Yangi Energetika vaziri, metan-shoxobchalaridagi yangi ehtimoliy cheklovlar

Sherzod Xo‘jaev shu yilning iyulida Energetika vaziri etib tayinlandi. U uch yil avval sohadagi inqiroz tufayli vazir o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgandi.
Surat tagso‘zi, Sherzod Xo‘jaev shu yilning iyulida Energetika vaziri etib tayinlandi. U uch yil avval sohadagi inqiroz tufayli vazir o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgandi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Energetika vazirligi metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov kiritilishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Bunga O‘zbekistonda kelasi hafta boshidan havo harorati pasayishi kutilayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

"Gaz ta’minotida xonadonlar, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy ob’ektlarga ustuvorlik beriladi.Zarurat tug‘ilsa, mavsumiy iste’molchilar, jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin.Cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan, tasdiqlangan grafiklar asosida joriy etiladi. Iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi", – deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

O‘zbekistonda qish kelishi bilan gaz ta’minotida cheklovlar joriy etilishi, ayniqsa, metan shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi yoki ish vaqti qisqartirilishi so‘nggi yillarda takrorlanib kelayotgan holat.

Energetika vazirligining bunday bayonotlari ham deyarli bir xil mazmunda bo‘ladi: havo sovishi bilan gazga talab ortadi, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy muassasalar ta’minlanadi, metan shoxobchalariga esa cheklov kiritilishi mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

O‘zbekiston hukumati qishda gaz iste’molining tabiiy ravishda ortishi va gaz ta’minoti tizimining har yili shu talabni qondirishda qiyinchilikka duch kelishiga yechim topa olmayotgan ko‘rinadi.

2026 yil 27 iyulda O‘zbekistonda yangi energetika vaziri tayinlandi. Sherzod Xo‘jaev 2023 yil 16 yanvarda O‘zbekistonda qattiq sovuq va energetika ta’minotidagi inqiroz fonida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan energetika vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingadi.

Bloger Dima Qayumning aytishicha, gazning aholiga berilishi sabab shoxobchalarga cheklov kiritilishi asossiz izoh, "chunki aholining katta foizi gazdan uzilganiga yillar bo‘ldi".
Surat tagso‘zi, Bloger Dima Qayumning aytishicha, gazning aholiga berilishi sabab shoxobchalarga cheklov kiritilishi asossiz izoh, "chunki aholining katta foizi gazdan uzilganiga yillar bo‘ldi".

Bir oy o‘tib, 2023 yil fevralda u yana Energetika vazirligi tizimiga qaytgan va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha loyiha ofisi direktori etib tayinlangandi.

Uning bu yozda vazir etib tayinlanishidan keyin, u 6 avgust kuni prezidentga taqdim etilgan rejalarda kuz-qish mavsumida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilanganini aytdi.

Xususan, gaz bosimi pasayishi va ta’minotdagi uzilishlar sabablarini bartaraf etish, muammoli gaz tarmoqlari va uskunalarni modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish, har bir hududning energiya iste’moli balansini tuzish, qishki mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish rejalangani aytildi.

11 avgustdagi prezident yig‘ilishida esa mavsumiy talabni oldindan hisoblash, yetarli zaxiralar yaratish va gaz ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik vazifalari qo‘yilgandi.

Energetika vaziri lavozimida to‘rt yil ishlashi ortidan bo‘shatilgan Jo‘rabek Mirzamahmudovning hibsga olingani haqidagi xabarlarni hukumat na tasdiqladi yo na rad etdi.
Surat tagso‘zi, Energetika vaziri lavozimida to‘rt yil ishlashi ortidan bo‘shatilgan Jo‘rabek Mirzamahmudovning hibsga olingani haqidagi xabarlarni hukumat na tasdiqladi yo na rad etdi.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Sherzod Xo‘jaevning shaxsan «bu qishda metan shoxobchalari yopilmaydi» yoki «gaz cheklovlari bo‘lmaydi» deb aniq va’da bergan bo‘lmasa-da, tabiiy savol tug‘iladi:

Yangi energetika vazirligi rahbariyati avgust oyida qishki mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, gaz ta’minotini barqarorlashtirish va uzilishlarni kamaytirish rejalarini taqdim etgan bo‘lsa, nega noyabrь oyining boshidayoq metan shoxobchalariga cheklov kiritish ehtimoli haqida ogohlantirilmoqda?

O‘zbekistonda 2022 yilgi so‘nggi ochiq umummilliy rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobillarning 65 foizi metan gazida harakatlangan. Demak, metan shoxobchalariga cheklovlar mamlakatdagi millionlab haydovchilarga ta’sir qilishi mumkin.

Energetika vazirining bu e’loni allaqachon o‘zbekistonliklarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Bloger Dima Qayum o‘z Feysbuk sahifasida, xususan, shunday deydi:

"5 kun ishlamay 1 kun xavo ilisa ochish bu yana yuzlab mashinalar shahar ichida turnaqator turishi, kimlardir uni video olib internetga joylashi, xorij saytlari vaziyatni tanqidiy ko‘rsatishi.. Shu kerakmi?! Qaytaraman! To‘g‘risini aytish, nisbatan arzonroq benzin bilan bozorni to‘ldirish shart! Aholiga berish sabab cheklov degan fikr.... tagi yo‘q, yoki.. Chunki aholini katta foizi gazdan uzilganniga yillar bo‘ldi.. Har yili shu bo‘lar takror.. Aytmoqchi: yuzlab moshinalar turnaqator turganida yong‘inmi, yo baloni portlab ketsa yana tomoshani katta bo‘ladi..»

«2008 yildan beri tappi yoqib uy isitamiz. O‘ylab qarasa, rahbarlardan mollar ko‘p foyda beryapti gaz yo‘q yerda yashaydigan xalqqa», - deydi boshqa sharhlovchi.

Gaz qazib olish kamaygan

O‘zbekneftgaz» kompaniyasining bosh geologi Nodir Muhiddinov 27 oktyabrda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistondagi yirik gaz konlarining zaxiralari 80 foizdan ortiq ishlatib bo‘lingani, yangi quduqlardan olinayotgan gaz esa qazib chiqarishdagi pasayishni qoplashga yetmayotganini aytgandi.

O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarishning qisqarishi so‘nggi yillarda kuzatilayotgan umumiy tendentsiyaning davomidir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda barcha korxonalar tomonidan qazib olingan gaz hajmi 2021 yildagi 53,8 milliard kub metrdan 2023 yilda 46,7 milliardga, 2024 yilda esa 41,3 milliard kub metrga tushgan.

2025 yilda biroz o‘sish kuzatilib, umumiy hajm 42,3 milliard kub metrni tashkil etgan.

Biroq bu yilgi natijalar yana pasayishdan darak bermoqda. 2026 yilning yanvarь-sentyabrь oylarida O‘zbekistonda jami 27 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 32,3 milliard kub metrga nisbatan 5,3 milliard kub metr yoki 16,4 foiz kamdir.