Zulmat va sovuqda qolayotgan Ukraina: Rossiya zarbalari ortidan elektr ta’minoti izdan chiqmoqda

Surat manbasi, Daniel Wittenberg
- Author, Den Jonson
- Reporting from, Kiev
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Darina Kulchitskayaning zimmasida tashvish ko‘p. U Kievdagi ko‘p qavatli uyning yettinchi qavatida yashaydi, ikki farzandini yolg‘iz o‘zi katta qilyapti. Ikki sho‘x bolasini ovqatlantirishi, uy vazifalarini bajarishlariga qarashi kerak. Buning ustiga, hamma ishni elektr o‘chgunicha bitirishga ulgurishi lozim. Lekin elektr qachon o‘chishini aniq bilmaydi.
Bilgani shuki, tez orada chiroqlar o‘chadi, rozetkalarda tok bo‘lmaydi, vayfay uziladi, jo‘mraklardan suv kelmay qoladi. Bugun kechqurun elektr belgilangan vaqtdan bir soat ko‘proq berildi. Shunga qaramay, Darina kechki ovqatni tayyorlab, uydan turib qilayotgan ishini ham tugatishga shoshilyapti.
"Oxirgi bir necha kunda kuniga atigi to‘rt-besh soat elektr bo‘ldi. U ham har kuni har xil vaqtda. Ikki soat elektr bo‘lsa, keyin sakkiz soat bo‘lmaydi".
Tinchlik muzokaralari davom etmoqda. Payshanba kuni AQSh vakillari Rossiya va Ukraina rahbarlari bilan uchrashadi. Ayni paytda Rossiyaning Ukraina elektr tarmog‘iga hujumlari kuchaygani sababli mamlakatda elektr jadval asosida navbatma-navbat o‘chirilmoqda. Ukraina bunga javoban Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarba bermoqda.
Rasmiylar elektrni kuniga kamida to‘rt soat yetkazib berish ta’minlanmasa, millionlab ukrainaliklar uchun yashash sharoiti tez orada o‘ta og‘irlashishidan xavotirda. Ayrim rasmiylar norasmiy suhbatlarda vaziyat hozirning o‘zida shunga yaqinligini aytmoqda. Kievda ba’zi oilalar sutkasiga 20 soatgacha elektrsiz qolyapti.
Bu yil elektrni jadval asosida o‘chirish o‘tgan qishdagiga qaraganda ertaroq boshlandi. Uzilishlar ham o‘tgan qishdagidan uzoqroq davom etyapti. Shu bois Darinaniki kabi xonadonlar yanada qorong‘i va sovuq bo‘lib qolmoqda. U qavat-qavat kiyinib, ustidan qalin palto ham kiyib olgan. Tashqarida ham, uy ichida ham harorat pasaymoqda.
Kechki soat yetti yarimga oz qolganda, "chiq" etgan ovoz eshitiladi. Shu bilan tonggacha chiroq yo‘q.
Lift ishlamaydi. Suv ham tez orada to‘xtaydi: uni xonadonga chiqarib beradigan nasosga elektr kerak. Fonarlar va batareykali shamlarni olishadi. Darina, o‘g‘li Kirill va qizi Olena erta yotishdan oldin birga "Uno" karta o‘yinini o‘ynashadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
O‘n ikki yoshli Kirill AQShda yashagan ikki yilida ingliz tilini mukammal o‘rgangan. U elektr uzilishlari keltirib chiqargan qiyinchiliklar haqida ochiq gapiradi.
"Chiroq ham, suv ham, isitish ham, elektr ham yo‘q. Hech narsaning qizig‘i qolmadi. Elektr bilan birga hamma narsaning mazasi ketdi", deydi u.
"Bizda stol o‘yinlari ko‘p. Bir tokcha to‘la. Lekin ularni allaqachon yuz ming marta o‘ynab bo‘ldik".
Butun-butun mahallalarda elektr o‘chib, uylar va ko‘chalarni zulmat qoplamoqda. Ko‘plab oilalar qorong‘ida o‘tiribdi.
"Ba’zan tashqariga qarasangiz, hech narsa ko‘rinmaydi. Atrofingizda katta shahar bor, lekin chiroq yo‘qligidan hech narsani ko‘rmaysiz", deydi Darina.
