bu yerda Moskvaning g‘alabasi sifatida baholanmoqda.

"2021 yil dekabr oyida Rossiya NATOga Yevropadagi xavfsizlik tizimini qayta ko‘rib chiqishni faol ravishda taklif qilgan edi", — deb yozdi "Komsomolskaya pravda" gazetasi shu hafta boshida.

"Takliflarimiz ustidan salkam kulishdi.

G‘arbni xavfsizlik masalalari xususida fikr yuritishga majbur qilish orqali birinchi g‘alabaga erishgan diplomatlarimiz endi ikkinchi g‘alabani ham qo‘lga kiritishlari — ya’ni G‘arbning Rossiyaning NATO kengayishiga oid xavotirlariga quloq solishini ta’minlashlari lozim", - deb yozdi nashr.

Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Kaya Kallas Rossiyaning Yevropa xavfsizlik arxitekturasini qayta yaratish borasidagi talablarini "otashkesim masalasidan e’tiborni chalg‘itish"ga qaratilgan "qopqon", deb atadi.

"Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda izchillik muhim", — deb yozdi Kallas ijtimoiy tarmoqlarda.

"Eng avvalo o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik bitimiga erishilishi lozim. Shundan keyingina Yevropaning kengroq xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha muhokamalar olib borish mumkin bo‘ladi."

Ammo Yevropaning muammosi shundaki, u ayni damda muzokaralarda ishtirok etayotgani yo‘q.

Moskva Yevropaga o‘rin berishni istamaydi.

U Yevropa yetakchilarini Kievga ko‘rsatayotgan harbiy yordami va Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyasi uchun keskin tanqid qiladi.

Shu hafta Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralarida ham Ukraina, Rossiya va AQSh ishtirok etdi.

Moskvadagi muzokaralaridan so‘ng Uitkoff Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichiga Yevropa vakillarini jalb qilish g‘oyasiga rozi bo‘lganini bildirdi.

Ammo juma kuni Kreml Yevropaning ishtiroki borasida yakuniy qaror hali qabul qilinmaganiga ishora qildi.

"Ularning asl niyatlari va tinchlik jarayoniga hissa qo‘shishga qanchalik tayyorliklarini bilganimizdan so‘ng, Ukraina bo‘yicha muloqotni kengroq formatda olib borish masalasida qaror qabul qilish mumkin bo‘ladi", — dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Xo‘sh, Putin-chi?

Uitkoff va Kushner bilan bo‘lgan muzokaralarda Putin murosasiz va o‘ziga ishonchi komil ohangda gapirdi.

Buning sababini tushunish qiyin emas.

Amerikaliklar Putinning eshigini taqillatib, kelishuv taklif qilishmoqda.

Yevropaliklar esa u bilan aloqalar o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishyapti.

O‘tgan oy Norvegiya va Finlyandiya rahbarlari Putin bilan bog‘lanib, qo‘ng‘iroq qilishdi.

Kelasi hafta Xitoyning Shenchjen shahrida, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti doirasida, Putin Donald Tramp va Si Szinpin bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishi mumkin.

Rossiya ommaviy axborot vositalari ularni allaqachon "Katta uchlik" — Stalin, Ruzvelt va Cherchill bilan taqqoslamoqda.

Bu uchovlon 1945 yilda Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropani qayta tashkil etish uchun uchrashishgan.

Shunga qaramay, deyarli besh yillik urushdan so‘ng Rossiya jang maydonida ulkan yo‘qotishlarga uchradi.

Rossiya iqtisodiga bosim ham ortib bormoqda.

Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari tinmayotir.

Bu esa yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

Biroq shu paytgacha bularning hech biri Kreml rahbarini janglarni to‘xtatishga unday olmagan.