To‘qaev til haqida nima dedi: "ig‘vogarlar"ga ogohlantirish va arabcha so‘zlarga e’tiroz

Qozog‘iston prezidenti To‘qaev
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev til masalasidan foydalanib, jamiyatni bo‘lish va nizo qo‘zg‘atishga urinayotgan "ig‘vogarlar" jazolanishi kerakligini aytdi. Bu haqda u 10 noyabr kuni Ostonada "Qazaq tіlі" xalqaro jamiyatining X qurultoyida gapirdi.

"Jamiyatni bo‘lish va nizo qo‘zg‘atish maqsadida til masalasidan foydalanayotgan ig‘vogarlarning harakatlari o‘ta xavfli. Shuning uchun bunday odamlarni 'qonun va tartib' tamoyili asosida javobgarlikka tortish kerak", deydi To‘qaev.

U qozoq tilining rivojlanishi Qozog‘istondagi boshqa tillar rivojiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini aytdi.

"Qozoq tilini boshqa tillarga qarshi qo‘yishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", dedi To‘qaev.

Prezident davlat tilini birlik va totuvlik tili sifatida rivojlantirish kerakligini ta’kidladi.

"Xalqimizning bo‘linishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Totuvlikni saqlay olmagan xalq boshqalarga o‘rnak bo‘la olmaydi, ularning hurmatini ham qozonmaydi. 'Birlik bor joyda farovonlik bor'. Bu xalq hikmati vaqt sinovidan o‘tgan. Bir-birimizni hurmat qilishimiz, o‘zaro hamjihatlikni saqlashimiz va birligimizni izchil mustahkamlab borishimiz kerak", dedi u.

"Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biror tilga qarshi chiqish - Yaratganning insoniyatga ato etgan ne’matiga qarshi chiqish demakdir. Bir tilni boshqasiga qarshi qo‘yish mumkin emas. Bu xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy xato".

"Davlat tilida xizmat so‘rash qachondan ig‘vogarlik bo‘lib qoldi?"

O‘qituvchi qozoq tilidan dars bermoqda

Feysbukdagi taniqli faol Ayako‘z Nur prezidentning "til ig‘vogarlari" haqidagi gaplarini qozoq tili himoyachilariga qaratilgan deb baholab, uni tanqid qildi.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Qozoq tilining davlat tili sifatidagi maqomiga hurmat talab qilish, uning qonuniy huquqlarini himoya qilish va davlat idoralaridan qozoq tilida xizmat ko‘rsatishni so‘rash qachondan ig‘vogarlik bo‘lib qoldi? Davlat tilidan foydalanishni talab qilish boshqa birovning tiliga qarshi chiqish degani emas. Bu - Konstitutsiyada belgilangan me’yorga rioya qilishni talab qilishdir", deb yozdi Nur.

"Agar hukumat til masalasida bahs bo‘lishini istamasa, qozoq tilining davlat tili sifatida amalda to‘liq qo‘llanishini ta’minlash uchun o‘zi qanday mas’uliyatni zimmasiga olgan? Davlat tili haqidagi qonunga rioya qilishni talab qilayotganlarni emas, uni buzayotganlarni javobgarlikka tortish kerak emasmi?

Hech bir tilni kamsitish yaxshi emas. Ammo davlat tilini himoya qilmoqchi bo‘lganlarni ig‘vogarlarga tenglashtirish ham noto‘g‘ri. Qozoq tilini himoya qilish birovga qarshi chiqish degani emas. Qozoq tilini himoya qilish - Qozog‘istonning milliy manfaatlarini himoya qilishdir!" deya qo‘shimcha qildi u.

Qozog‘iston - ko‘p tilli mamlakat. Qozoq tili davlat tili hisoblanadi. Rus tili esa davlat idoralari va mahalliy boshqaruv organlarida rasman qo‘llanadi.

Qozoq tili faollari davlat xizmatlari, biznes va davlat muassasalarida qozoq tilidan kengroq foydalanishni talab qilib keladi. Ularga ko‘ra, tilning Konstitutsiyada belgilangan maqomi amalda hamisha ham ta’minlanmaydi.

"Qozoq tilining kelajagidan xavotirlanishga asos yo‘q"

To‘qaev shu nutqida qozoq tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlashga ham chaqirdi. U qozoq tilining kelajagiga shubha bilan qarashni to‘xtatish kerakligini aytdi.