Elektr uzilishlaridan eng ko‘p Kiev jabr ko‘rdi. Ba’zan metro poezdlari va trolleybuslar harakati ham butunlay to‘xtab qolgan. So‘nggi haftalarda mamlakat bo‘ylab yuz minglab ukrainaliklar elektrsiz qoldi.
Buning sababini Ukrainaning eng yirik elektr stantsiyalaridan biriga borganimizda ko‘rdik. Yaqindagi ballistik raketa zarbasidan keyin bu stantsiya deyarli vayron bo‘lgan. Bu Rossiyaning Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlari orasida eng kuchli va eng ko‘p vayronagarchilik keltirgan hujum bo‘lgan.

Surat manbasi, Matthew Goddard
Bu ulkan elektr stantsiyasidan qiyshayib ketgan metall bo‘laklari va singan quvurlar uyumi qolgan. Turbinalar vayronalar ostida qolib, stantsiya butunlay ishdan to‘xtagan. Xavfsizlik sababli uning nomini aytmasligimizni so‘rashdi.
Tungi soat uchda raketalar kelib urilganida, Volodimir Kovalenko boshqaruv xonasida navbatchilik qilib, stantsiya ishini nazorat qilayotgandi.
"Juda kuchli hujum bo‘ldi. Bunaqasini hech qachon ko‘rmagandik. Oldin ham zarbalar bo‘lgan. Tomning bir qismi qulab tushgan, ahvol ancha og‘ir edi. Lekin bu safargisi ayniqsa kuchli bo‘ldi".
Ha, qörqyapmiz, juda qörqyapmiz. Ammo elektrsiz bölsa ham, ruslarsiz [Rossiya qöşinlarisiz] yaşaganimiz ma’qul...
Ota-onasining kasbini davom ettirib, bu stantsiyada 25 yildan beri ishlayotgan Kovalenko vayronalarni ko‘rib yuragi ezilishini aytadi. Shunga qaramay, u stantsiyani ta’mirlash mumkinligiga ishonadi.
Ammo har 15–30 daqiqada berilayotgan havo hujumi ogohlantirishlari ishga xalaqit bermoqda. Biz u yerda bo‘lgan to‘rt soat ichida yetti marta ogohlantirish berildi. Har safar dron yoki raketa yaqinlashayotgani haqida xabar kelganda, ishchilar ishni to‘xtatib, panaga qochishadi. Biz u yerda bo‘lgan paytda yaqinlashgan dron va raketalarning barchasi yo urib tushirildi, yo boshqa nishonlar tomon uchib ketdi.
Stantsiyaning asosiy boshpanasiga yetib borishga vaqt bo‘lmasa, ishchilar baland mo‘rilarning poydevor qismiga yashirinishadi.
"Juda qiyin, deydi tiklash ishlariga rahbarlik qilayotgan Vadim Bobir. Bir ishni bajarishga o‘zingizni ruhan tayyorlaysiz. Shu payt… havo hujumi sirenasi yangraydi. Imkon qadar tezroq chiqib ketishingiz kerak".
U 39 yoshda, umrining yarmini shu yerda ishlab o‘tkazgan. Ulkan vayronalar orasida u kichkina ko‘rinadi. Stantsiyani qayta tiklash uchun qancha ish qilish kerakligini o‘ylab, yuragi orqaga tortadi.
"Ruhan og‘ir. Chunki bularning hammasini ta’mirlab, yana ishga tushirgandik. Endi yana shu ahvol. Alam qiladi, lekin ishni davom ettiryapmiz, asta-sekin bitiryapmiz".
Suhbatimiz paytida yana ogohlantirish beriladi: "Banderol" qanotli raketasi yaqinlashmoqda.
Ishchilar labirintga o‘xshagan yo‘laklar va quvurlar orasidan yugurib o‘tishadi. Ammo boshpanaga yetib borishga vaqt yo‘q. Stantsiyaning eng qalin devorlaridan biri ortiga panalashga to‘g‘ri keladi. Oxir-oqibat raketa besh kilometr narida urib tushirildi.
Energetika xodimlarining hayoti katta xavf ostida. Avgustdan beri energetika ob’ektlariga deyarli har kuni hujum qilinmoqda. Har hafta bir necha kishi halok bo‘lyapti. Ishlash esa tobora xavfli bo‘lib bormoqda.
