O‘zbekiston Senati matbuot erkinligi muammolarini hal qilishga bel bog‘ladimi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Senat Kengashi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining O‘zbekistondagi matbuot erkinligiga oid tanqidlarida ko‘tarilgan ayrim muammolarni e’tirof etib, ularni bartaraf qilish choralarini belgiladi. Biroq matbuot erkinligi reytingini yaxshilash uchun tuzilgan ishchi guruh tarkibi ayrim jurnalistik nashrlarda savollar uyg‘otdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashi mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq qator muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi va ularni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi. Biroq Senat "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkilotining mamlakatga bergan bahosida so‘nggi yillardagi islohotlar yetarlicha hisobga olinmaganini ham ta’kidladi. Jurnalistlarga nisbatan bosim va tazyiq holatlarini o‘rganadigan ishchi guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning kiritilishi esa ayrim mahalliy nashrlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Senat muammolarni tan oldi, ammo xalqaro reytingga e’tiroz ham bildirdi
Senat Kengashining 2026 yil 15 oktyabrdagi qarorida O‘zbekiston "Chegara bilmas muxbirlar" (Reporters Without Borders — RSF) tashkilotining 2026 yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat orasida 147-o‘rinni egallagani qayd etilgan.
Qarorda mamlakatning matbuot erkinligi bo‘yicha ko‘rsatkichi 2019–2022 yillarda 36 pog‘onaga yaxshilanib, 169-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilgani, biroq 2024 yildan boshlab 14 pog‘ona pasayib, yana "o‘ta jiddiy" vaziyatli davlatlar qatoriga qaytgani aytilgan.
Senat mamlakatdagi media muhitiga oid bir qator muammolarni ham sanab o‘tgan.
Senat Kengashi qarorida "Chegara bilmas muxbirlar" hisobotida O‘zbekistonda mustaqil xususiy telekanallar yetarli darajada shakllanmagani, OAV ustidan davlat nazorati yuqoriligi va jurnalistlar faoliyatini cheklovchi qonunchilikni isloh qilish borasidagi ishlar yetarli emasligi kabi muammolar qayd etilgani e’tirof etilgan.
Shuningdek, ayrim mansabdor shaxslar jurnalistlarga iqtisodiy bosim o‘tkazishga va ularning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga urinayotgani, davlat OAVlarida korruptsiya bilan bog‘liq holatlar cheklangan darajada yoritilayotgani ham keltirilgan.
Bu jihatdan Senat qarori matbuot erkinligi sohasida muammolar mavjudligini rasmiy hujjat darajasida qayd etishi bilan ahamiyatli ekanligi aytiladi.
Ayni paytda Senat "Chegara bilmas muxbirlar" hisobotiga to‘liq qo‘shilmasligini ham bildirgan. Qarorda so‘nggi yillarda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar va axborot sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro tashkilot hisobotida yetarlicha inobatga olinmagani aytilgan.
Senat, shuningdek, 2026 yilgi hisobotdagi faktik xatolar yuzasidan RSFga dalillarga asoslangan yozma murojaat yuborishni rejalashtirgan. 2027 yilda tashkilot va boshqa xalqaro media tuzilmalari vakillarini O‘zbekistonga taklif qilish, ularning mustaqil jurnalistlar bilan erkin uchrashuvlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Jurnalistlarga bosim holatlarini IIV matbuot kotibi ham o‘rganadi

Surat manbasi, Screenshot
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Senat qarori bilan matbuot erkinligi indeksidagi O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Uning vazifalari qatorida jurnalistlar, blogerlar va tahririyatlar bilan muloqot qilish, ularning axborot olishdagi to‘siqlari, kasbiy faoliyatiga aralashish, iqtisodiy bosim va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarini o‘rganish belgilangan.
Guruh, shuningdek, jurnalistlarga nisbatan tahdid, tazyiq, zo‘ravonlik va kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha davlat idoralari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yishi, bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalarini tahlil qilishi kerak.
Ishchi guruh tarkibiga IIV vazirining maslahatchisi, vazirlik Axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ham kiritilgan.
Bu qaror ayrim mahalliy nashrlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Rost24 Telegram kanali G‘iyosovning tayinlanishini "Jurnalistlarni yomon ko‘radigan Sh. G‘iyosov jurnalistlarga bo‘layotgan bosimni o‘rganadi" sarlavhasi bilan yoritdi.
Nashr uning avval jurnalistlarning sud jarayonlarini yoritishiga nisbatan bildirgan tanqidiy munosabatini eslatdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Uzdiplomat Telegram kanali ham G‘iyosovning ishchi guruhga kiritilishiga e’tibor qaratdi. Nashr uning jurnalistlarga "Toshingni ter" kitobini o‘qishni tavsiya qilgani, shuningdek, bloger Sirojiddin Odilovning sud jarayonini yoritgan jurnalist va blogerlarning chiqishlarini sudga bosim sifatida baholaganini eslatdi.

Surat manbasi, Screenshot
Uzdiplomat G‘iyosovning avvalgi bayonotlari bilan yangi vazifasi o‘rtasidagi ziddiyatga e’tibor qaratib, agar jurnalist IIV xodimining bosimidan shikoyat qilsa, uning murojaatini ko‘rib chiqishda vazirlik vakilining qanday ishtirok etishi haqida savol qo‘ydi.
"Endi G‘iyosov a’zo bo‘lgan guruh jurnalistlarga tahdid va tazyiq haqidagi murojaatlar qanday ko‘rib chiqilganini tahlil qiladi. Agar jurnalist IIV xodimining bosimidan shikoyat qilsa, uning murojaati bo‘yicha xulosa tayyorlashda vazirlik vakili qanday qatnashadi?", deb yozadi nashr.
Nashr, shuningdek, 2025 yil dekabrida G‘iyosov "Taftish" nashri muxbiri bilan suhbati audiosini o‘zi tarqatganini aytgani haqida yozdi. G‘iyosov buni suhbatdan ayrim gaplar uzib olinishining oldini olish istagi bilan izohlagan. U jurnalistga tavsiya qilgan "Toshingni ter" kitobining muallifi o‘zi ekanini ham bildirgan.
BBC ikkinchi tomonning ham munosabatini bildirishga ochiq.