"Agar o‘zimiz mamlakatimiz va tilimiz taqdiriga ishonchsizlik bilan qarasak, boshqalar bizga qanday ishonadi? Bunday gaplarni to‘xtatish vaqti keldi", dedi prezident.

Uning aytishicha, qozoq tilidan ta’lim, madaniyat va texnologiya sohalarida foydalanish kengaymoqda.

To‘qaev keltirgan raqamlarga ko‘ra, bu yil o‘quvchilarning 71 foizi qozoq tilida o‘qitiladigan sinflarga qabul qilingan. O‘tgan yili nashr etilgan olti mingdan ortiq kitobning 70 foizi, bu yil mamlakatda suratga olingan 71 filmning 63 tasi qozoq tilida chiqarilgan.

Ayni paytda, prezident qozoq tilida darslik va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlashda ko‘p xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi.

U muhandislik, tibbiyot, huquq, iqtisodiyot va boshqa sohalarni qozoq tilida o‘rganish uchun qulay sharoit yaratish zarurligini aytdi.

"Shundagina qozoq tili ilm-fan va ishlab chiqarish tiliga aylanadi", dedi To‘qaev.

Prezident qozoq tilidagi kitoblar va arxiv materiallarini raqamlashtirish, internetda sifatli qozoqcha kontentni, jumladan, bolalar nutqini rivojlantiruvchi o‘yin va filmlarni ko‘paytirishga ham chaqirdi.

"Sun’iy" so‘zlar va arabcha diniy so‘zlar

To‘qaev qozoq tilida ayrim so‘z va atamalarning turlicha qo‘llanayotganini tanqid qilib, imlo qoidalari va lug‘atlarni yangilash zarurligini aytdi.

U avval kam ishlatilgan ko‘plab qozoqcha so‘zlar keng muomalaga kirganini ijobiy baholadi. Biroq ayrim muqobillarni "sun’iy" deb atab, ularning paydo bo‘lishini shubha ostiga qo‘ydi.

Prezident misol sifatida pianino uchun "kүysandыq", balkon uchun "qыltima", gazeta uchun "үnqag‘az" va lift uchun "jedelsatы" kabi so‘zlarni keltirdi.

"Har narsada me’yorni bilish kerak", dedi u.

To‘qaev dinga oid so‘zlarning qo‘llanishiga ham to‘xtaldi.

"So‘nggi paytlarda dinga oid qadimiy so‘zlarimiz o‘rniga arabcha so‘zlarni ishlatish urf bo‘ldi. Bu ham savollar tug‘diradi", dedi prezident.

To‘qaev til me’yorlarini tartibga solish uchun tilshunoslar, olimlar, ekspertlar va jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzishni zarur deb hisoblashini bildirdi. Uning faoliyatini muvofiqlashtirish Prezident ma’muriyatiga yuklanishini aytdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Qozog‘istonda rus tilining maqomi qanday?

Putin va To‘qaev

To‘qaev 2026 yil sentyabrda Ostonada o‘tgan Jahon dinlari yetakchilarining VIII s’ezdida ham davlat xizmati va jamoat joylarida tillardan foydalanishni cheklashga urinishlardan ogohlantirgandi.

"Millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash, mamlakatdagi barcha xalqlarni hurmat qilish muhim. Bu siyosatga putur yetkazish yoki davlat xizmati va jamoat joylarida tillardan foydalanishni cheklashga qaratilgan har qanday urinishga chek qo‘yiladi va qonun asosida baho beriladi", degan u o‘shanda.

Qozog‘istonda qariyb uch million etnik rus yashaydi. Bu mamlakat aholisining taxminan 15 foizini tashkil etadi. Ularning aksariyati Rossiya bilan chegaradosh shimoliy hududlarda istiqomat qiladi.

Mart oyida Qozog‘iston saylovchilari umumxalq referendumida mamlakatning yangi Konstitutsiyasini ma’qulladi. Yanvarь boshida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan dastlabki loyihada rus tili davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qozoq tili bilan "teng ravishda" rasman qo‘llanishi belgilangandi.

Rus tili haqidagi bu band jamoatchilik, ayniqsa, qozoq tili faollari va jamoat arboblari orasida keskin bahslarga sabab bo‘ldi.

12 fevralda e’lon qilingan yangi tahrirda "teng ravishda" iborasi "bilan bir qatorda" degan ifodaga almashtirildi. Rus tilining rasman qo‘llanishi haqidagi qoida esa 15 martdagi referendumda qabul qilingan Konstitutsiyada saqlab qolindi.