Navbatdagi xavf o‘tgach, stantsiya hududining bir chetida ishchilar mamlakat elektr tarmog‘iga tok uzatadigan liniyalarni tiklashga qaytishadi. Ammo bu liniyalar vayron bo‘lgan stantsiyadan kamida shu qish tugagunicha elektr uzata olmaydi.
Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Ukrainada talabni qoplash uchun hali ham yetarlicha elektr ishlab chiqarish quvvati bor. Muammo elektrni xonadonlar va korxonalarga yetkazib berishda: ko‘plab elektr liniyalari va podstantsiyalar zarbaga uchragan. Rossiya elektr ustunlari va simlariga yopishib olib, kutib turadigan dronlardan foydalanmoqda. Ular Rossiya portlatishga qaror qilgunicha sezilmay qoladi.
Ukrainaning eng yirik xususiy energetika kompaniyasi — DTEK bosh direktori Maksim Timchenkoning aytishicha, Rossiya shikastlangan elektr tarmog‘iga hozirning o‘zida o‘tgan yildagidan ham kuchliroq bosim o‘tkazmoqda. Havo hujumidan mudofaa tizimlariga tushayotgan yuk shu qadar kattaki, ular mamlakatdagi barcha muhim infratuzilma ob’ektlarini himoya qila olmayapti.
"Farqi - hujumlar ko‘lamida va ularda ishlatilayotgan qurol turlarida. Hujumlarning kuchi ham, ko‘lami ham ikki baravar oshgan".
Uning aytishicha, shikastlangan elektr stantsiyasini tiklash kamida kelasi yozgacha cho‘ziladi. Chunki tinimsiz hujumlar tufayli ishchilar kuniga atigi bir-ikki soatgina ish bajarishga ulgurishmoqda.
"Biz butun mamlakatning ham, oddiy odamlarning ham omon qolishi uchun kurashyapmiz. Ayniqsa, qishda", deydi Timchenko.

Surat manbasi, Matthew Goddard
Kovalenko ham aholini elektr bilan ta’minlashni o‘z burchi deb biladi.
"Energiya - hamma narsaning asosi: odamlar hayotining ham, davlatning ham. Usiz hech narsa ishlamaydi. Butun umrimni shu ishga bag‘ishlaganman".
Ko‘plar oylab davom etadigan qahraton sovuqdan qochib, poytaxtdan yoki butunlay Ukrainadan ketishga qaror bermoqda. Darina, Kirill va Olena qish endigina boshlanganini bilishadi.
"Juda yomon his, deydi Kirill. Maktabdan charchab kelaman. Karavotimga yotaman. Birdan havo hujumi sirenasi! Keyin chiroq yo‘q! Yana bir dunyo uy vazifasi! Hammasi ketma-ket!"
Bolalar yotgach, Darina xavfsizroq yoki iliqroq joyga ko‘chish haqidagi o‘ylarini men bilan bo‘lishadi. U bir qarorga kelolmayapti: uyida, do‘stlari va qarindoshlariga yaqin joyda qolgisi keladi. Ayni paytda, bu yerda yashash chidab bo‘lmas darajada og‘irlashishidan xavotirda.
Bu tashvishlar ruhiy salomatligiga zarar yetkazayotganini aytadi. U vaziyatning Kirill va Olenaga ta’siridan ham qo‘rqadi. Olena qo‘rqinchli tushlar ko‘ryapti. Shunga qaramay, Darina elektrsiz qolsa ham, o‘z qaroridan qaytmoqchi emas.
"Chiroqsiz yashashni xohlamayman. Lekin Ukrainada odamlar: "Mayli, chiroqsiz bo‘lsak ham, ruslarsiz bo‘laylik", deyishadi. Ha, qo‘rqyapmiz, juda qo‘rqyapmiz. Ammo elektrsiz bo‘lsa ham, ruslarsiz yashaganimiz ma’qul".
Maqolani tayyorlashda Anastasiya Levchenko, Kamila Grabchuk va Deniel Vittenberg ham qatnashdi.
































